8 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlari raisliklarida joylardagi bosh imomlar oldidagi muhim masalalarga bag'ishlangan onlayn muloqot o'tkazildi.
Muftiy hazratlari o'z so'zlarida barcha imom-domlalarni mo'min-musulmonlar ehtiyojlarini to'la ta'minlash, islom ummati birligini mustahkamlash va o'lkamiz farovonligi yo'lida elkami-elka mehnat qilishga da'vat etdilar. Din peshvolari avvalo xalqimiz tomonidan berilgan ishonchni oqlash darkorligi, buning uchun esa tinimsiz mehnat qilish, izlanishlar olib borish va kasb-mahoratni muttasil oshirish zarurligiga e'tibor qildilar.
Muftiy hazratlari imom-xatiblar shariat va ibodatga tegishli masalalarni doimiy o'rganib borishi, malaka oshirish kurslari tashkil etilishi, aholi bilan ishlash ko'lamini kengaytirish, kunlik namozlarda qavm bilan suhbatlar qilish, internetda chiqishlar salmog'ini oshirish, ish faoliyatda halollik va sadoqatni bosh mezon, deb bilish barobarida imomning eng asosiy fazilati Allohga taqvo qilish ekaniga katta urg'u qaratdilar.
Muloqotda so'zga chiqqanlar tomonidan bugungi hayot talablari qat'iylashib borayotgani, zamonaviy tahdidlar va xurujlarga imom-xatiblar birinchi navbatda qarshi turishlari alohida qayd etildi. O'z navbatida, har bir diniy soha xodimi o'zi mas'ul bo'lgan ishni tanqidiy baholash bilan bir qatorda zimmasiga yuklatilgan vazifani mas'uliyat bilan bajarish ta'kidlandi.
Yig'ilishda O'zbekiston musulmonlari idorasi Markaziy apparatida amalga oshirilgan yangi tayinlovlar haqida ma'lumot berildi. Jumladan, Masjidlar bo'limi, Kadrlar bo'limi, Halqaro aloqalar bo'limi va Huquqshunoslik bo'limi mudiri vazifasi tayinlangan kadrlar bosh imom-xatiblarga tanishtirildi hamda hamjihatlikda ishlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
Yig'ilishda ko'tarilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 15 iyul kuni imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil qilish bo‘yicha Sirdaryo viloyati Xovos tumanida navbatdagi amaliy tadbir o‘tkazildi. Namunaviy-amaliy tadbir yig‘ilishi mazkur tumandagi "Xovos" jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Habibulloh domla Zokirov yig‘ilishga boshchilik qildi. Shuningdek, vakillik xodimlari, tuman, shahar bosh imom-xatiblari hamda otinoyilar, mahallalardagi “Haj – 2025” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi 20 ta mahalladagi 120 ta xonadon holidan xabar olindi. Jumladan, nogironligi bor xonadonlar, notinch oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qamrab olindi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati