frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Erdan boshqalar ham nikohni buza oladimi?!

12.11.2021   5472   6 min.
Erdan boshqalar ham nikohni buza oladimi?!

Fiqh kitoblarida nikoh va taloq alohida katta bo'lim tariqasida yoritiladi. Taloqning ichidagi qismlaridan biri bu “Hulu'” masalasi hisoblanadi. Alloh Taolo g'azab qilgan va er-u osmon u sababli larzaga kelgan narsa bu nikoh aqdi bo'langan insonlarning ajrimidir. Hulu ham taloq kabi ajrim hisoblanib, uning taloqdan farqi- ayol kishi tomonidan talab qilingan ajrimdir.  Albatta islom shariatida aql va quvvat jihatdan erkak kishi kuchli sanaladi va barcha masalalar uning tasarrufi orqali amalga oshiriladi. Bu narsa qiyshiq qovurg'adan yaratilgan ayolning ojiza va hissiyotga beriluvchi maxluqotligini Biluvchi Zot tomonidan qo'yilgan buyruq hisoblanadi. Shu sababdan, taloq qilish huquqi erkak kishiga berilgan bo'lib, uni javobgarligini ham erkak kishi bo'yniga yuklatiladi. Ammo shunday vaziyatlar bo'ladiki, ajrim ayol tomondan ham talab qilinishi mumkin. Bu tomonga ham islom shariati munosib qarab, o'z o'rnida ayol kishi ham o'z talog'ini talab qilib olishga huquq berilgan.

 Hulu' so'zi lug'atan “kiyim echish” degan ma'noda ifodalaydi. Shariatda esa xotin kishining arz qilib, bir narsa berib, eri bilan ajrashishiga xulu' deyiladi. Chunki er-xotin Qur'on ta'biri ila bir-biriga kiyim o'rnida bo'ladi. Shu sababdan mana shu lug'aviy ma'nodagi so'z bilan qo'llaniladi.

Alloh taolo Baqara surasida:

Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasligidan qo'rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo'qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ularni buzmang. Va kim Allohning chegaralarini buzsa, bas, o'shalar, ana o'shalar zolimlardir , degan (229-oyat).

Ushbu oyati karima asosida Islom shariatida xulu' hukmi joriy qilingan. Er-xotin birga yashashlarining iloji qolmasa, agar birga tursalar, gunoh ish sodir bo'lishi muqarrar bo'lib qolsa, xotin ajrashishni istasa, eriga fidya (to'lov) berib, uni rozi qilib, ajrashib ketishi joizdir.

Islom dinida birinchi xulu' Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida sodir bo'ldi.  Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Sobit ibn Qaysning xotini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: Ey Allohning Rasuli! Men unga xulqda ham, dinda ham bir ayb qo'ya olmayman, lekin Islomda kufron bo'lishini (ya'ni erimni yoqtirmaganim uchun unga itoatsizlik qilib, gunohkor bo'lishni) ham istamayman , dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (Senga mahr qilib bergan) bog'ini unga qaytarib berasanmi? dedilar. Ha , dedi ayol. U zot (Sobit ibn Qaysga) Bog'ni qabul qilib olgin-da, uni bir taloq qil , dedilar .

Buxoriy va Nasoiy rivoyat qilganlar.

Sobit ibn Qays roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va-sallamning aytganlarini qildi va shu tariqa Islomda birinchi xulu' sobit bo'ldi.

Hulu' boin taloq hisoblanadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xulu'ni bir boin taloq hisoblaganlar. Boin taloq – raj'iy taloqdan farqlin o'laroq er- xotinlik aloqalari o'sha zahotiyoq tamom  bo'ladi.

Bundan tashqari ajrim qozi tomondan ham amalga oshiriladi. Qazoiy ajrimga to'rt fiqhiy mazhablarga ko'ra, quyidagilar sabab bo'ladi:

  • nafaqa qilishdan ojizlik
  • er-xotindagi ayb
  • zarar
  • yomon oilaviy munosabatlar
  • erning g'oyib bo'lishi hamda qamoq.

Ushbu masalalar qozining hukmiga bog'liq bo'ladi.

Nafaqadan ojiz bo'lish. Hanafiy mazhabidan boshqa uch mazhab, ya'ni molikiy, shofe'iy va hanbaliy mazhablarida nafaqadan ojiz bo'lish er-xotin ajratilishiga sabab bo'ladi. Ammo, hanafiy mazhabiga ko'ra, nafaqadan ojizlik sababli er xotin orasi ajratilmaydi. Chunki er goh boy, goh nochor holatda bo'ladi. Agar er boy bo'lib, nafaqa qilmayotgan bo'lsa, ajrimdan boshqa yo'llar qilinadi, masalan qamab qo'yiladi yoki majburan moli nafaqa uchun sotiladi.

Ayb va kasallik. Abu Hanifa va Imom Muhammad uch jinsiy kasallik sababidan er-xotin orasi ajratiladi, deyishgan. Ular:

  1. Majbub – erkak jinsiy a'zosi kesilgan bo'lishi;
  2. Unna – jinsiy ojiz bo'lish;
  3. Hasy – bichilgan bo'lish. Mana shu holatlardagina xotin qoziga shikoyat qilib, ajrim talab qilishga haqli.

Bunda qozining nikohni fasx – bekor qilishi boin taloq bo'ladi.

Janjal va zarar. Janjal – inson hurmatiga ta'na etkazadigan darajadagi qattiq nizo. Zarar – erkak kishining xotiniga gap yoki xatti-harakat bilan aziyat etkazishi. Huddi, so'kish, urish va harom ishlarga majburlashi kabi. Molikiylardan boshqa uch mazhab, agarchi nizo va zarar o'ta darajada kuchli bo'lsa ham, ajrimga sabab bo'lolmaydi. Chunki ayoldagi zararni taloqsiz ham hal etish mumkin, masalan qozining erkakni odobga chaqirishi, jazolashi kabi.Molikiylarda esa, zarar va janjal sababidan tafriq joiz bo'ladi,

Erning yo'q bo'lib ketishi. Agar er g'oyib bo'lsa hanafiy va shofe'iy mazhabiga ko'ra, garchi muddat uzun bo'lsada, erning yo'q bo'lishi sababidan qozi ularning orasini ajratmaydi. Negaki, bu borada birorta shar'iy dalil sobit bo'lmagan.

Toshkent Islom instituti

403-guruh talabasi Orifjonova Mohira

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiyalik vazir: «Prezident Shavkat Mirziyoyevga muhim tashabbus uchun minnatdorchilik bildiraman»

30.07.2026   11184   2 min.
Saudiyalik vazir: «Prezident Shavkat Mirziyoyevga muhim tashabbus uchun minnatdorchilik bildiraman»

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua tarix, ilm-fan va ma’rifatni zamonaviy formatda uyg‘unlashtirgan holda kelajak avlod uchun yangi bilim muhitini yaratayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalarning boy ilmiy merosi hamda raqamli va interaktiv texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.

Tashrif davomida mehmon Markazning ekspozitsiyalari orqali islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik taraqqiyoti, ilm-fan va ma’rifat an’analari, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishdi.

Suadiyalik martabali mehmon Markaz faoliyati haqida fikr bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu majmua islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

«Islom sivilizatsiyasi markazida asrlar davomida shakllangan ilm-fan va ma’rifat tarixini ko‘rib, katta g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qildim. Bu yerda sivilizatsiyaning zamon bilan hamnafas rivojlanganini ko‘rish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu muzey va boy tarixni butun dunyoga tushunarli tilda taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Bu markaz yosh avlodga o‘tmish sivilizatsiyalari haqida chuqur tasavvur beradi, ularni o‘z tarixi bilan bog‘laydi va har bir davrning bugungi taraqqiyot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunday islohotlar va taraqqiyot yutuqlarini ko‘rishdan biz, Saudiya Arabistonidagi birodarlaringiz, chin dildan mamnunmiz», – dedi u.

Fahd Al-Jalajelning fikricha, bunday tashabbuslar turli mamlakatlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni anglash va ilm-fan hamda ma’rifat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari