Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Hech qachon biror kishi bilan o‘tirgan holda qo‘l berib so‘rashmang.
2. Muzokarada hech qachon birinchi bo‘lib taklifni bermang.
3. Agar sizga sir aytilgan bo‘lsa, uni saqlay biling.
4. Agar birovning mashinasini minib turish uchun olgan bo‘lsangiz, qaytarayotganingizda bakini yoqilg‘iga to‘ldirib qo‘yishni unutmang.
5. Biron ishni qilsangiz ishtiyoq bilan qiling, bo‘lmasa umuman u ishga qo‘l urmang.
6. Qo‘l berib ko‘rishganda mahkam tuting va suhbatdoshingizning ko‘ziga qarang.
7. Yakka holda safarga chiqib ko‘ring.
8. Qayg‘uga botgan paytingizda sizga xursandchilik bag‘ishlagan odamni hecham yo‘qotmang.
9. Hayotingizni uzaytirmoqchi bo‘lsangiz, maslahat olishdan tortinmang.
10. O‘qish yoki ishxonada yangi kelgan odam bilan birga ovqatlaning.
11. G‘azabda xat yozsangiz tugatgandan so‘ng, o‘qib chiqing, o‘chiring va qayta yozing.
12. Ovqatlanish vaqtida ish, siyosat yoki din haqida gaplashmang.
13. Maqsadlaringizni yozib qo‘ying va ularga erishing.
14. O‘z fikringizni himoya qiling, lekin o‘zgalarga hurmatli va bag‘rikeng bo‘ling.
15. Yaqinlaringizga qo‘ng‘iroq qiling va ularni ziyorat qiling.
16. Hech narsadan afsuslanmang, hammasidan saboq oling.
17. Obro‘ va vafo sizning shaxsingizda bo‘lishi kerak.
18. Qarzga pul bermang, agar qaytarilmasligini bilsangiz.
19. Biron narsaga ishoning.
20. Ertalab uyqudan uyg‘onganda yotog‘ingizni yig‘ing.
21. Hammomda yuvinayotganda qo‘shiq aytmang.
22. O‘simlik parvarish qiling yoki bog‘ yarating.
23. Imkoniyat paydo bo‘lganda osmonni kuzating.
24. Qobiliyatlaringizni aniqlab, ulardan foydalaning.
25. Qilayotgan ishingizni seva biling, yoki uni tark eting.
26. Yordam kerak bo‘lganda yordam so‘rashdan tortinmang.
27. Kimgadir kichik bo‘lsa ham bir qadriyatni o‘rgating.
28. Sizga yordam ko‘rsatgan odamga minnatdorchilik bildiring.
29. Qo‘shnilaringizga mehribon bo‘ling.
30. Biron kishining bir kunini saodatli qiling — shunda sizga ham xursandlik bag‘ishlaydi.
31. O‘z nafsingiz bilan bellashing.
32. Yilda hech bo‘lmaganda bir marta sog‘ligingizni tibbiy muolaja qildiring.
33. Sog‘ligingizga e’tiborli bo‘ling.
34. Har doim tabassum bilan salom bering.
35. Tez o‘ylang, lekin sekin so‘zlang.
36. Og‘zingiz ovqatga to‘la holda gapirmang.
37. Oyoq kiyimingizni toza tuting, tirnoqlaringizni oling va har doim ko‘rinishingizni ozoda saqlang.
38. O‘zingiz bilmaydigan masalalarda fikr bildirmang.
39. Hech qachon hech kimga yomon muomala qilmang.
40. Hayotda go‘yoki umringizni oxirgi kunidek yashang.
41. Xotirjam bo‘lish imkonini beradigan fursatni hech qachon qo‘ldan bermang.
42. Har qanday kishining mehnatini tan oling.
43. Kamtar bo‘ling.
44. O‘z ildizlaringizni hech qachon unutmang.
45. Imkon tug‘ilganda sayohatga chiqing.
46. Qo‘rquvdan voz keching.
47. G‘oyibona sizni himoya qilgan odamni yo‘qotmang.
48. Hech qachon taslim bo‘lmasdan o‘z muvaffaqiyatingizni qidiring.
49. Adolatli bo‘ling; sizning yordamingizga muhtoj bo‘lganlarni himoya qiling.
50. Yolg‘izlik onlaridan zavqlanishni o‘rganing.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi