Bismillahir Rohmanir Rohiym
Robia Basriyaning duo qilganlari haqida bunday rivoyat qilinadi. U zot tahajjud namozidan so‘ng bunday duo qilar edilar: “Yo Robbim! Quyosh botdi, tun bo‘ldi, osmonda yulduzlar charaqlay boshladi. Dunyo podshohlari o‘z darvozalarini yopishdi. Lekin Sening eshiging hali-hanuz ochiqdir. Shuning uchun Sening huzuringa keldim”.
Subhanalloh! Naqadar ajoyib iltijo. Ha, bunday zotlar Alloh taologa duo qilish lazzatini juda yaxshi bilganlar. Alloh ulardan rozi bo‘lsin!
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ilohiy ishq" kitobidan Nodir Odinayev tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Uyimizdagi uch oylik qo‘zichoqning oyog‘i sinib, yurolmay qoldi. Shuni so‘yib, go‘shtini yesak bo‘ladimi? Yoki yeyishga yaroqsiz hisoblanadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shariatimizda halol bo‘lgan hayvonlarni, jonzotlarni yeyish uchun ma’lum yosh belgilanmagan. Hatto yangi tug‘ilgan hayvonning go‘shtini ham yeyish mumkin.
Vatandoshimiz, buyuk muhaddis imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihi Buxoriy” asarlarida Xandaq g‘azoti bobida quyidagi hadisni keltirganlar: Jobir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ochlikdan sillasi qurigan holatda ko‘rib, uyiga kelib, ayoliga biror narsa pishirishni tayinlaydi. Ayoli bir uloqchani so‘yib, pishiradi. Payg‘ambarimiz alayhissalom va sahobalar undan tanovul qiladilar.
Hadisi sharifda arabcha “Anoq” so‘zi bilan keltirilgan uloqchani muhaddis ulamolar to‘rt oyga to‘lgan, onasidan ajratilgan va o‘tlashga qodir bo‘lgan echki bolasi, deganlar.
Demak, halol hayvon go‘shtini yeyishning muayyan yoshi belgilanmagan. Asosiysi, so‘yishni shariat talabiga muvofiq tarzda bajarilishidir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi