Qur'oni Karimdagi eng katta oyat qarz oldi-berdisiga oid (Baqara 282). Shundan kelib chiqadiki Islom shariatida pul yoki biror bir mulkni qarzga berish joiz. Lekin vaziyat e'tiboridan qarz berish vojib, makruh gohida harom ham bo'lishi mumkin. Agar inson haqiqatdan ham muhtoj bo'lsa berish – sunnat; biror bir kishini hayotini qutqarish uchun bo'lsa-vojib; lag'u narsalarni sotib olish yoki ishlatish uchun bo'lsa-makruh; shariatda harom bo'lgan ishlar uchun bersa-harom.
Shu sabab qarz beruvchi qarzdordan qayerga va nima uchun ishlatishini so'rashi kerak.
Qarz berishning darajasi sadaqa berishdan yuqoriroq, chunki qarz beruvchi haqdorni ishlashga va qarzini qaytarishga undaydi, sadaqa esa oluvchini o'ziga va o'z mehnatiga emas, boshqalarga umid qilishga o'rgatib qo'yadi.
Qarz olish mumkinligiga qaramasdan, musulmon olmaslikka harakat qilishi kerak. Qarz insonni halovatini va tinchini buzadi.
Luqmoni Hakim bunday deganlar: "Qarz yukini ko'tarishdan ko'ra, og'ir toshlarni ko'targanim yaxshiroq".
Imom Bayhaqiy: "Qarzdan chetlaning! Chunki u kechalari qayg'u va g'amga, kunduzlari esa, xorlikka sabab bo'ladi".
Qarz olayotganda haqdor qarzni o'z vaqtida yoki oldinroq qaytarish niyati bilan olishi shart. Ibn Moja aytadi: "Kim birovning narsasini qaytarish niyati bilan olsa, unga Alloh yordam beradi. Kim ishlatish va qaytarmaslikni niyat qilsa, Alloh uni halok etadi".
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam barcha ishlarimizda bizga o'rnakdirlar. U zot yahudiydan qarz olganlar va garovga sovutlarini berganlar. Bu qarz olishning eng yaxshi ko'rinishidir. Bu holatda qarz olgan beruvchidan qochib yurmaydi, keyinchalik nizolar kelib chiqmaydi. Vafotidan so'ng qarzi qarindoshlariga yuk bo'lmaydi.
Haqdor sadaqa berishi va haj amalini qilishi mumkin emas. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ahli oilasi muhtoj holda bo'lgan va qarzdor kishining sadaqasi qabul qilinmaydi," deganlar. Zero, uning birinchi navbatdagi vazifasi – elkasidagi qarzdan qutilishdir!
Risolat BADRIDDINOVA,
Toshkent Islom instituti 4-kurs tolibasi.
Bugun, 19 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi "Rakat" jome masjidida ado etdilar. Muftiy hazratlari juma namozidan oldin yig‘ilgan jamoatga masjid odoblari mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Darhaqiqat, ma’ruzada aytib o‘tilganidek, masjidlar ehtirom yuzasidan “baytulloh” – Allohning uyi deyiladi. Zero, masjidning devorlari va ustunlari Alloh nomi bilan qurilgan. Ularda Alloh taologa ibodat qilinadi, U Zot ulug‘lanadi, maqtaladi. Unga ruku va sajdalar qilinadi. Zero, Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: “Albatta, (barcha) masjidlar Allohnikidir. Bas, Allohdan boshqaga duo qilmang!” (Jin surasi, 18-oyat).
So‘nggi yillarda yurtimizda bir nechta yirik masjid va ziyoratgohlar obodonlashtirilmoqda. Birgina Samarqand viloyatida barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasini olaylik. Ushbu majmuaning umumiy maydoni 44 gektar bo‘lib, o‘z ichiga mahobatli maqbara, o‘n ming kishiga mo‘ljallangan katta masjid hamda alloma tarixiga bag‘ishlangan zamonaviy muzey bunyod etildi.
Alhamdulillah, bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha 2147 ta masjid faoliyat olib bormoqda. Bu ham bo‘lsa, jamiyatimizda diniy-ma’naviy hayotning yuksalib borayotganidan dalolat. Masjidlar obodligiga bo‘lgan bu e’tibor, shubhasiz, muqaddas dinimizga va uning qadriyatlariga bo‘lgan ehtiromning yorqin ko‘rinishidir. Zero, masjidlarni obod qilishning zamirida inson qadrini ulug‘lash, uning ruhiy-ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlashdek ezgulik mujassam.
Masjid bino qilishning fazli haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi” (Imom Muslim rivoyati).
Manfaatli suhbat yakunida bunday xayrli ishlarga kamarbasta bo‘layotgan mutasaddilar haqqiga xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati