Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Istanbulning eng muhim tarixiy joylaridan biri Ayasofii masjidida ta'mirlash ishlari boshlanganini ma'lum qildi.
IQNA agentligi “Hurriyet Daily” nashriga tayanib xabar berishicha, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi mamlakatning eng yirik shahridagi eng muhim tarixiy maskanlardan biri bo'lgan Ayasofiya masjidini ta'mirlash ishlari boshlanganini bildirdi.
Vazirlik bayonotiga ko'ra, Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan boshlangan ta'mirlash loyihasi 1 500 yillik binoning “asrlar davomida qadimiyligini yo'qotgani” uchun amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar eramizdan avvalgi 6-asrga oid bu tarixiy bino ichi va tashqarisida katta zararni aniqladi.
50 yildan ortiq davom etishi mumkin bo'lgan yangilash va ta'mirlash ishlari ob'ektni to'liq yopib qo'ymasdan, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, dedi rasmiylar.
Dastlab, ibodatxona, keyinroq Usmonli imperator masjidi sifatida faoliyat yuritgan bu tarixiy bino 1935 yilda muzey sifatida qayta ochilgan va Usmonli hamda Vizantiya san'atining o'ziga xos xususiyatlarini namoyish etadi. 2020 yilda bu bino yana masjidga aylantirildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Fazilatli shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadilar:
"Hindistonlik ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh haqida eshitgansizlar. Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh hind ulamolari orasida nihoyatda mashhur olim bo‘lgan. U zot rohimahulloh qirq yoshga yetmasdan, ya’ni o‘ttiz to‘qqiz yarim yoshda vafot etgan, qirqqa kirib ulgurmagan. Shunga qaramay, u juda ulkan ilmiy meros qoldirgan: uning yozgan asarlari 115 dan ortiq! Ularning ichida kichik risolalar ham, katta kitoblar ham bor. Ammo o‘sha kichik risolalarning o‘zi ham katta bir kitobning o‘rnini bosa oladigan darajada edi, chunki ularning har birida ma’lum bir ilmiy masala nihoyatda puxta va mukammal tarzda yoritib berilgan.
Buning sababi quyidagicha: Bir kuni o‘sha paytdagi Laknav amiri shayxning ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, unga chuqur sho‘ng‘ib ketgani va aqlbovar qilmas iste’dodi haqida xabar topadi va uni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Shayx amirning oldiga borgach, amir u zotga shunday deydi…
Uning shayxga nima deganini aytishdan avval ushbu voqeani hikoya qilib bergan hind ulamosi menga aytgan yana bir gapni zikr qilib o‘tay: "Biz olti kishidan iborat oila edik: ota-onam va to‘rt nafar farzand - jami olti kishi. Oyiga to‘rt rupiy bizga kifoya qilar edi". Mazkur ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy vafotidan o‘ttiz yil o‘tib tug‘ilgan. Ya’ni, o‘sha davrda to‘rt rupiy hozirgidan ancha katta xarid quvvatiga ega bo‘lib, avvallari bu pulga bugungi kundan ko‘ra ko‘proq narsa sotib olish mumkin edi. Shunga qaramay, bu kishi: "Bizning oilamizga oyiga to‘rt rupiy yetardi", deyapti...
Endi avvalgi gapimizga qaytsak: Shunday qilib Laknav amiri Shayx Abdulhayni huzuriga chaqirtirib, u zotga: "Men sizga o‘z hisobimdan oyiga to‘rt yuz rupiy maosh tayinlayman. Siz ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zingizni ilmga bag‘ishlang!" deydi.
Shayx bu voqeadan keyin ilmga butkul berildi va ana shunday buyuk natijaga erishdi! Ey yoshlar, e’tibor bering, aytilgan raqamlarni mulohaza qiling! To‘rt yuz rupiy shayx uchun naqadar katta mablag‘ bo‘lgan. Nega? Ayni mana shu narsa uchun - men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu: Tolibi ilmni o‘z kafilligiga olish, ya’ni ilm talab qiluvchini moddiy jihatdan ta’minlash!
Bu uning ilmga bo‘lgan ta’siridir. Tarix bizga buni real voqelik misolida ko‘rsatib bermoqda. Shu bois ushbu ishni barcha musulmonlar orasida, jumladan, boy-zodagonlar va ulamolar o‘rtasida yana qayta tiriltirishimiz kerakki, ular o‘zaro hamkorlik asosida shar’iy ilmlar uchun vaqf qo‘llab-quvvatlovini qayta tiklasinlar".
Muhaddis Muhammad Avvoma suhbatlaridan
HIM talabasi
Nazirxonov Hasanxo‘ja tarjimasi