Ba'zan ko'cha-ko'yda, to'yu ma'rakalarda tanishlarimiz bilan uchrashsak, ular hayotidan nolib, ishlari yurishmayotganini, orzu-maqsadlari ro'yobga chiqmayotganidan afsuslanishadi. Tijoratchilar bilan gurunglashsak, savdolari baroridan kelmay, kasodga uchrayotganidan yozg'irishadi. Insonmiz-da, Alloh taolo in'om etgan ne'matlarning qadriga etmaymiz. Gunohlarimiz ko'p, istig'for aytmaymiz.
Gunohlar afv etilishi, solih amallar ko'payishini va yuksak darajalarga erishishni kim ham xohlamaydi. Oila bag'rida, tinch-osuda Vatanda yashash katta baxt-ku! Buning uchun ko'p istig'for aytishga odatlanish kerak.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: «Rabbingizdan mag'firat (kechirim) so'rang, so'ngra Unga tavba qiling, shunda (U) sizlarni ma'lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur...» (Hud surasi, 3-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim istig'forni doimiy aytib yursa, Alloh unga qiyin damlarda osonlikni nasib etadi. Uni o'ylamagan joyidan rizqlantiradi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Har doim istig'for aytish joiz, gunoh qilganda esa vojib bo'ladi. Istig'for aytishning bir necha turlari bor. Ulardan eng ulug'i “Sayyidul istig'for” duosidir. Shaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz alayhissalom: «Istig'forning sayyidi “Allohumma, anta Robbiy. La ilaha illa anta. Holaqtaniy va ana 'abduk. Va ana 'ala ahdika va va'dika, mastato't. A'uzu bika min sharri ma sona't. Abuu laka bini'matika 'alayya va abuu bi zanbiy. Fag'firliy, fainnahu la yag'firuz zunuba illa ant”, demoqdir. Kim uni ishonch bilan nahorda aytsa-yu, o'sha kuni kech kirishidan oldin vafot etsa, jannatga kiradi. Kim uni ishonch bilan tunda aytsa-yu, o'sha kechasi tong otishidan avval bu dunyoni tark etsa, jannat ahlidan bo'ladi”, dedilar».
Duoning ma'nosi: “Ey Alloh, Sen Rabbimsan! Sendan o'zga iloh yo'q. Meni yaratding va men Sening bandangman. Qodir bo'lganimcha Senga bergan ahdimda va va'damda turibman. Sendan qilmishlarimning yomonligidan panoh tilayman. Menga bergan ne'matingni e'tirof qilaman. Gunohlarimni ham tan olaman. Meni mag'firat qil. Albatta, Sendan o'zga gunohlarni mag'firat qiluvchi yo'q”.
Muqaddas dinimizning asosiy manbai – Kalomullohda bunday deyiladi: «Va men: “Parvardigoringizdan mag'firat so'ranglar, albatta U o'ta Mag'firatli bo'lgan Zotdir. (Shunda) U Zot ustlaringizga osmondan yomg'ir quydiradi va sizlarga mol-dunyo, bola-chaqa bilan madad beradi hamda sizlarga bog'u bo'stonlar (ato) qiladi va sizlarga oqar daryolar (ato) qiladi”, dedim»(Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
Ibn Kasirning tafsirida bu oyat quyidagicha sharhlanadi: “Ya'ni agar sizlar Allohga haqiqiy tavba qilsangiz, istig'for aytsangiz va U Zotga itoat etsangiz, rizqingiz ko'payadi. Alloh osmonning barakasidan ustingizga yomg'ir yog'diradi. Yerning barakasidan o'simliklar va turli nabototlarni undirib chiqaradi. Sizlarga ko'p farzand va boyliklar ato qiladi. Shuningdek, Alloh sizlarga turli mevalari bor va o'rtasidan daryolar oqib turuvchi go'zal bog'lar ato qiladi”.
Nuh payg'ambarning qavmi mol-dunyoga ruju qo'ygan edi. Shu sababli u zot qavmini Allohga itoat etishga chaqirgan. Uzoq yillar qilingan da'vatlarni qabul etmay, o'zlariga yuborilgan payg'ambarlarni yolg'onga chiqarishgach, Alloh taolo Nuh alayhissalom qavmiga qurg'oqchilik yuborib, ayollarini tug'mas qilib qo'yadi. Shundan so'ng, agar imon keltirsalar, Alloh ularga yana farovonlik ato qilib, boshlaridagi og'ir kunlarni ketkazishi ma'lum qilinadi.
Hasan Basriy rahimahullohning oldiga bir kishi qurg'oqchilikdan shikoyat qilib kelganida, u zot unga: “Istig'for aytgin!” deb maslahat bergan. Boshqa odam kelib kambag'allik, yana boshqasi befarzand ekanini, boshqa birov erining unumdorligi past ekanidan shikoyat qilib kelganida, Hasan Basriy ularning barchalarini ko'p istig'for aytishga amr qildi.
Shunda Robiy' ibn Subayh: “Oldingizga turli toifadagi odamlar kelib, har xil masalada shikoyat qilishgan bo'lsalar-da, ularning hammasini istig'for aytishga buyurdingiz. Buning sababi nima?”, deb so'radi. Hasan Basriy rahmatullohi alayh yuqoridagi oyatni o'qib bergan ekan..
“Tafsiyrun Nasafiy” kitobida: “Istig'for Allohdan mag'firat qilishini so'rashdir. Agar istig'for aytuvchi kofir bo'lsa, kufrdan istig'for aytadi. Agar istig'for aytuvchi osiy mo'min bo'lsa, gunohlaridan istig'for aytadi”, deyilgan.
Imom Qurtubiy: “Ushbu va Hud surasidagi oyatlar istig'for rizq ko'payishi va mo'l yomg'ir yog'ishiga sabab bo'ladi”, degan.
Shu o'rinda bir voqeani eslab o'tish maqsadga muvofiq. Zakotini o'z vaqtida beradigan, ko'p istig'for aytadigan bir tijoratchi tanishimning mollari saqlanadigan joyga elektr energiyasining nosozligi tufayli o't ketibdi. Barchaning mollari kuyib kul bo'libdi-yu, biroq haligi birodarimizning mollari omon qolgan ekan. Barcha qiziqib buning boisini so'raganida u kishi: “Men har tong ishga kelib va ishdan qaytayotib “Sayiidul istig'for” duosini o'qiyman. Rasulloh sollallohu alayhi va sallam o'rgatgan duoning kuchini ko'rib turibman”, degan ekan.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kimki istig'forni ko'paytirsa, Alloh u (banda) uchun har qanday g'am-tashvish va tanglikdan chiqish yo'li (paydo) qilib, uni o'zi o'ylamagan tomondan rizqlantiradi”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Mo'min banda sababsiz biror muammo va qiyinchilikka duch kelmaydi. Buning asosan ikkita sababi bor. Birinchisi, Alloh qaysi bir bandani yaxshi ko'rsa, uni musibat bilan sinaydi. Bu sinovdan chiroyli sabr bilan chiqib ketgan bandaning gunohlari kechiriladi, imoni ziyoda bo'ladi, qalbi poklanadi.
Muxtasar aytganda, bizni yaratgan Zot, koinotning egasi Alloh taologa qancha ko'p istig'for aytsak, turmushimiz yanada farovon va nurafshon bo'ladi. Istig'for tufayli boshimizga balolar yog'maydi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo'ladi.
Mansur O'ROLOV,
Sergeli tumani “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom noibi
Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsinkim, yurtimizda keyingi yillarda ma’naviy hayotimiz yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan ma’naviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat an’analarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, ma’rifatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidayoq “Iqro!”, ya’ni “O‘qi!” deb amr qilingani ham bu yo‘lning naqadar ulug‘ va sharafli ekanini ko‘rsatadi. Markazning Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga ushbu muborak oyat muhrlab qo‘yilgani zamirida ham mana shunday chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy dargoh, ayni vaqtda o‘tmish va bugunni, an’ana va taraqqiyotni, ma’naviyat va zamonaviylikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan nodir maskan bo‘lishiga iymonimiz komil.
Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi o‘laroq dunyo tamaddunida alohida o‘rin tutadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shganlar. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy, buyuk muhaddis Imom Termiziy, aqida ilmining zabardast namoyandasi Imom Moturidiy, shuningdek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yo‘lning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qoldirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va ma’naviy durdonalarni yanada chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, jamoatchilikka va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Muhtasham maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va ma’rifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qo‘lyozmalar va ilmiy ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, qalbida o‘ziga xos iftixor va mas’uliyat tuyg‘usi uyg‘onishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz o‘z mohiyati va mazmuni bilan o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarmog‘iga shubha yo‘q. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy manbalar jamlangani yurtimiz zaminida kechgan buyuk Uyg‘onish davrlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.
Muqaddas Qur’on zali esa ushbu muhtasham maskanning haqiqiy qalbi sifatida alohida ma’naviy-ruhiy ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yerga butun insoniyat uchun hidoyat manbai bo‘lgan ilohiy kalom — Qur’oni karimning eng qadimiy va nodir nusxalaridan biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon Mus'hafi joylashtirilgan. Ushbu muqaddas kitob asrlar davomida turli zamon va makonlar osha necha-necha tarixiy sinovlarga guvoh bo‘lgan bebaho merosdir. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, XIV asr oxirlarida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan ushbu Mus'haf bir necha asr davomida asrab-avaylangan.
Keyingi yillarda Usmon Mus'hafi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanib keldi. Allohning inoyati va yurtimiz rahbarining tashabbusi bilan 2025 yil 13 noyabr kuni bu noyob va muqaddas kitob Islom sivilizatsiyasi markazining muqaddas Qur’on zaliga olib kelinib, o‘zining yuksak maqomiga munosib sharofatli o‘ringa qo‘yildi. Bu esa, shubhasiz, yurtimizda muqaddas dinimizga, uning ilohiy manbasiga bo‘lgan yuksak ehtirom va sadoqatning yorqin ifodasidir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur Mus'haf markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan bir makonda joylashtirildi. Bu qarorda ham chuqur ma’no mujassam: ilohiy kalom bilan diniy idora faoliyatining bir-biriga uyg‘un holda bo‘lishi islom an’analariga to‘la mutanosibdir.
Shuningdek, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, ushbu zal devorlarida Qur’oni karim oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilamning to‘rt ravoqda joylashtirilgani ham zalning ma’naviy muhitini yanada boyitgan. Bu gilamlar go‘yoki ilohiy kalomning go‘zal ifodasi sifatida qalblarga nur ulashadi, insonni tafakkurga, ibrat olishga chorlaydi. Zero, Qur’oni karimda: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo‘minlarga, albatta, o‘shalarga, ulug‘ ajr borligi xushxabarini berur”, deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, bu muqaddas kitob insoniyat uchun hidoyat, qalblar uchun shifo, hayot uchun dasturdir. Bunday muqaddas maskanda bo‘lish insonni o‘z-o‘zidan tafakkurga chorlaydi, qalbida shukr, ixlos va ezgulikka intilish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Yana bir masala xususida ham to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulug‘ ishlar, barpo etilayotgan ma’naviyat maskanlari, qayta tiklanayotgan muqaddas qadamjolar va bunyodkorlik ishlarining barchasi xalqimizning qalbida shukr, iftixor va umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Yaratgan Robbimizga hamdlar bo‘lsinkim, ana shunday xayrli ishlar yurtimizda keng quloch yoymoqda. Minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun qo‘l ochib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ezgu ishlar bardavom bo‘lishi uchun duo qilmoqdalar. Bu duolar, inshaalloh, ijobat bo‘lib, diyorimizda yanada ko‘proq baraka va fayz-zarafshonlik qaror topadi.
Shu o‘rinda barcha ulamo va mo‘min-musulmonlar nomidan yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar, muqaddas qadamjolarni obod etish, islom qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Bu kabi ezgu ishlar, shubhasiz, xalqimiz qalbida chuqur ehtirom va rozilik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Alloh taolodan mana shunday muborak Hayit ayyomlarida duo qilib so‘raymiz, yurtimiz tinch va osoyishta bo‘lsin, xalqimiz farovon va baxtli yashasin, amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga O‘zi baraka ato etsin. Yurtimizga ko‘z tegmasin, el-yurtimiz osmoni musaffo, barchamizning ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lsin. Alloh taolo doimo diyorimizni tinchlik va xotirjamlik ne’mati ila siylasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy