Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2025   |   21 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:24
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:53
Bismillah
13 Sentabr, 2025, 21 Rabi`ul avval, 1447

Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabrini 540 yil oldin oxirgi ko'rgan inson kim?

10.11.2021   9869   7 min.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabrini 540 yil oldin oxirgi ko'rgan inson kim?

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning yoniga dafn etilgan sahobalar Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar ibn Hattob roziyallohu anhudir. Bu joy “Ravzai mutohhara” deb nomladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrlari joylashgan joy rafiqalari Oisha roziyallohu anhoning uylari edi.

Bugungi kunda “Ravzai mutohhara” Madinadagi Payg'ambar alayhissalom masjidlari, ya'ni Masjidun Nabaviyning ajralmas qismi bo'lib, ziyoratchilar bilan doim gavjum.

Payg'ambar alayhissalom va U zotning ikki sahobasining qabrlari eshik va derazasiz bir nechta devorlar bilan o'ralgan, shuning uchun u erga hech kim to'g'ridan-to'g'ri kirish imkoniga ega emas.

Payg'ambar alayhissalomning qabri Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy qismida joylashgan. Uning shimoliy va janubiy tomonlari 16 metr, g'arbiy va sharqiy tomonlari esa 15 metr.

Ravzai mutohhara atrofidagi ilk devorlar hijriy 678 yilda Zohir Baybars tomonidan qurilgan. Ular yog'ochdan yasalgan va balandligi 3 metr edi. Hijriy 886 (milodiy 1481) yili Payg'ambar alayhissalom masjidida kuchli yong'in chiqadi va yog'och inshootlar vayron bo'ladi. Keyin Sulton Ashraf Kaytbay bu devorlarni bugungi kungacha saqlanib qolgan, biz ko'rib turgan panjaralar bilan almashtiradi.

 

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrining bir nechta eshiklari bor:

    1. Bobi Tahajjud – Ravzaning shimoliy qismida joylashgan. Muhammad payg'ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini o'qigan mehrob;
    2. Bobi Tavba – Ravzaning janubiy qismida joylashgan;
    3. Bobi Oisha yoki Bobi Vufud – Ravzaning g'arbiy qismida joylashgan. Payg'ambar alayhissalom Madinaga kelgan qabilalar va elchilarni qabul qiladigan joyni belgilovchi ustun yonida joylashgan.
    4. Bobi Fotima – qabrning sharqiy qismidagi Fotima roziyallohu anho uyi tomon olib boruvchi eshik. Bu eshik qabr o'ralgan binoning ichki qismiga kirishingiz mumkin bo'lgan yagona eshikdir. Kirish uchun faqat Saudiya Arabistoni hukumatining ruxsati bilan mumkin.

Qabrning sharqiy tomonida “Salomlashish joyi” deb nomlangan oltin panjarali devor joylashgan. Bu erda ziyoratchilar devordagi maxsus teshiklar orqali ichkari ko'rinmasada nazar tashlab, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalariga salom berishlari mumkin.

O'rtada keluvchi aylana va kattaroq teshik ortida Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabri, undan keyingi ikki aylana teshik Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhu qabrlarini bildiradi.

Birinchi teshik va qolgan ikkita teshik o'rtasida Bobi Oisha, ya'ni Oisha onamiz o'z uylariga kirib-chiqib yurgan eshik o'rni joylashgan.

Oltin panjara ustida “Hujurot” surasining 3-oyatini o'qish mumkin:

“Ey mo'minlar, (toki qilgan yaxshi) amallaringiz o'zlaringiz sezmagan hollaringizda behuda-befoyda bo'lib qolmasligi uchun sizlar (payg'ambar bilan so'zlashgan paytlaringizda) ovozlaringizni payg'ambarning ovozidan yuqori ko'tarmanglar va unga bir-birlaringizga ochiq (dag'al so'z) qilgandek ochiq-dag'al so'z qilmanglar!”

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak qabrlari 2 qismga bo'lingan:

      1. Tashqi qismi: Fotima roziyallohu anhoning uyi joylashgan joy bilan qabrning tashqi devori orasidagi bo'shliq.

Bu joyga faqat yuqori martabali amaldorlar va masjid xodimlari kirishi mumkin, ular bu devorga o'rnatilgan peshtaxtani almashtiradilar, tozalash ishlarini olib boradilar. Va shu joydan ichkariroqqa hech kim kira olmaydilar.

      1. Ichkari tomon – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalarining qabrlari joylashgan joy.

Mazkur joy Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xotini Oisha roziyallohu anhoning xonadonlari bo'lib, bu muqaddas xona ketma-ket uchta devor bilan o'ralgan.

Birinchi devor Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik chog'larida, Madinaga ko'chib kelganlaridan ko'p o'tmay qurilgan. U 91 hijriy yili Umar ibn Abdulaziz tomonidan Ka'ba qurilgan toshlarga o'xshash toshlar yordamida qayta qurilgan.

Beshburchak shakldagi ikkinchi devor ham Umar ibn Abdulaziz tomonidan qurilgan. Nega to'rtburchak emas, noodatiy beshburchak shaklida qurilgan deyilsa, bu erni Muqaddas Ka'baga o'xshatib qo'ymaslik va uni mo'minlarning sajdagohiga aylantirmaslik uchun shunday qilingan. Beshburchak devor atrofidagi peshtoqli uchinchi devor hijriy 886 yilda qurilgan. Aynan shu devorni ziyoratchilar panjaradagi aylana 3 ta teshik orqali ko'rishlari mumkin.

Ravzai mutohharaning ichki qismida, ya'ni birinchi devorida mutlaqo eshik va deraza yo'q. Hech kim unga kirish huquqiga ega emas.

Qabrning bu qismiga kirib, Payg'ambar alayhissalom va u zotning sahobalarining qabrlarini 540 yil oldin o'z ko'zlari bilan ko'rgan oxirgi odam Masjidi Nabaviyda sodir bo'lgan kuchli yong'indan keyin tozalash ishlari bilan shug'ullangan olim Ali ibn Ahmad Samhudiy edi.

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabrining sxemasi

 

Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qabri (Yashil rangdagisi)

Umar ibn Abdulaziz tomonidan qurilgan beshburchak devor. Darul Madina muzeyi ko'rgazmasi

Tashqi devor va 5 burchakli devor. Darul Madina muzeyi ko'rgazmasi

TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi

katta o'qituvchisi Kattayev Po'latxon

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘ZBЕKISTON VA QIRG‘IZISTON MUFTIYLARI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KЕLISHDILAR

12.09.2025   4193   1 min.
O‘ZBЕKISTON VA QIRG‘IZISTON MUFTIYLARI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KЕLISHDILAR

#xabar #hamkorlik #muftiy
 Bishkek safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. 

 Muloqotda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari mezbonni Turkiy davlatlar muftiylarining yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani bilan muborakbod etib, ikki mamlakat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan hamkorlik munosabatlari kengayayotgani, ayniqsa, ulamolar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar. 

 Muftiy hazratlari musulmon ummati oldidagi muhim masalalar yuzasidan zamonaviy fatvolar, dolzarb bayonotlar va muhim murojaatlar qabul qilingani barcha xalqlar uchun foydali bo‘lishini ta’kidladilar. Shuningdek, ilmiy anjumanda Sirojiddin O‘shiy Samarqandda Hanafiy mazhabi va Imom Moturidiy aqiydasi bo‘yicha ustozlardan ta’lim olgani, Farg‘ona vodiysida din yo‘lida xizmat qilgani va turkiy xalqlar uchun mushtarak ulamo sanalishini ta’kidlanganini alohida qayd etdilar.

 O‘z navbatida Abdulaziz qori Zokirov O‘zbekiston muftiysini “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlagani munosabati ila samimiy qutlash barobarida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishidagi faol ishtiroki uchun minnatdorlik izhor etdi. Shuningdek, u Ramazon oyi boshlanishi, ikki hayit kunini belgilash va muhim fatvolar e’lon qilishda qardosh muftiylar doimo O‘zbekiston muftiysining xulosalariga tayanishlarini e’tirof etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O‘ZBЕKISTON VA QIRG‘IZISTON MUFTIYLARI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KЕLISHDILAR O‘ZBЕKISTON VA QIRG‘IZISTON MUFTIYLARI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KЕLISHDILAR O‘ZBЕKISTON VA QIRG‘IZISTON MUFTIYLARI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KЕLISHDILAR O‘ZBЕKISTON VA QIRG‘IZISTON MUFTIYLARI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISHGA KЕLISHDILAR
Dunyo yangiliklari