Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onda o'ttiz oyatdan iborat bir sura bor. Kim uni o'qisa, gunohlari kechirilgunicha shafoat qiladi. U Taborak surasidir”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Taborak surasi “shafoatchi” nomi bilan mashhur. Shu sabab bo'lsa kerak, ko'p musulmon diyorlarida, xususan bizning yurtda mayyit dafn etilgandan keyin Taborak surasi o'qiladi.
Sahobalar bu surani “qutqaruvchi” deb atashgan. Zero, Taborak surasi bandani shafoat qilishi haqida rivoyatlar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Qur'ondagi o'ttiz oyatdan iborat sura sohibini jannatga kiritguncha tortishadi. Bu Taborak surasidir”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Anas ibn Nufayldan rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni bir banda tiriltiriladi. U bironta ham gunohni qoldirmay hammasini qilgandi. Biroq Allohni yagona deb bilar, Qur'onning faqat bitta surasini o'qirdi. Uni do'zaxga kiritish buyuriladi. Shunda o'sha kishining ichidan bir narsa uchqundek otilib chiqib: “Yo Alloh! Men Payg'ambaring alayhissalomga nozil qilganing (Qur'ondan) bir suraman. Mana bu bandang meni o'qirdi”, deydi. O'sha sura bandani jannatga kiritgunicha shafoat qiladi. Taborak surasi (Allohning izni bilan bandani azobdan) qutqaradi (Imom Daylamiy rivoyati).
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men (Taborak surasi) ummatimdan har bir mo'min banda qalbida bo'lishini xohlardim”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Mehmonni hurmat qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi so‘z aytsin yoki jim bo‘lsin”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
2. Mehmonni ochiq yuz va shirin so‘zlar bilan kutib olish.
Ummu Hone’ roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganimda: “Marhabo! Xush kelibsiz! Ey Ummu Hone’”, deb qarshi oldilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Avzo’iy rahimahulloh: “Mehmonning hurmati unga ochiq yuz bilan xizmat qilishdir”, degan.
3. Mehmondorchilikka taqvodor, dinu-diyonatli iinsonlarni taklif qilish.
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faqat mo‘min bilan birga (yo‘ldosh) bo‘l. Taomingdan faqat taqvodorgina tanovul qilsin”, dedilar.
4. Mehmonlarni dasturxon oldida yolg‘iz qoldirmay, yonida gaplashib o‘tirish, birga yeb-ichish.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anho onamizga: “Mehmoning bilan o‘zing ham ovqat yegin, chunki mehmon yolg‘iz o‘zi yeyishdan hayo qiladi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
5. Taomni avval yoshi ulug‘lardan boshlash, keyin o‘ng tomondagilarga uzatish.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam odamlarga suv uzatsalar: “Kattalardan boshlang”, der edilar.
Agar mehmonlar yoshda barobar bo‘lsalar, o‘ng tomondan uzatiladi.
6. Mehmon bir luqma taom yeganidan so‘ng, hadeb “oling”, “oling” deb uni yeyishga majburlanmaslik.
7. Mehmonni eshik oldigacha kuzatib qo‘yish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mehmonni eshik oldigacha kuzatib borish sunnatdir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
8. Mezbonning haqiga duo qilish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam mehmon qilgan kishining haqiga duo qilardilar:
اللهم بارك لهم فيما رزقتهم واغفر لهم وارحمهم
“Allohumma barik lahum fiyma rozaqtahum vag‘fir lahum va arhamhum”
“Yo Alloh, bu xonadon ahlining rizqiga baraka ber, ularning gunohlarini mag‘firat qil va ularga rahm ayla!” (Imom Muslim rivoyati).
أللهم أطعم من أطعمني واسق من سقاني
“Allohumma at’im man at’amaniy, vasqi man saqoniy”
“Yo Alloh, meni taomlantirgan kishilarni Sen ham taomlantirgin, meni suv bilan sug‘organ kishilarni sen ham serob qilgin!”.
أفطر عندكم الصائمون وأكل طعامكم الأبرار وصلت عليكم الملائكة
“Aftara indakumus soimuna va akala toa’makumul abror va sollat alaykumul maloika”
“Xonadoningizda ro‘zadorlar og‘iz ochsin, taomingizni yaxshilar yesin va sizlarga farishtalar salavot aytib, haqingizga duo va istig‘for aytsin!” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD