2026 yil 13 aprel kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga “Largest museum of Islamic civilisation” — dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi nominatsiyasi bo‘yicha Gennesning Rekordlar kitobi rasmiy rekordi berildi.
Tantanali taqdirlash marosimida Gennesning Rekordlar kitobi tashkilotining rasmiy vakili — sudya Sheyda Subasi ishtirok etib, Markaz barcha belgilangan xalqaro mezon va standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi — bu keng qamrovli ilmiy-ma’rifiy va muzey majmuasi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan amalga oshirilgan yirik strategik megaloyiha hisoblanadi. Mazkur Markaz “Yangi O‘zbekiston”ning o‘ziga xos platformasi sifatida ilm-fan salohiyati, boy madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Loyiha davlat rahbarining mamlakatning yangi gumanitar qiyofasini shakllantirish, milliy o‘zlikni mustahkamlash va O‘zbekistonni jahon miqyosida islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida ilgari surishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasini aks ettiradi.
Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan ilmiy-madaniy maskanlaridan biriga aylangan bo‘lib, har kuni o‘rtacha 5 000 nafarga yaqin tashrifchi qabul qilmoqda. Bu esa uning aholi va xorijiy mehmonlar orasida katta qiziqish uyg‘otayotganini ko‘rsatadi.
Markaz ilk kunlardanoq yangi turdagi ilmiy-madaniy va ma’rifiy majmua sifatida konsepsiya qilingan. Unda tarixiy meros va zamonaviy multimedia texnologiyalari uyg‘unlashgan holda taqdim etilgan. Ekspozitsiya “Sivilizatsiyalar, Shaxslar, Kashfiyotlar” tamoyili asosida tuzilgan bo‘lib, mintaqaning eng qadimgi davrlaridan tortib, ilm-fan yuksalishi va zamonaviy bosqichigacha bo‘lgan taraqqiyot izchil yoritib beriladi.
Markaz tuzilmasida Qur’oni karim zali alohida o‘rin tutadi. Unda Usmon Mus'hafi deb nomlanuvchi eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri namoyish etilgan bo‘lib, u YUNЕSKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan. Bu noyob asar nafaqat islom sivilizatsiyasining beqiyos yodgorligi, balki ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyatni birlashtiruvchi muhim ma’naviy markaz sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Markaz konsepsiyasining o‘ziga xosligi uni muzey, ilmiy tadqiqot infratuzilmasi va ta’lim muhitini birlashtirgan ilk namunaga aylantirib, jahon muzeychilik amaliyotida yangi bosqichni belgilamoqda.
Ushbu rekordga erishish ko‘p oylik tizimli ish natijasi bo‘lib, muzey parametrlarini tasdiqlash, to‘liq hujjatlar tayyorlash va mustaqil xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘p bosqichli verifikatsiya jarayonlarini o‘z ichiga oldi.
Muzey kolleksiyasini shakllantirishda arxeologiya, numizmatika, to‘qimachilik va qo‘lyozmalar sohasidagi yetakchi xalqaro mutaxassislar ishtirok etdi. Bu esa ekspozitsiyaning yuqori ilmiy va muzey darajasini ta’minladi.
Gennesning Rekordlar kitobi unvonining berilishi nafaqat Markaz ko‘lamining e’tirofi, balki ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab olimlar, mutaxassislar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Sudya Sheyda Subasi Markaz faoliyatini yuqori baholab, quyidagilarni ta’kidladi:
-O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishning noyob namunasidir. Loyihaning ko‘lami, konseptual yaxlitligi va amalga oshirish darajasi Gennesning Rekordlar kitobi mezonlariga to‘liq javob beradi. Bu shunchaki eng yirik muzey emas — balki madaniyatlar muloqoti va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish uchun zamonaviy platforma hisoblanadi.
Ushbu rekord O‘zbekistonning islom ilmi, madaniyati va ma’rifatining muhim tarixiy markazlaridan biri ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bilan birga, mamlakatning sivilizatsiyalar muloqoti, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan zamonaviy xalqaro maydon sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi.
Gennesning Rekordlar kitobi maqomini qo‘lga kiritish Markazning dunyodagi eng yirik shunday muzey sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, uni intellektual merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha yetakchi xalqaro platformalardan biriga aylantiradi.
Kelgusida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro ilmiy-madaniy maydon sifatida yanada rivojlanib, dunyoning turli mamlakatlaridan olim va mutaxassislarni birlashtiradi hamda “Yangi O‘zbekiston”ning gumanitar tashabbuslarini global miqyosda ilgari surishda muhim drayver bo‘lib xizmat qiladi.
t.me/islommarkazi
#xabar #haj2026 #ellikboshi #vazifa
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2026” mavsumida hojilar ibodatiga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ellikboshi Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda joriy mavsumni namunali o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga urg‘u qaratildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, ahkomlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga javob berish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, haj amaliga oid shar’iy masalalarda faqat Fatvo markazi fatvolariga rioya etish, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, safarni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati