frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

29.06.2018 y. Musulmon yolg‘on gapirmaydi

22.06.2018   6569   12 min.
29.06.2018 y. Musulmon yolg‘on gapirmaydi

بسم الله الرحمن الرحيم

Musulmon yolg‘on gapirmaydi

Alloh taolo insonlarga son sanoqsiz ne’matlarni bergan. vujudning sog‘ salomat bo‘lishi eng ulug‘ ne’matlardan biridir. Bu vujud insonlarga berilgan omonat hisoblanib, uni xayrli ishlarda ishlatishga va gunoh amal va gap-so‘zlardan saqlashga dinimiz buyuradi.

Bugungi mavizamiz yolg‘onchilik haqida bo‘ladi. Insonlar uchun eng yomon sifatlardan biri yolg‘onchilikdir. Yolg‘on so‘zlash, odamlarni aldash barcha razolatning boshi, u kishi hurmati va obro‘sini to‘kadi. Shuning uchun ham Alloh taolo yolg‘onchi, yo‘ldan ozgan va adashganlarni:

إِنَّ اللَّهَ لَا يَهْدِي مَنْ هُوَ مُسْرِفٌ كَذَّابٌ

ya’ni: “Albatta, Alloh haddan oshuvchi va yolg‘onchi kimsalarni hidoyatga yo‘llamas” deb, bayon qilgan (G‘ofir surasi, 28-oyat).

Shuningdek, yolg‘on guvohlik berish buzg‘unchiliklarga sabab bo‘ladi. Yolg‘on guvohlik berish kishilarning jabru jafo tortishi, ularning haq-huquqlari poymol bo‘lishiga olib keladi. Shuning uchun ham yolg‘on guvohlik berishni Alloh taologa shirk keltirish kabi katta gunohlar qatorida zikr qilingan.

عَنْ أبي بَكْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَلَا أُنَبِّئُكُمْ بِأَكْبَرِ الْكَبَائِرِ؟  ثَلاَثًا قُلْنَا : بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ، قالَ: الإشْرَاكُ بالله، وَعُقُوقُ الوَالِدَيْنِ وَكَانَ مُتَّكِئًا فَجَلَسَ، وَقَالَ: ألَا وَقَوْلُ الزُّورِ، وَشَهَادَةُ الزُّورِ، فَمَا زَالَ يُكَرِّرُهَا حَتَّى قُلْنَا: لَيْتَهُ سَكَتَ

(مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ)

ya’ni: Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlarga katta gunohlar haqida xabar beraymi?”, deb uch marta so‘radilar. Biz: “Ha, ayting, ey Allohning rasuli”, dedik. Shunda u zot: “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish”, deb, suyanib turgan edilar, o‘tirib oldilar. “Ogoh bo‘linglar, yolg‘on so‘z va yolg‘on guvohlik bermoq”, deb takrorlayverdilar. Biz hatto: “Qaniydi sukut qilsalar”, deb aytdik” (Muttafaqun alayh).  

Muqaddas dinimiz rostgo‘ylikni targ‘ib qiluvchi, yolg‘onchilik va aldamchilikdan qaytaruvchi dindir. Rostgo‘ylik borasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Ana shunday hadisi shariflardan birida Nabiy alayhissalom rostgo‘y insonning Alloh taolo huzuridagi maqomini bayon qilib berganlar.

عن ابن مسعود رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: عَلَيْكُمْ بِالصِّدْقِ فَإِنَّ الصِّدْقَ يَهْدِي إِلَى الْبِرِّ وَإِنَّ الْبِرَّ يَهْدِي إِلَى الْجَنَّةِ، وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَصْدُقُ وَيَتَحَرَّى الصِّدْقَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ صِدِّيقًا ، وَإِيَّاكُمْ وَالْكَذِبَ فَإِنَّ الْكَذِبَ يَهْدِي إِلَى الْفُجُورِ وَإِنَّ الْفُجُورَ يَهْدِي إِلَى النَّارِ، وَمَا يَزَالُ الرَّجُلُ يَكْذِبُ وَيَتَحَرَّى الْكَذِبَ حَتَّى يُكْتَبَ عِنْدَ اللَّهِ كَذَّابًا

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَالامَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Doimo rost gapiring. Zero, rostgo‘ylik yaxshilikka olib boradi. Yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi rost gapirishda bardavom bo‘laversa, Allohning huzurida u “siddiq” (faqat rost so‘zlovchi) deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaning. Chunki yolg‘on buzuqlikka yetaklaydi. Buzuqlik do‘zaxga olib boradi. Kishi davomli yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida u “kazzob” (yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar” (Imom Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Rostgo‘y inson jannatga kirishi va u Alloh taolo huzurida “siddiq” degan  maqom bilan sifatlanishini eshitgan har bir musulmon, shubhasiz, rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hamma rostgo‘y bo‘lsa, jamiyat hayoti ijobiy tomonga o‘zgaradi. Ulamolarimiz: “Rostgo‘ylik dilingdagi haqiqatni tilingga chiqarishingdir”, deyishgan. Demak, ibodatda, insonlar bilan muomalada, oldi-sotdi, nikoh va boshqa masalalarda kishining dili bilan tili bir bo‘lishi lozim.

Mazkur hadisi sharifda rostgo‘ylik va uning mukofoti bayon etilgach, uning aksi bo‘lgan yolg‘onchilikdan qaytariladi va uning oqibati haqida xabar berilmoqda:  “…Yolg‘onchilikdan saqlaning. Chunki yolg‘on buzuqlikka yetaklaydi. Buzuqlik do‘zaxga olib boradi. Kishi davomli yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida u “kazzob” (yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”.

Hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma’lumotlarni tarqatish, turli bo‘htonlar va uydirmalarni asossiz ravishda urchitish holatlari uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib qolmoqdalar. Eng achinarlisi buning oqibatida insonlarning obro‘ va sha’nlari toptalmoqda, musulmon inson nomiga noma’qul gaplar aytilmoqda, ta’na toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan ulkan buzuqliklarga yo‘l ochilmoqda. O‘sha buzg‘unchilar, agar vaqtida tavba qilib, manfur qilmishlarini to‘xtashmasa, borar joylari ham hadisda aniq bayon etilgan: “Buzuqlik do‘zaxga olib boradi!”. Hadisi sharifda yolg‘onning qattiq qoralanishi sababi mana shu o‘rinda ham yaqqol oydinlashadi.

Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga quyidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:

عن أبي هريرة رضي الله عنه أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: كَفَى بِالْمَرْءِ إِثْمًا أَنْ يُحَدِّثَ بِكُلِّ مَا سَمِعَ

(رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ)

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Kishiga gunoh bo‘lishi uchun eshitgan narsasini gapirishining o‘zi kifoyadir”, dedilar”

)Imom Abu Dovud va Imom Muslim rivoyat qilgan(.

Boshqa bir rivoyatda esa yolg‘onchilikning naqadar jirkanch amal ekanini ochiq bayon etilgan:

عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا كَذَبَ العَبْدُ تَبَاعَدَ عَنْهُ الْمَلَكُ مِيْلاً مِنْ نَتْنِ مَا جَاءَ بِهِ"

(رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar banda yolg‘on gapirsa, yolg‘oni sassig‘idan farishta undan bir mil nariga uzoqlashadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir sahih rivoyatda esa yolg‘onchilik munofiqlarning belgilaridan biri ekani ta’kidlanadi. 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "آيَةُ الْمُنَافِقِ ثَلَاثٌ: إِذَا حَدَّثَ كَذَبَ، وَإِذَا وَعَدَ أَخْلَفَ، وَإِذَا اؤْتُمِنَ خَانَ"

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَ الامَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, xilof qiladi, (unga) omonat topshirilsa, omonatga xiyonat qiladi” (Muttafaqun alayh).

Qays ibn Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: Abu Bakr roziyallohu anhuning: “Yolg‘ondan ehtiyot bo‘linglar, yolg‘on albatta imondan chetlatuvchidir” - deganini eshitdim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: Kim bir go‘dak bolaga, mana buni ol, desa-yu, hech narsa bermasa, u odam yolg‘onchi bo‘ladi, dedilar (Imom Muslim va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Farzand tarbiyasida ota-onalar va ustozlar bolalarga umuman yolg‘on gapirmasliklari zarur. Agar o‘zlari yolg‘on gapirsalar-u yana ulardan rostgo‘ylikni talab qilsalar hech qanday foydasi bo‘lmaydi. Yolg‘on va aldovni ko‘rgan bolada o‘zining tarbiyachilariga va qolaversa jamiyatga bo‘lgan ishonchi va e’tibori yo‘qoladi, tarbiyachilarining pand – nasihatlari qadrli bo‘lmay qoladi.

Hazil-mutoyibalarda haqiqatga zid gaplar bilan kishilarni kuldirish kabi ishlar ham yolg‘onning ayni o‘zidir. Bu haqda hadisda shunday kelgandir:

عَنْ بَهْزِ بْنِ حَكِيمٍ عَنْ أَبِيه، عَنْ جَدِّه، قَالَ: قالُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "وَيْلٌ لِلَّذِي يُحَدِّثُ فَيَكْذِبُ لِيُضْحِكَ بِهِ الْقَوْمَ وَيْلٌ لَهُ وَيْلٌ لَه"

(رَوَاهُ الامَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالامَامُ أَبُو دَاوُدَ)

ya’ni: Bahz ibn Hakim otasidan, u esa bobosidan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarni kuldirish uchun yolg‘on gapiradigan kishi holiga voy, holiga voy bo‘lsin”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Demak, ushbu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, hazil-mutoyiba o‘rinlarda ham yolg‘on gapirish gunoh, unga ruxsat yo‘q ekan.

Muhtaram azizlar! dinimizning mazkur ko‘rsatmaliriga jiddiy e’tibor beraylik! Shariatimizni o‘rganib, hayotimizga tatbiq qilaylik! ming afsuski, hozirda ko‘cha-kuyda, bozorda, ulovda, ma’rakalarda, qayerda bo‘lmang e’tiborsizlik bilan gapirilayotgan yolg‘onga duch kelib turamiz.

Ba’zilar yolg‘on eshitishga va gapirishga shunchalar ko‘nikib ketishganki, gapirayotgan kishi ham, eshitayotgan ham, yolg‘onligini bila turib bir-birini bu gunohdan qaytarishga harakat qilmaydi, go‘yoki xuddi shunday bo‘lishi kerakdek, odatiy holga aylangan.

Yolg‘onchilar ko‘payaversa jamiyatga tegadigan zarar undanda ulkan bo‘ladi. Odamlar orasida bir-biriga ishonch yo‘qoladi, va’daga vafosizlik, xiyonat, tuhmat, yolg‘on guvohlik berish oddiy holga aylanadi. Oilalarda va jamiyatda bir-biriga ishonchsizlik ortsa, ahillik yo‘qoladi. Bu narsalar kelgusi avlodlarga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi va ma’naviy qashshoqlikka olib boradi.

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida namozdagi satri avrat haqidagi ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

Namozning durust bo‘lish shartlaridan biri avratni (namozda yopilishi farz bo‘lgan a’zolarni) berkitishdir. Erkak kishining avrati kindikdan tizzaga qadar bo‘lgan a’zolaridir. Tizza ham avratdan sanaladi. Ayollarning barcha a’zolari avrat hisoblanib, bundan faqat yuzi, ikki kafti, ikki qadami mustasno.

Aslida musulmon kishi avrat joylarini berkitishi farz. Hozirgi kunda ba’zi yosh yigitlar kalta ko‘ylak, futbolka, jemfer, shyortik kabi kiyimlarni kiyishga odatlanishgan. bunday kiyimdagi kishilar ruku’ va sajdaga borganlarida, tashahhudda o‘tirganlarida ba’zi avrat joylari ochilib qoladi. O‘zlari ortlarini ko‘ra olmaganlari uchun ruku’ va sajdada xunuk manzara namoyon bo‘lganini sezmay qoladilar. Eng achinarlisi, bunday holatda namozda avratni berkitish sharti topilmay, o‘zlari bilmagan tarzda namozlari zimmalaridan soqit bo‘lmay qoladi.

Mo‘min-musulmon banda o‘zi uchun qulay, avratini to‘liq yopib turadigan, namozni to‘kis ado etishga imkon beradigan kiyim kiyishi lozim. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا بَنِي آدَمَ خُذُواْ زِينَتَكُمْ عِندَ كُلِّ مَسْجِدٍ

ya’ni: “Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz” (A’rof surasi, 31-oyat).

Mazkur oyati karimaga ko‘ra yashayotgan yerida qanday kiyim kiyish joriy bo‘lsa, o‘shani kiyib, namoz o‘qish mustahab, uni tark qilish esa makruh sanaladi.

Odatda avrat ochilib qoladigan kiyimlarni kiyish makruhi tahrimiy hisoblanadi. Agar namoz o‘qish vaqtida avrat a’zosining to‘rtdan bir qismi uzrsiz bir muddat (ya’ni, namoz ichidagi farzlardan birini ado etish muddaticha) ochilib tursa, namoz buziladi.  

Alloh taolo barchalarimizni so‘z va amalda sodiqlar jumlasidan aylab, yolg‘on va behuda gaplardan uzoqda yuradigan O‘zining sevimli bandalardan qilsin! Omin.

Eslatma: Muhtaram imom domla! Har juma ma’ruzasining oxirgi  5-6 daqiqasini fiqhiy masalaning bayoniga ajratishingiz hamda juma ish kuni bo‘lganligi uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz so‘raladi!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Namozim buzildimi?

27.06.2025   8697   1 min.
Namozim buzildimi?

Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.

Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi