Imom G'azzoliy rahmatullohi alayhi: "Safar yaxshi, yomon va mubohga taqsimlanadi", degan. Yaxshi safar hajga va ilm talabiga o'xshash safar bo'lsa, farz bo'ladi. Shuningdek, ulamolarning ziyoratiga o'xshash ishlar bo'lsa, mandub bo'ladi. Yomon safar ota-onasiga oq bo'lish ila bo'lsa, harom, vabo tarqalgan joydan chiqish bo'lsa, makruh bo'ladi.
Safarning mubohligi niyatga bog'liq bo'ladi. Misol uchun, bir kishi safarga chiqdi. Uning niyati — tilanchilikdan saqlanish, ahli-ayoliga muruvvatli bo'lish, hojatidan ortig'ini sadaqa qilish. Bunday safar mazkur niyat ila oxirat ishiga aylanadi. Bir odam haj safariga chiqdi. Niyati – riyokorlik bilan va xo'jako'rsinga haj qilish. Bunday safarda oxirat uchun, degan niyat yo'q. Zotan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, amallar Niyatga bog'liqdir", deganlar.
Safarga borilayotgan yurtda insonga zarur bo'lgan quyidagi besh narsani muhofazasi uchun kafolat bo'lmasa safar qilib bo'lmaydi:
Safarda maqsad hosil bo'lgach, tezda uyga qaytish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Safar azob-uqubatning bir ko'rinishidir. Sizlardan biringiz safarga chiqsa, taomi, ichimligi va uyqusidan to'la bahra ololmaydi, (safarda) istagi hosil bo'lsa, oila-ahliga shoshilsin", deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Safar odoblari va hukmlari erkak va ayollar borasida farqlanadi. Erkaklarning erklari o'z qo'llarida bo'lib, ular o'z xohishlariga ko'ra safar qila oladilar. Ammo ayollarda bunday emas. Ular agar turmush qurgan bo'lsa, turmush o'rtoqlari roziligi va hamrohligi bilan, agar oila qurmagan bo'lsa otasi yoki mahramlari bilan safar qilishlari lozim.
Shu o'rinda safar masofasi haqida ham so'z yuritib o'tamiz. “Kifoya“ kitobida quyidagicha berilgan: "Hanafiy ulamolarning ko'plari: "Safar farsaxlar bilan o'lchanmaydi", deganlar. Boshqa mazhablar: "Safar masofasi to'rt barid bo'lsa, shar'iy safar bo'ladi va unda namozni qasr o'qishga ruxsat bo'ladi", deydilar.
"Barid" masofa birligi bo'lib, bir barid masofa to'rt farsaxga, hadisda kelgan to'rt barid esa o'n olti farsaxga to'g'ri keladi. Bir farsax 5544 metr, to'rt farsax 22176 metr bo'ladi. To'rt barid esa 88704 metr bo'ladi.
"Barid" lug'atda "pochta" ma'nosini bildiradi. Ilgari vaqtda Islom o'lkalarida pochta ishlari otda yurib amalga oshirilgan. Shaharlar orasidagi pochtaxonalar ma'lum masofaga qurilgan. Bir barid bilan ikkinchisining orasi to'rt farsax, ya'ni 22176 metr bo'lgan. Har pochtaxona – baridda xodimlar otlarini boqib, shay bo'lib turganlar, avvalgi baridning xodimlari uzoqdan ko'rinishi bilan yo'lga tayyor bo'lib otni minib turganlar. Ular kelib, pochtani topshirishi bilan bular ot choptirib, olg'a bosganlar. Birinchi va ikkinchi pochtaxona orasidagi masofa o'sha vaqtning taomiliga ko'ra, "barid" deb aytilgan.
Ushbu biz o'rganayotgan rivoyatga ko'ra, to'rt barid, ya'ni 88 km 704 metr joyga safar qilgan odam musofir hisoblangan.
Hanafiy mazhabi o'lchoviga ko'ra, 96 km masofa safar masofasi hisoblangan.
Ba'zi ulamolar yuqorida zikr qilingan vaqt va sharoitda piyoda yurib, har qadamini o'lchab, uch kunlik yo'l 88 km bilan 96 km orasida chiqishiga guvoh bo'lganlar.
Ular tuyaga yuk yuklab, yurgizib ko'rib ham xuddi shu kabi natijaning guvohi bo'lganlar.
Nihoyat, ikki tarafning uslubi ikki xil bo'lsa ham, natija bir xil ekan, degan xulosaga kelganlar. Mana shu miqdordagi yo'lni ayol kishi mahramsiz o'tishi harom amaldir. Bu boradi bir necha hadislar vorid bo'lgan.
Ushbu hadisdan ko'rinib turibdiki, ayol kishini hatto hajga ham yolg'iz o'zini yuborib bo'lmas ekan. Hatto Allohning, dinu diyonatning yo'lida qilinadigan jihodni qo'yib bo'lsa ham, ayolning mahrami bo'lib hajga borish lozim ekanligi ta'kidlanmoqda. Chunki safar mashaqqat va xavfdan xoli emas. Mo'mina ayollarni mashaqqat va xavfda yolg'iz qoldirishga uning mahramlarining erkaklik g'ururlari ham yo'l bermasligi kerak. Yo'lda ayolning xizmatini qilib, qiyinchiliklardan, xavf-xatar va turli ko'ngilsizliklardan himoya etishi kerak.
Mana shu hadislarga binoan ayol kishi faqat mahramlari bilan safarga chiqishlari lozim bo'ladi.
Safarga birga chiqishi mumkin bo'lgan mahramlar haqida ham ma'lumot keltirib o'tsak: "Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Shuningdek, (odatda) ko'rinib turadiganidan boshqa ziynatlarini ko'rsatmasinlar va ro'mollarini ko'kraklari uzra tushirib olsinlar! Ular zeb-ziynatlarini erlari, yo otalari, yo erlarining otalari, yo o'g'illari, yo erlarining o'g'illari, yo o'zlarining aka-ukalari, yo aka-ukalarining o'g'illari, yo opa-singillarning o'g'illari, yo o'zlari (kabi) ayollar, yo qo'l ostilaridagi (cho'ri)lar, yoki ayollardan behojat bo'lgan (ya'ni juda keksayib qolganlar, hunasalar, yoki aqlsiz-devonalar kabi) erkak xizmatkorlar, ayollarning avratlaridan xabardor bo'lmagan yosh bolalardan boshqa kishilarga ko'rsatmasinlar! Yana yashirgan ziynatlarini bildirib, oyoqlarini (erga) urmasinlar! Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey mo'minlar! Shoyad (shunda) najot topsangiz"(Nur surasi, 31-oyat).
Islom ummatining baxt-saodatga erishishi uchun barcha narsani batafsil bayon etib bergan Qur'oni Karim ayollarning ziynatlarini ko'rsatishi mumkin bo'lgan umr yo'ldoshidan tashqari mahram erkaklarni umumiy hukmdan istisno tarzda birma-bir bayon etgan. Buning hikmati oyatda zikr qilingan erkaklar bilan ayolning doimiy muomalada bo'lish zaruratidir. Bu zikr qilingan erkaklar ayol ila qarindoshlik rishtasi bilan bog'liq va fitnaga o'rin yo'q. Demak, ayolning mahramlari bilan tanishib chiqamiz.
Sanab o'tilganlarning barchasi ayolga mahram hisoblanadi. Bular oldida ziynatlarini ochish mubohdir. Alloh taolo yuqoridagi oyatda amaki va tog'alariga oid hukmni bayon etmagan. Fiqh ilmi olimlarning fikriga ko'ra, amaki va tog'alarning hukmlari ham mahramiyat e'tiboridan yaqinlik darajalari sanalgan kishilar bilan birdir. Amaki va tog'alar ota hukmida bo'lgani uchun oyatda alohida sanalmagan. Oyatda aytib o'tilgan qarindosh erkaklar ayolning mahrami bo'lgani kabi emikdosh (bir onaning sutidan ozuqalangan) aka-ukalar ham ayolning mahramilari hisoblanadi.
Agar kuyovi, jiyani, erining boshqa ayolidan o'g'li, emizish yo'liga ko'ra mahramlari fosiq bo'lsa ular bilan bilan safar qilinmaydi. Mana shular agar balog'at yoshiga etgan aqli raso bo'lsa safarda hamroh bo'lishi joiz hisoblanadi.
Imom Zaylaiy: "Majusiylik diniga e'tiqod qiladigan mahramlar bilan safar qilib bo'lmaydi. Chunki ularning e'tiqodiga ko'ra mahramlar nikohi joiz".
Ayol kishining mahramsiz safar qilishi mumkin emasligiga avvalo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir necha hadislarini dalil qilamiz.
Keyingi sabab, fitna ko'payishida qo'rqib mahramsiz safar qilmasin deymiz. Chunki ayol kishi eng katta fitnalardan hisoblanadi va ushbu fitna keng ommalashishini oldini olish esa vojib amallardan biri hisoblanadi.
Islom shariatida ayol kishining zimmasiga hajning farz bo'lishining shartlaridan biri yuqorida aytib o'tganimizdek, safarda u bilan birga mahramining bo'lishidir. Mahrami bo'lmagan yoki bo'lsa ham, birga haj safariga chiqishga qodir bo'lmasa, unday ayollarga haj ibodati farz emas. Agar shu holatda ular mahramsiz hajga borsalar, ularning hajlari makruhi tahrimiy bilan ado bo'ladi. Mahramdan murod xoh nasab jihatidan bo'lsin, xoh emikdoshlik jihatidan bo'lsin, xoh nikoh jihatidan bo'lsin, nikohi abadiy joiz bo'lmagan kishilardir.
Shariatimiz safar mobaynida ayol kishining mahrami doimo birga bo'lishini talab qiladi. Maqolaning avvalida aytib o'tganimizdek, dinimiz ayollarning iffati, hayosi va ularning zaifaliklarini e'tiborga olib, ba'zi xizmatlari mahramlari tomonidan ado qilinishi lozimligini qattiq ta'kidlaydi. Shuning uchun bir ayol o'z vatanidan mahramsiz haj safariga chiqib, Makkai Mukarramada mahrami bilan ko'rishishni niyat qilsa ham, uning safari joiz emas. Hattoki aeroportdan bir mahrami kuzatib qo'yib, boshqa manzilda boshqa bir mahrami kutib oladigan bir necha soatlik safar ham ayol kishi uchun joiz emasdir.
"Ayol kishi xoh yosh bo'lsin, xoh qari bo'lsin u bilan Makka orasidagi masofa uch kunli yo'l bo'lsa, unday ayol haj safariga chiqishi uchun mahrami bo'lishi shart. Muhitda shunday kelgan"(Fatvoi hindiya).
Islom eng nozik xilqat sanalmish ayollarning izzat-obro'larini har qanday holatda ham e'tibordan chetda qoldirmaydi. Ana shu holatlardan biri safar holati bo'lib, shariatimizda ular haqida ham o'ziga xos ko'rsatmalar mavjud. Yaqin masofaga safar qilishda umumiy holatda xavf-xatar uchramaydi. Shuning uchun ayollarning mahramsiz safar qilishlariga ruxsat beriladi. Lekin ana shu yaqin masofaga ham mahrami olib borib qo'yishi ayol kishining izzat-ikromidir. Piyoda yurganda uch kecha-kunduzlik masofaga mahramsiz safar qilish harom sanaladi.
Abu Sa'iyd Hudriy roziyallohudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan ayol uchun uch kunlik va undan ortiq masofaga otasi yoki o'g'li yoki eri yoki aka-ukasi yoki mahram qarindoshisiz safar qilishi xalol bo'lmaydi", dedilar.
Islom bunday safarni balog'atga etgan ayollar va balog'at arafasidagi qizlar uchun harom qilgandir. Ayol kishi tabiatan nozik bo'lib, safar mobaynida turli xil zarurat va ehtiyojlarga duchor bo'ladi. Holbuki, ularning izzat va obro'larining himoyasi muhim bir masala hisoblanadi. Shuning uchun ular safarga o'zlarining mahramlari bilan chiqishlari zarurdir. Balog'at yoshiga etmagan mahram esa o'zi ham bu narsalarga muhtoj hisoblanadi.
Demak, balog'at yoshiga etmagan mahramning safarda ayol kishi bilan birga bo'lishi yoki bo'lmasligi barobar bo'lib, bunda ayol kishi mahramsiz safar qilgan hisoblanadi. "Balog'atga etmagan bolaning mahramlikda e'tibori yo'qdir"(Fatovoi al-Hindiya).
Robiya MANNOBJONOVA,
Toshkent Islom instituti 403-guruh tolibasi.
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD