Marv shahri qozisi qizining bo‘yi yetib qolganini sezib, unga mos kuyov qidira boshladi.
Har kuni eshigini sovchilar taqillatib kelar, lekin qozi janoblari shoshilmasdi. Chunki so‘rab kelganlarning hech qaysi biri u kishining didga mos tushmasdi.
Kunlarning birida qozi tush ko‘radi. Tushida qizini “Muborak” degan g‘ulomiga nikohlab berishi aytiladi.
Lekin buni ham paysalga solib yuradi. Tush ham qayta-qayta ko‘rilavergach, g‘ulomini zimdan kuzata boshlaydi. Bir oz vaqt o‘tib uning solih inson ekaniga, xayrli kuyov bo‘lishiga ishonch hosil qilganidan keyin bu fikrini yoru do‘stlariga, yaqinlariga ma’lum qiladi. Ayrimlari boy-u badavlat, yanada munosibroq oilalar borligini bildirib, bu ahdga rozi bo‘lmagan esa-da, qozi qarorida qat’iy turadi.
Shunday qilib, qozi qizining ham roziligini olib, yoshlarning boshini qovushtirib qo‘yadi.
Nikohdan keyin bir oy o‘tib, qozi qizidan xabar olish niyatida uning uyiga boradi. Qizi otasining kelganidan xursand bo‘ladi, biroq kichkina muammo borligini ma’lum qilib: “Otajon, kuyovingiz juda ham yaxshi. Ammo haligacha ro‘molimini boshimdan olgani yo‘q, nikohimizdan buyon mendan uzoq yuradi. Sababini bila olmadim: yediradi, ichiradi, juda ham mehribon, faqat qo‘lini qo‘limga tekkizmaydi”, deydi.
Qozi bu gapdan hayron bo‘lib kuyovini chaqirib, sekingina buning sababini so‘raydi va kuyovining javobini eshitganidan so‘ng yig‘lab yuboradi. Ko‘zining nuri qizini o‘zi istagan odamga uzatganiga sevinib shukrlar keltiradi.
Kuyov odob saqlagan holda qaynotasiga bunday deydi: “Otajon, siz katta shahar qozisisiz. Oldingizda turli odam kelib-ketadi, uyingizga ham turli hadyalar yuborishadi. Alloh taoloning menga bergan omonati va hadyasi bo‘lgan qizingiz o‘sha shubhali narsalardan yeb qo‘ygandir deb andisha qildim. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tanadagi harom luqma ta’siri faqat qirq kunda ketishi haqidagi so‘zlarini o‘rgangan edim. Hurmatga sazovor ayolimni qirq kun peshona terim bilan topgan halol luqma bilan boqishini xohladim, toki Alloh nasib etib tug‘ilajak farzandlarimiz ham solihlardan bo‘lsin”.
(“Rizq haqida risola”dan)
Ulamolardan birining sohibjamol qizi bor edi. Shaharning hamma ulug‘lari qizning ko‘nglini olish ilinjida edi. Bu ulamo qizini kimga berarga hayron edi. Uning bir g‘ayridin hamsoyasi bor ekan. Uni chaqirib, dedi: “Ey hamsoya, mening bir qizim bor, ko‘pchilik uning ko‘nglini olish ilinjida, ularning qaysi biriga rozilik berishga hayronman. Sen nima maslahat berasan?” G‘ayridin dedi: “Men islom dinidan begona kishiman, nechun bu so‘zni mendan so‘raysan?”. Ulamo dedi: “Sen garchi islom dinidan begona bo‘lsang-da, har ishda tadbirkor insonsan. Ulug‘lar kengash to‘g‘risida mubolag‘a qilib bunday deganlar: to‘g‘ri, donishmand kishi bilan kengashish kerak. Hadisda yozilganki: “Al-mustashoru mu’taminun” (Shunday kishi bilan kengashish kerakki, odam unga ishona olsin). Shunday ekan, hozir sen qanday maslahat bersang, men shunga amal qilaman”. G‘ayridin dedi: “Nikohdagi kifoyat eru xotinning barobarligidir. Kifoyat musulmonlar mazhabida din va millat bilan bo‘ladi, bizning odatimizda aslu nasab bilan va zamona ahli nazdida mulk va ulug‘lik bilandir. Endi o‘ylab ko‘r, agar o‘z diningga rioya qilsang, din yo‘lini ixtiyor qil, agar bizning rasmimizga kelsang, nasabga e’tibor qil, agar zamona ahli odatiga amal qilsang, molu joh talab qil!””
Ulamoga bu javob xush keldi va dedi: “Din hammaga barobar. Dinni ixtiyor qildim”. Uning Muborak ismli g‘oyat olim va dindor quli bor edi. U, men Muborakdek iymonli dindorni bilmayman. Demak, qizimni unga nikoh qilib beray, deb chaqirtirib, qizini unga berdi.
Haq (pok va oliy) Muborakka u qizdan bir farzand berdiki, u islom ahlini peshvosi va dindorlarning imomi, zohidlar o‘rtasida yagona va oriflar o‘rtasida tengi yo‘q Abdulloh ibn Muborakdir”.
(“Axloqi muhsiniy”dan)
Buyukligi
”Abdulloh ibn Muborak q.t.s. Ani ulamoning shahanshohi der ermishlar va judu shijoatda zamonining yagonasi ermish. Va tariqat as'hobining muhtashami. Va bu qavmning mashoyixining ko‘pining suhbatig‘a musharraf bo‘lubdur. Va mashhur tasonifi bor.
Bir kun ul kelur erdi va Sufyon Savriy va Fuzayl Ayoz q.s. hozir erdilar.
Sufyon dedi: kel ey mashriq ahlida er!
Fuzayl dedi: va mag‘rib ahlida va ikkisining orasida.
(“Nasoyim ul-muhabbat”dan)
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, Faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi.