Islom dini o'z nomi bilan “tinchlik” dinidir. Musulmonlarning shiori bo'lmish o'zaro salomlashuv iborasida ham bir-birlariga tinchlik tilash ma'nolari bor. Islom dinida nafaqat musulmonlar o'rtasida, balki boshqa din vakillari bilan ham tinch-totuv yashashlikka targ'ib qlingan. Jumladan, Qur'oni karimda:
لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ
ya'ni: “Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar”, deyilgan (Mumtahani surasi, 8-oyat).
Alloh taolo bu oyati karimada mo'min-musulmonlarni boshqa millat va din vakillariga yaxshi munosabatda bo'lishga buyuradi va ularga nisbatan adolatli bo'lish lozimligini ta'kidlaydi. Jumladan, samarqandlik faqih Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” nomli tafsir kitobida ushbu oyat tafsirida: “O'zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb qayd qilgan.
Movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida mazkur oyat sharhida: “O'zga din vakillariga ehtirom ko'rsating, ularga so'z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo'ling”, deb bayon etganlar.
Hazrati Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o'z masjidlariga tushirganlar va “ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men o'zim ularni izzat-ikrom qilishni xush ko'raman”, deb shaxsan o'zlari ularga xizmat qilganlar. Shuningdek, U zot elchi bo'lib kelgan Najron nasorolarini ham o'z masjidlarida ibodat qilishlariga ruxsat berganlar.
Muhammad sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin ham, u zot boshlab bergan boshqa din vakillari bilan yaxshi muomalada bo'lish an'anasi davom etdi. Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlarida Iliyo ahli nasroniylariga o'zlari so'raganlaridan ham ko'p imkoniyatlar berilgan. Mana bu ham Islomdagi bag'rikenglikning yaqqol namunasidir.
Tarixchilar Horun ar-Rashid davridagi bag'rikenglikni shunday izohlashgan: “Masihiylar, yahudiylar va musulmonlar hukumat ishlarida birga ishlar edilar”. Halifa Ma'mun o'z akademiyasiga turli din va mazhab sohiblaridan bo'lgan olimlarni to'plab, ularga: “Ilmdan nimani xohlasangiz, bahs qilaveringlar, faqat toifachilik kelib chiqmasligi uchun har kim o'z diniy kitobidan dalil keltirmasa, bo'ldi”, – degan ekan.
Hozirgi kunda o'zlariga dinni niqob qilib olib, insoniyatga qarshi vahshiyona jinoyatlar sodir etayotgan har xil toifadagi terroristlar harakati nafaqat Islom dini nuqtai nazaridan, balki boshqa dinlar tomonidan ham qoralanadi. Chunki, Alloh taolo insonlarni er yuzida inoq, tinch, osoyishta yashashlariga, ona zaminni vayron emas, balki obod qilishga buyurgan. Shunday ekan, undaylarning bu manfur ishlaridan Alloh taolo ham norozidir.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
ya'ni: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Ushbu oyati karimadan ko'rinib turibdiki, Islom dini insonlarning asli bir ekanligini ta'kidlaydi, shuning uchun ularni dunyoda bir ota-onaning farzandlaridek hayot kechirishga chaqirmoqda. Islom dinida birodarlik, yaxshi ishlarda o'zaro hamkorlik qilish, yomon va gunoh ishlarda hamkorlik qilmaslik, husni xulq, rostgo'ylik, samimiylik kabi inson kamoloti uchun zarur bo'lgan ma'naviy qadriyatlar o'z ifodasini topgan. Payg'ambarimiz s.a.v. ham o'z risolatlari mohiyatini ifodalab:
إنما بعثتُ لأتممَ مكارمَ الأخلاقِ
ya'ni: “Men faqat go'zal xulqlarni tamomiga etkazish uchun yuborilganman”, deganlar (Imom Molik rivoyati).
Islom dini nuqtai nazaridan bag'rikenglik tushunchasi juda chuqur ma'nolarga ega. Diniy bag'rikenglik deganda, avvalambor, dinda hech qanday haraj va mashaqqat yo'q, ya'ni dindor bo'lishlik hamma uchun ham qulay, dinda hech kimga toqatidan ortiq mashaqqatli ish buyurilmaydi, degan tushuncha hosil bo'lmog'i lozim. Ba'zi o'zlarini dindor qilib ko'rsatishni xohlovchi ba'zi bir kimsalar haddan tashqari takallufga berilib, dinda qat'iy buyurilmagan, balki mustahab bo'lgan amallarni mahkam ushlab, o'zlarini qiynab qo'yadilar. Bundaylar oxir oqibat dindan bezib qolishlari ehtimoli bor.
Qolaversa, diniy bag'rikenglik deganda, dinlararo munosabatlarni yaxshilash, o'zaro hurmat va ehtiromni shakllantirish tushuniladi. Musulmonlar nazarida nasroniy va yahudiy dinlari ham samoviy, ya'ni Alloh tomonidan Uning payg'ambarlariga nozil qilingan dindir. Islom dinida esa, o'tgan barcha payg'ambarlarga va dinlarga hurmat nazari bilan qaraladi. Qur'oni karimda Alloh taolo marhamat qiladi:
قُولُوا آَمَنَّا بِاللَّهِ وَمَا أُنْزِلَ إِلَيْنَا وَمَا أُنْزِلَ إِلَى إِبْرَاهِيمَ وَإِسْمَاعِيلَ وَإِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ وَالْأَسْبَاطِ وَمَا أُوتِيَ مُوسَى وَعِيسَى وَمَا أُوتِيَ النَّبِيُّونَ مِنْ رَبِّهِمْ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْهُمْ وَنَحْنُ لَهُ مُسْلِمُونَ
ya'ni: “Aytingiz (ey, mo'minlar!): “Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Kitob)ga, Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya'qub va uning avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Musoga, Isoga va (barcha) payg'ambarlarga Parvardigorlaridan berilgan narsalarga imon keltirdik (ishondik). Biz ular o'rtasidan birortasini (payg'ambar emas deb) ajratib qo'ymaymiz va biz Unga (Allohga) bo'yin sunuvchilarmiz” (Baqara surasi, 136-oyat).
Bizning ko'pmillatli diyorimizda diniy bag'rikenglik o'z ifodasini topgan. Barcha din peshvolari o'zaro diniy bayramlarida bir-birlarini tabriklab o'zaro hurmatlarini bajo keltirishadi. Tabiiyki, bu o'sha din vakillarida ham ijobiy tushunchalarni paydo bo'lishiga sabab bo'ladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom so‘zi “salima” “yaslamu”, “salaaman” va “salaamatan” kabi so‘zlarning o‘zagidan olingan.
Islom so‘zining ma’nosi turli ma’nolarni anglatsada, biroq barcha ma’nolar bir ezgu maqsad – tinchlikka yo‘nalgandir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey, iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang” (Baqara surasi, 208-oyat).
Tilshunos olim Abu Amr Shayboniy ushbu oyatdagi “silm” so‘zini Islom deb sharhlaydi.
Ushbu oyati karimadagi “kaafatan ya’ni to‘lig‘icha, yoppasiga” so‘zi barcha insonlar tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildiradi. Allohning amr farmoniga itoat etgan holda hamisha ahil va inoqlikda yashashlari darkor.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon bandani ta’riflab: “Musulmon boshqa musulmonlarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmagan kishidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).
Bu hadisga ko‘ra, musulmon so‘zi “barchaga yaxshilik istovchi, dilozorlikdan yiroq” kabi ma’nolarni ifodalaydi.
Shuning uchun ham, musulmonlar o‘zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya’ni salomlashish bilan boshlaydilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarga salom bo‘lsin, Robbingiz O‘z zimmasiga rahmatni yozdi” (An’om surasi, 54-oyat).
Arab tilidagi salom so‘zining to‘rt xil ma’nosi bor.
Birinchisi, “salima” so‘zining masdari “salaam” bo‘lib, u turli “balo-ofatlardan omonda bo‘lish”ni anglatadi.
Ikkinchisi, “salaama” so‘zining ko‘plik shakli, u “tinchlik va omonlik” kabi ma’nolarni bildiradi.
Uchinchisi, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lgan “as-Salom”, ya’ni, “barcha nuqsonlardan salomat, tinchlik-xotirjamlik beruvchi” degan ma’noni anglatadi.
To‘rtinchisi, “salam” ya’ni, “sersoya va hamisha yashil bo‘lib turuvchi daraxt”dir.
Abu Is'hoq Zujajning fikriga ko‘ra, “salaam” so‘zi “sallama”dan olingan bo‘lib, “insonning og‘ir sinov, g‘am-alam va tashvishlardan omonda bo‘lishi”ni anglatadi[1].
Shuningdek, jannatning nomlaridan biri “Dorus-salom” (tinchlik diyori) deb nomlangan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ularga Robbilari huzurida dorus-salom (tinchlik uyi) bordir” (An’om surasi, 127-oyat); “Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi” (Yunus surasi, 25-oyat).
Jannatda faqat tinchlik, xotirjamlik, salomatlik, rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘lgani, unda o‘lim, kasallik, uyqu, g‘am-tashvish degan narsalar yo‘q.
Imom Asfahoniyning fikriga ko‘ra, “salaam” va “salaama” so‘zlari barcha musibat, g‘am, tashvishlardan chetda bo‘lish ma’nosini anglatadi. Alloh bunday marhamat qiladi: “Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” (Shuaro surasi, 89-oyat).
Toza qalb – turli zulm va yomonliklardan holi bo‘lgan qalbdir. Shuningdek, Qur’oni karimda tinchlik, xotirjamlik haqida yana boshqa ko‘plab oyatlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
“U (jannat)larga tinchlik, omonlik ila kiringlar (deyilur)” (Xijr surasi, 46-oyat);
“Bizdan (bo‘lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin!” (Hud surasi, 48-oyat);
“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida surasi, 16-oyat);
“ ... johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda «Salomatlik bo‘lsin!» deb javob qiladigan kishilardir” (Furqon surasi, 63-oyat).
“(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur)” (Yosin surasi, 58-oyat);
“(Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay” (Ra’d surasi, 24-oyat).
Bu oyatlar Islom – tinchlik, omonlik, xotirjamlik va sihat-salomatlik dini ekanining yaqqol isboti sanaladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, yashil daraxt ham Islom so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri hisoblanadi. Arab tili lug‘atiga oid ikki mashhur “Lisanul arab” va “Tahzibul lug‘at” asarlarida Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhining quyidagi so‘zlari keltiriladi:
“As-salaam abadiy yashil, ulkan bir daraxtdir”[2].
Bir qator lug‘atshunos olimlar “as-salaam” so‘zi “yashil daraxt” ma’nosini anglatishini qo‘llab quvvatlashgan. Chunki bu daraxt hatto kuzda sarg‘aymaydi, hech chirimaydi ham.
Buyuk lug‘at olimlaridan biri Abu Muhammad Abdulloh ibn Barriyning fikriga ko‘ra, bu daraxt “salm” deb nomlanadi va uning ko‘plik shakli “salaam” hisoblanadi. Uning bunday atalishiga sabab, daraxt hamisha yashil rangda va sersoya ekanligidir.
Shuningdek, narvon arab tilida “sullam” deb ataladi. Bu haqda Zujaj bunday yozadi: “Sullam” so‘zi “narvon” ma’nosini anglatadi, chunki u orqali sen ko‘tarilmoqchi bo‘lgan joyga sog‘-salomat yetib olasan[3].
Yuqoriga chiqish yoki ko‘tarilishning narvondan boshqa yo‘llari ko‘pincha shikastlanish yo jarohatlanish kabi baxtsiz holatlar bilan yakun topishi mumkin. Shu bois, narvon sababli turli xavf-xatarlardan salomat, xotirjam bo‘lingani uchun arab tilida narvon sullam deb nomlangan. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “yoki osmonga narvon qo‘yib” (An’om surasi, 35-oyat).
“Lisanul-arab” asari muallifi Ibn Manzur esa “sullam” so‘zini quyidagicha sharhlaydi: “Sullam bu – katta chelak degani”[4].
Paqir – quduqdan suv olish vositasi bo‘lib, qadimda odamlar uning yordamida quduqlardan suv olishardi. Lekin nega aynan chelak “sullam” deb ataladi? Chunki odamlar uning yordamida suv tortib chanqog‘ini qondirishgan, uylariga olib ketib, tahorat uchun ishlatishgan.
Suv – barcha maxluqot, jonzot, nabotot va o‘simlik uchun salqinlik, sokinlik, tiriklik va hayot manbai. Shuning uchun unga erishish vosita bo‘lgan chelak “sullam” deyiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Islom – tinchlik, omonlik va xotirjamlik dini. Tinchlik – Islom dinining shiori, bosh g‘oyasi. Uning ta’limoti bashariyatni tinchlikka chaqirish, yer yuzida osoyishta hayot o‘rnatish, insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqirishdan iboratdir. Zo‘ravonlik, janjal, qotillik va buzg‘unchiliklarning har qanday ko‘rinishini qoralaydi hamda ulardan qaytaradi.
Davron NURMUHAMMAD
[1] Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad al-Azhariy. Tahzib al-lug‘at. – Maydon al-jaysh: Dor al-qavmiyya al-arabiyya, 1964. J. 4. – B. 292.
[2] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.
[3] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.
[4] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 201.