Muqaddas dinimizda ekin ekishlik ulug' va savobli amallardan xisoblanib, erni obod qilish masalasiga aloxida e'tibor berilgan. Ekilgan ko'chat va daraxtlar xamda o'simliklar doyimo Allox Taologa tasbix aytib turadi. Inson erning go'zalligini nafaqat asrab avaylashi, balki uning yanada gullab yashnashi uchun o'z xissasini qo'shmog'i lozim. Atrof-muhitni muhofaza qilish, kelajak avlodga tabiiy boyliklarini bus-butun etkazish, ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qo'shish oldimizda turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.Ko'chat ekish, dehqonchilik qilish fazilati va ahamiyati nechog'li ulug'dir, muborak kitoblar ko'chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblaridan xabar beradi. Ushbu amal insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so'ng ham manfaat etkazib turadi, ya'ni qiyomat kunigacha sadaqai joriy sifatida banda foydasiga xizmat qiladi.
Mo'min yaxshi niyat bilan ko'chat eksa ulug' ajr-savobga ega bo'ladi. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi musulmon ekin eksa, undan eyilsa unga sadaqa bo'ladi. O'g'irlangani ham uning uchun sadaqadir. Yirtqichlar egani ham uning uchun sadaqadir. Qushlar egani ham uning uchun sadaqadir. O'sha ekindan birortasi manfaat olsa uning uchun sadaqa bo'ladi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati). Hadisdan ko'chat ekish, dehqonchilik qilish nechog'lik ulug' va fazilatlik kasb ekani ma'lum bo'ladi. Ko'chat ekmoqchi bo'lgan kishi nafaqat o'zini, balki, yon atrofdagilar, kelajak avlodlarni ham manfaatini o'ylashi kerak. Bu amalning dehqonga nafaqat tirikligida, balki, vafotidan so'ng ham manfaati etib turadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ummatlarini ko'chat o'tkazish va ekin ekishga targ'ib qilganlar. Anas ibn Molik (roziyallohi anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar qiyomat bo'lib qolsa va birontangizning qo'lida xurmo daraxti bo'lsa, uni ekib qo'ysin”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Atrof muxitni muxofaza qilish, tabiatni, ekin va daraxtlarni asrab avaylash oldimizda turgan muxim vazifalardan biri xisoblanadi.
Yangiyo'l tuman “Imom Sulton”
jome masjidi imom xatibi Narzullayev Odiljon.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati