Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, ushbu qutlug‘ ayyomda siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda o‘tayotgani bilan bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ayniqsa, shu yil 27 oktyabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘lganini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasi, birligi va hamjihatligi, siyosiy madaniyati yaqqol namoyon bo‘lgan ushbu saylovlar natijalariga ko‘ra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllangani albatta barchamizni mamnun etadi.
Yana bir muhim jihati – hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilmoqda.
Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolat beradi.
Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetgani, kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushgani, maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshgani, hech shubhasiz, tarixiy natijadir.
Islohotlarni jadal davom ettirib, yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish, oila va mahallalarda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Shuningdek, Asosiy qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 2 barobar ko‘paytirilib, tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish va aholini kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan to‘liq ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Ta’lim sohasidagi dasturlarimiz doirasida yaqin yillarda oliygohlarda qamrov 50 foizga yetkaziladi. Birgina 2025 yilda bog‘cha va maktablarni ta’mirlash va yangilarini qurish uchun davlat budjetidan 4 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanib, 1 million fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish va umuman jamiyatimizda inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar ham yangi bosqichga ko‘tariladi. Pensiya tizimini isloh etish bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi.
Ma’lumki, yangilangan Bosh qomusimizda fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilanib, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan majburiyatlari alohida mustahkamlab qo‘yildi.
Kirib kelayotgan 2025 yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada katta vazifalarni aniq belgilab olganimiz ana shu konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni ushbu yil bo‘yicha Davlat dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Hech qachon unutmaylik: tabiatni asrash – bu insonni, kelajakni asrash demakdir. Bebaho boyligimiz bo‘lgan serhosil dalalarimiz, zilol buloqlarimiz, daryo va ko‘llarimiz, tog‘ va adirlarimizni asrab, bog‘u rog‘lar, yashil maskanlarni ko‘paytirsak, O‘zbekistonimiz yanada go‘zal diyorga aylanadi, avlodlarga bizdan ozod va obod Vatan qoladi.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim.
Aminmanki, ana shunday yuksak mas’uliyat bilan astoydil mehnat qilib, islohotlarimiz samarasini yanada oshiramiz va oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarga albatta yetamiz.
Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Vatanimizning obro‘-e’tibori, shonu shuhrati ziyoda bo‘lsin!
Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Tarixiy obidalari, qadimiy shaharlari, buyuk allomalar merosi esa O‘zbekistonning asrlar davomida shakllangan milliy madaniyati mamlakatning eng katta turistik boyliklaridan biri. Biroq bugun masala faqat ushbu merosni dunyoga tanitish bilan cheklanmaydi. Uni asrab-avaylagan holda zamonaviy turizm mahsulotiga aylantirish, hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish va turistning mamlakatda ko‘proq vaqt qolishiga erishish muhim vazifaga aylanmoqda.
Ayniqsa, ziyorat turizmi uchun imkoniyatlar katta. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz me’moriy merosi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy kabi allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, ming yillar davomida shakllangan hunarmandchilik, musiqa, gastronomiya va urf-odatlar bugun madaniy hamda ziyorat turizmining katta iqtisodiy resursiga aylanmoqda. Bu resursning global bozordagi salmog‘i ham yil sayin ortmoqda. “Mastercard-CrescentRating” tashkilotining “Jahon musulmon sayohati indeksi — 2026” (GMTI 2026) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda musulmon sayyohlarning xalqaro sayohatlari soni 196 millionga yetgan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 262 millionga, yillik xarajatlar esa 310 milliard AQSH dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Islom sivilizatsiyasining beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston uchun bu bozor nafaqat ma’naviy, balki strategik iqtisodiy imkoniyatdir. Shu bilan birga, mazkur bozorda raqobat keskinlashib borayotgani xizmat sifatini tizimli oshirish zaruratini ham kun tartibiga qo‘ymoqda.
Xo‘sh, tarixiy merosni zamonaviy iqtisodiy resursga aylantirishning qanday yo‘llari mavjud? Biz bir qancha savollar bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovga murojaat qildik.
- Bugun “merosni iqtisodiyotga aylantirish” degan tushuncha ko‘p tilga olinmoqda. Bu iborani qanday tushunish mumkin? Tarixiy obidani tijorat obyektiga aylantirish bilan uni iqtisodiy resurs sifatida ishlatish o‘rtasida qanday farq bor?
— Tarixiy merosni tijoratlashtirish emas, aksincha, uni asrab-avaylagan holda atrofida barqaror turistik xizmatlar tizimini yaratish muhim. Masalan, ziyoratgohga kelgan sayyoh faqat bir obyektni ko‘rib ketmasligi kerak. Uning uchun transport, mehmonxona, ovqatlanish, gidlik xizmati, hunarmandchilik, milliy taomlar, kitob va suvenirlar, madaniy dasturlar kabi xizmatlar taklif etilishi lozim. Shunda bitta tarixiy obyekt atrofida o‘nlab tadbirkorlik subyektlari faoliyati shakllanadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari va aholi daromadining o‘sishiga xizmat qiladi.
- O‘zbekistonda davlat muhofazasida 8 mingdan ziyod moddiy madaniy meros obyekti bor. Bu ulkan salohiyatni turizmga qanday jalb qilish mumkin?
— Avvalo, har bir obyektning o‘ziga xos xususiyatini aniqlash kerak bo‘ladi. Barcha obyektga bir xil yondashuv to‘g‘ri emas. Ayrimlari ziyorat turizmi, boshqalari arxeologik, ilmiy, etnografik yoki madaniy marshrutlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Biz uchun “bir obyekt — bir tashrif” modeli emas, balki “bir hudud — bir necha kunlik turistik tajriba” modeli muhim. Biz sayyohga faqat ziyorat emas, balki tarix, ilm-fan, me’morchilik, milliy taomlar, hunarmandchilik va zamonaviy xizmatlarni birlashtirgan yaxlit mahsulotni taklif qilishimiz mumkin.
- Bu yondashuv turistning mamlakatda qolish muddatiga ham ta’sir qiladimi?
— Albatta. Turizmda asosiy ko‘rsatkichlardan biri faqat turistlar soni emas. Ularning mamlakatda qancha kun qolishi va qancha mablag‘ sarflashi ham muhim. Alohida qayd etishim lozimki, 2030 yilgacha turistning mamlakatda qolish muddatini 7–8 kunga yetkazish, o‘rtacha xarajatini esa 1 ming dollargacha oshirish maqsadi belgilangan. Buning uchun turistga ko‘proq xizmat va ko‘proq tajriba taklif qilish maqsadga muvofiq. Madaniy va ziyorat turizmi bu vazifani bajarishda muhim yo‘nalishlardan biri bo‘ladi.
- 2026 yil mart oyida Islom sivilizatsiyasi markazi va yangilangan Imom Buxoriy majmuasining ochilishi katta voqea bo‘ldi. Bu obyektlar turistik oqimga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
— Islom sivilizatsiyasi markazi qisqa vaqt ichida yirik tashrif nuqtasiga aylandi. 2026 yil 1 iyun holatiga markazga yarim million mahalliy va xorijiy tashrifchi kelgan. Kunlik o‘rtacha tashriflar 6 ming nafarni tashkil etgan. Imom Buxoriy majmuasida ham katta o‘zgarish bo‘ldi. Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki mehmonxona, oilaviy mehmon uylari, turizm markazi, servis va transport infratuzilmasiga ega yaxlit turistik majmua sifatida shakllantirildi. Ochilishidan keyin bir oy ichida bir milliondan ortiq mahalliy va xorijiy ziyoratchining tashrif buyurgani bu yo‘nalishga talab yuqori ekanini ko‘rsatadi. Qisqa vaqt ichida markaz “Dunyoning eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritildi, mingdan ortiq noyob artefakt O‘zbekistonga qaytarildi. Ilmiy yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olim ishtirok etdi. Konferensiya, seminar va mahorat darslariga 5 mingdan ortiq kishi jalb qilindi.
- Bir million tashrifning iqtisodiy samarasi qanday o‘lchanadi?
— Bir million tashrif — faqat ziyoratgohga kirgan odamlar soni emas. Bu transport, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, gidlik, savdo, hunarmandchilik va boshqa xizmatlarga qo‘shimcha talab degani. Shuning uchun biz turistik obyektlarni alohida emas, balki ular atrofida shakllanadigan iqtisodiy zanjir bilan birgalikda ko‘rishimiz kerak. Eng muhimi, bu jarayonda mahalliy aholi faol ishtirok etishi zarur. Turist keladi, xizmatdan foydalanadi va mablag‘ hududda qoladi. Ana shunda turizmning ijtimoiy-iqtisodiy samarasi yanada yuqori bo‘ladi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan nutqida davlat rahbari mamlakat istiqlolining ildizlari uch ming yillik davlatchilik va sivilizatsiya tarixiga borib taqalishini ta’kidladi. Shuningdek, mustaqillik milliy qadriyatlar, tarixiy xotira va diniy merosni qayta anglash uchun sharoit yaratgani qayd etildi. Nutqda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy majmualari bu jarayonning zamonaviy ilmiy-ma’rifiy infratuzilmasi sifatida alohida tilga olindi. Bugun O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi xalqaro institutlar darajasida ham keng e’tirof etilgan. UNESCOning amaldagi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning 8 ta obyekti Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning 6 tasi madaniy meros obyektlaridir: Xivaning Ichan qal’asi, Buxoro tarixiy markazi, Shahrisabz tarixiy markazi, “Samarqand — madaniyatlar chorrahasi”, “Ipak yo‘li: Zarafshon–Qoraqum koridori” hamda 2026 yilda ro‘yxatga kiritilgan “Toshkent modernistik arxitekturasi”.
So‘nggi nominatsiya alohida e’tiborga loyiq. 2026 yil iyul oyida Janubiy Koreyaning Pusan shahrida o‘tkazilgan UNESCO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida “Toshkent modernistik me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar” nominatsiyasi doirasida poytaxtimizdagi 10 ta bino va me’moriy majmua ro‘yxatga kiritildi. Bu — so‘nggi 25 yil ichida O‘zbekistonning bunday yuksak maqomga sazovor bo‘lgan ilk milliy nominatsiyasi. UNESCO bahosiga ko‘ra, ushbu obyektlar 1966 yilgi zilziladan keyin Toshkentning qayta qurilishi va rivojlanishini aks ettiradi. Bu esa poytaxtni faqat tranzit nuqtasi emas, balki mustaqil madaniy turizm manzili sifatida targ‘ib qilish uchun yangi imkoniyat ochadi. Navbatda “Zomin tog‘lari” tabiiy obyektini ro‘yxatga kiritish bo‘yicha nominatsiya hujjatlari tayyorlanmoqda.
Bu bilan birga, O‘zbekistonga tegishli 18 ta nomoddiy madaniy meros elementi UNESCO ro‘yxatlarida qayd etilgan. Ular orasida Shashmaqom, Katta ashula, Askiya, palov madaniyati, Xorazmning “Lazgi” raqsi, baxshichilik san’ati, miniatyura, kulolchilik va zarhal bezak san’ati bilan bog‘liq ijtimoiy-madaniy an’analar bor. O‘tgan 2025 yilda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu konferensiya UNESCO bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida 40 yildan ortiq vaqtdan keyin birinchi marta tashkil etildi. Sessiyada 200 ga yaqin davlatdan 2 800 dan ortiq delegat ishtirok etdi, 150 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. UNESCOning o‘zi Samarqanddagi sessiyani xalqaro madaniy va ilmiy hamkorlik nuqtayi nazaridan muhim voqea sifatida qayd etdi. Bu raqamlar va voqealar madaniy merosning faqat tarixiy xotira emas, balki O‘zbekistonni xalqaro turizm bozorida farqlantiradigan strategik yo‘nalish ekanini ko‘rsatadi.
Turizm mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan, minglab yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tarmoqqa aylanib bormoqda. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun ko‘plab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda. Buning tasdig‘ini 2025 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra ko‘payib, 4 milliard 800 million AQSH dollarini tashkil etgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
— Turistik raqobat kuchayib borayotgan sharoitda xizmat sifati masalasi qanchalik muhim?
— Juda muhim. Bugun sayyoh faqat tarixiy obyektning o‘ziga baho bermaydi. U aeroportdan boshlab transport, mehmonxona, ovqatlanish, sanitariya, gid, til, raqamli xizmat va xavfsizlikkacha bo‘lgan butun tajribani baholaydi. Shuning uchun biz turizmda “obyekt borligi”dan “sifatli turistik mahsulot borligi”ga o‘tishimiz kerak.
— UNESCOning O‘zbekiston madaniy merosiga bergan e’tirofi turizm uchun qanday imkoniyatlar ochmoqda?
— UNESCO ro‘yxatida O‘zbekistonning 8 ta obyekti mavjud. Shuningdek, 18 ta nomoddiy madaniy meros elementi xalqaro ro‘yxatlarda qayd etilgan. Bu e’tirof mamlakatning xalqaro turistik imijini kuchaytiradi. Lekin eng muhimi — bu maqomdan amaliy foydalanish. Ya’ni obyektni xalqaro bozorda to‘g‘ri targ‘ib qilish, uni turistik marshrutlarga kiritish va atrofida sifatli xizmatlarni shakllantirish kerak. 2026 yilda Toshkent modernistik arxitekturasining UNESCO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi poytaxt uchun ham yangi imkoniyat ochdi. Endi Toshkentni faqat zamonaviy megapolis emas, balki o‘zining alohida me’moriy tarixi va madaniy qatlamlariga ega shahar sifatida ham targ‘ib qilish imkoniyati bor.
— Turistlar soni ko‘payishi madaniy meros obyektlariga zarar yetkazishi mumkin. Bu xavf qanday boshqariladi?
— Turizm rivoji bilan birga merosni muhofaza qilish tizimi ham kuchayishi shart. Shu maqsadda merosga ta’sirni baholash tizimini joriy etish, obyektlarni raqamlashtirish, raqamli egizaklar yaratish va turistik yuklamani boshqarish mexanizmlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Ayrim obyektlarda tashrif buyuruvchilar oqimini oldindan prognoz qilish va zarurat bo‘lsa, tashriflar soniga vaqtincha cheklov joriy etish ham mumkin.
Shuni alohida e’tirof etishim lozimki, mamlakatdagi umumiy turizm ko‘rsatkichlari ham bu jarayonning iqtisodiy masshtabi kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Xususan, 2026 yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 7 million 749 mingdan ortiq xorijiy turist kelgan, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 22,6 foiz ko‘p. Shu davrda turizm xizmatlari eksporti 3,895 milliard AQSH dollarini tashkil etib, 56 foizga o‘sgan. E’tiborli jihati, eksport tushumi sayyohlar sonidan deyarli ikki baravar tezroq o‘smoqda — bu har bir tashrifning iqtisodiy samarasi ortib borayotganini anglatadi. Avgust oyi yakunlari o‘sish sur’ati saqlanib qolayotganini tasdiqladi: 8 oyda mamlakatga 9,1 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, turistik xizmatlar eksporti esa 4,6 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53,5 foizga oshdi. Talabga mos ravishda infratuzilma ham kengaymoqda: yanvar–iyul oylarida 705 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 7 440 taga, o‘rinlar soni 202,6 mingtaga yetdi. Yana bir muhim ko‘rsatkich: 2026 yil yanvar–iyul oylarida mamlakat xizmatlar eksportining 53,8 foizi sayohat, ya’ni turizm hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu raqamlar madaniy va ziyorat obyektlarini faqat ma’naviy meros sifatida emas, balki turizm xizmatlari eksporti, kichik biznes va hududiy iqtisodiyot bilan bog‘langan aktiv sifatida rivojlantirishning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Sohada islohotlar davom etadi. 2030 yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra ko‘paytirish maqsad qilingan. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Bir narsani unutmasligimiz kerakki, merosni asrash — o‘tmish oldidagi burch, uni kelajakka xizmat qildirish esa mas’uliyatdir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA