Muhammad al-Beruniy madrasasi o‘qituvchisi Nizamatdinov Yesengeldi
Shu kunlarda Malayziyada joylashgan Al-Buxoroiy xalqaro universiteti rektori Mohd Saleh bin Jaafar boshchiligidagi bir guruh mehmonlar mamlakatimizda mehmon bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kuni mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbari Jahongir Salamov va “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ma’lumki, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va mazkur universitet o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, bir guruh o‘zbekistonlik yoshlar Malayziyaning Al-Buxoriy universitetida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Mazkur kelishuv doirasida tashrif buyurgan universitet vakillari ayni paytda poytaxtimizda joylashgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida yoshlar bilan suhbat-imtihon o‘tkazishmoqda.
To‘rt kundan buyon davom etayotgan suhbat davomida malayziyalik ustozlar o‘zbekistonlik yoshlar bilan ingliz tilida muloqot o‘tkazib, ularning bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazishmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ustozlar malayziyada o‘qish istagini bildirgan yoshlarning ingliz tilida erkin muloqot qilishiga, ularning qiziqishi va iqtidoriga yuqori baho berishdi. Qayd etish lozim, suhbat-imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar Malayziyada yuz foizlik grant asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.
Tashrif doirasida al-Buxoriy xalqaro universiteti rektori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa bir qator idoralarda uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.
Vaqf.uz