Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Oktabr, 2026   |   7 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:19
Quyosh
06:38
Peshin
12:08
Asr
15:55
Shom
17:42
Xufton
18:57
Bismillah
18 Oktabr, 2026, 7 Jumadul avval, 1448

Baraka yo‘qligining sababi nima?

17.02.2025   12474   4 min.
Baraka yo‘qligining sababi nima?

Bizning ongimizda faqat ba’zi narsalargina harom yoki shubhali ekani o‘rnashib qolgan. Lekin qo‘limizga tushayotgan mol-mulkka turli yo‘llar bilan harom aralashayotganidan bexabarmiz. Misol uchun: sarflangan gaz va elektr toki uchun to‘lanadigan pulni yig‘uvchiga pora berib, kamaytiramiz. Bu cho‘ntagimiz uchun iqtisod. Aslida esa ko‘pchilikning haqi, qiyomatgacha so‘rab ham roziligini olib bo‘lmaydigan haqdir. Shu bilan boshqa bir insonning ham gunohiga sababchi bo‘lib qolamiz. Imom Ahmad (rahmatullohi alayh) rivoyat qilgan hadisda bu haqda bunday deyilgan:

Savbon roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar”.

“La’nat” naqadar og‘ir so‘z, yana Alloh taoloning Payg‘ambari tilidan qarg‘ish bo‘lib chiqmoqda. Alloh taoloning O‘zi saqlasin.

Shuningdek, biror xususiy korxonaning egasi ishchilari kelishilgan vaqtda ishda bo‘lmasa yoki kech kelsa, uning ish haqidan olib qoladi. Buni ikki taraf ham e’tirof etadi. Lekin katta oliy dargohlarda, maktab-bog‘chalarda, korxona-fabrikalarda, tibbiyot muassasalarida haftasiga ma’lum soatga, har bir soati uchun ma’lum miqdordagi pulga kelishib ishlayotgan hech bir odam kech qolgan daqiqalari, ertaroq chiqib ketgan kunlari uchun oylik olayotganda: “Bu mening haqim emas, ishlagan soatim oyligimdan kamroq edi”, deb aytmaydi. Qani ayting-chi, ishchilarning kelmagan soatlari, kech kelib, erta ketgan kunlari uchun to‘la haq olishi halolmi? Bunday desangiz, ustingizdan kulishadi. Lekin aslida bu topilgan daromad halol emas, balki sutga tushgan qumaloqdir.

Hozirgi kunda oynai jahon, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan xabarlar orqali maktab, kollej o‘qituvchilarining o‘z kasblariga beparvo qarayotganlarini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ular ertaga biz o‘qituvchi bo‘lib halol ishlaganmiz deya oladilarmi? Musulmon inson ish beruvchi taraf topshirgan ishni omonat ekanini zinhor unutmasligi zarur. O‘ziga topshi rilgan omonatga u har qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, xiyonat qilmaslikka ahdu paymon va sa’y-harakat qilish ish bajaruvchi tarafning mas’uliyati va burchidir. Musulmon kishi o‘z ishiga jiddiy qaraydi, g‘ayrat bilan ishlaydi va beparvo, dangasa bo‘lmaydi. Ishga jiddiy munosabatda bo‘lmaguncha va g‘ayrat bilan astoydil ishlamaguncha biror yaxshi natijaga erishish mumkin emas.

Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan munofiqlikning belgilari sanalgan hadisni hammamiz bilishimiz lozim: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqning belgisi uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’da bersa, ustidan chiqmaydi va omonat unga ishonilsa, xiyonat qiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Musulmon omonatga xiyonat qilmaydi. Bu ish munofiqlik alomatlaridan biri ekani doimo yodida turadi. Abu Zarr roziyallohu anhuning hayotlaridan bir voqeani o‘rgansak maqsadga mu vofiq bo‘ladi. Abu Zarr roziyallohu anhu aytadi: “Yo Allohning Rasuli, meni omil qilmaysizmi?” Shunda u zot yelkamga urib: “Ey Abu Zarr, sen zaifsan, albatta, bu (ish) omonatdir, albatta, bu qiyomat kuni xorlik va nadomat bo‘ladi. Faqat kim uni haqqi ila olsa va undagi o‘z burchini ado etsa, bundan mustasno”, dedilar.

Demak, inson biror kasbni boshqaruvini qo‘lga olmoqchi bo‘lsa, unda ikkita xislat bo‘lmog‘i lozim.

Birinchisi – kuchli bo‘lish. Kuch deganda, faqat jismoniy quvvat emas, balki aqliy, zehniy va shaxsiy quvvat ham ko‘zda tutiladi.

Ikkinchisi esa ishonchli – omonatdor bo‘lishidir. Zaiflik mansab mas’uliyatini o‘rniga qo‘yib, risoladagidek ado eta olmaslikning barcha turlarini o‘z ichiga oladi. O‘ziga yuklatilgan vazifa ni uddalay olmaslik, mansabdan foydalanib, o‘z foydasi ortidan quvish, kishilarga zulm o‘tkazish va boshqalar shu jumladandir.

Musulmon kishi o‘zida zaiflik sezsa, masalan, agar mansab taklif etilsa, pora olish orqali zaiflik qilmasligiga shubhasi bo‘lsa, mansabni qabul etmasligi kerak.


“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan

Boshqa maqolalar
Videolar

«Hakim Termiziy haqida eshitganmisiz?»

17.10.2026   4016   1 min.
«Hakim Termiziy haqida eshitganmisiz?»

Videolavhalar