Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Muoviya ibn A’mr ibn Molik ibn Najjor ibn Sa’laba ibn A’mr Xazrajiy. Madinai munavvarada tug‘ilganlar. U zot imom, qori, faqih va mufassir edilar. Badr, Uhud va Handaq g‘azotlarida qatnashgan.
U zotni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Abul Munzir” deb, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu esa “Abu Tufayl” deya kunya bilan chaqirganlar. Umar roziyallohu anhu u kishini “musulmonlarning sayyidi” der edilar. U zotning onasi Suhayla binti Najjor, u esa Abu Tolha ansoriyning ammasi edi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning vasfi haqida: soch va saqollari oq edi deyilgan.
Ubay ibn Ka’b ibn Qays roziyallohu anhu Qur’oni Karimni yozuvchi kotib, ikkinchi aqaba bay’atida qatnashgan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ilmni to‘rt kishidan olinglar: Ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal va Abu Huzayfaning mavlosi Solimdan”, deb aytganlarida, ular orasida sanalgan zotdirlar.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo Abal Munzir! Seningcha Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” Dedilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu: “Men Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdir”, dedim. U zot: “Yo Abal Munzir! Seningcha Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” Dedilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu: “Men Oyatul Kursiy dedim”, dedilar. U zot meni ko‘ksimga urib, “Alloh senga ilmni muborak qilsin”, dedilar”.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu faqih sahobalarning biri, vahiyni yozib qayd etuvchi, Qur’on qorilarining eng afzali va aqaba bay’atida qatnashgan o‘n ikki sahobaning biri bo‘lganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinada bo‘lmagan vaqtlarida Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni musulmonlarga imomlik qilishlariga buyurar edilar. Shuning uchun ham Umar roziyallohu anhu: “musulmonlarning sayyidi Ubay ibn Ka’b” deganlar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi “Sahihul Buxoriy”da quydagi voqe’ani keltiradilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Bayyina” surasi nozil bo‘lganda, Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga: “Albatta Alloh taolo menga bu surani senga o‘qib berishimni buyurdi” dedilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu: “Alloh taolo meni ismimni aytdimi?”, Dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “ha, Alloh taolo seni ismingni aytdi”, dedilar. Shunda Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu yig‘lab yubordilar.
Jobiya jangi:
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhu bilan Jobiya jangida qatnashdilar. Jobiyada Umar roziyallohu anhu xutba qila turib: “Ey insonlar! Kimda kim Qur’ondan savol so‘ramoqchi bo‘lsa, Ubay ibn Ka’bdan so‘rasin” dedilar.
Abdulloh ibn Nusoyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U “Ubay ibn Ka’b kasal bo‘lib qolganda, uni ko‘rishga bordik. U nido qiluvchini chaqirig‘ini eshitib: “bu azonmi yo takbirmi?” Deb so‘radi. Biz unga “takbir” dedik. U: “nimani kutmoqdasizlar? Namozga shoshilmaysizlarmi?” Dedi. Biz: “seni bu xolatda tashlab ketamizmi?” Dedik. U: “bunday qilmanglar! Turinglar! Albatta Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga bomdod namozini o‘qib berib bo‘lib, yuzlari bilan jamoatga yuzlanib: “Falonchi bormi? Falonchi bormi?” Deb namozga kelmagan uch kishini chaqirdilar. Va “Albatta, munofiqlarga eng og‘ir namoz Bamdod bilan Xuftondir. Agar ular bu ikki namozda nima borligini bilganlarida edi, u ikkisiga emaklab bo‘lsa ham kelar edilar. Shuni bilingki, yolg‘iz o‘qilgan namozdan ikki kishi bo‘lib o‘qilgan namoz afzal. Sizlarni ko‘pchilik bilan o‘qigan namozingiz, u Allohga sevimliroqdir. Albatta birinchi saf farishtalarning safi singaridir. Agar uni fazilatini bilganlarida edi, albatta unga shoshilgan bo‘lardilar. Ogoh bo‘ling! Albatta jamoat namozi yolg‘iz, jamoatsiz o‘qilgan namozdan 24 yoki 25 daraja afzaldir” deganlar, dedi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Madinai munavvarada 649-yili vafot etadilar.
Manbalar asosida Tojiddinov
Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati