JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohim. Ramazon – Qur'oni karim nozil bo'lgan oy bo'lgani uchun, aynan Qur'oni karimni boshqa oylarga nisbatan ko'proq o'qish tavsiya qilinadi. Zero, Qur'oni karim eng ulug', eng afzal zikrdir. Bundan tashqari tasbih (Subhaanalloh), tahlil (Laa ilaaha illalloh), istig'for (Astag'firulloh), hamd (Alhamdulillah), takbir (Allohu akbar) va Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga salavot aytish ham eng afzal zikrlar sanaladi. "Alloh, Alloh", deb yurish ham zikrning eng tilga oson ko'rinishidir. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV