Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onda o'ttiz oyatdan iborat bir sura bor. Kim uni o'qisa, gunohlari kechirilgunicha shafoat qiladi. U Taborak surasidir”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Taborak surasi “shafoatchi” nomi bilan mashhur. Shu sabab bo'lsa kerak, ko'p musulmon diyorlarida, xususan bizning yurtda mayyit dafn etilgandan keyin Taborak surasi o'qiladi.
Sahobalar bu surani “qutqaruvchi” deb atashgan. Zero, Taborak surasi bandani shafoat qilishi haqida rivoyatlar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Qur'ondagi o'ttiz oyatdan iborat sura sohibini jannatga kiritguncha tortishadi. Bu Taborak surasidir”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Anas ibn Nufayldan rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni bir banda tiriltiriladi. U bironta ham gunohni qoldirmay hammasini qilgandi. Biroq Allohni yagona deb bilar, Qur'onning faqat bitta surasini o'qirdi. Uni do'zaxga kiritish buyuriladi. Shunda o'sha kishining ichidan bir narsa uchqundek otilib chiqib: “Yo Alloh! Men Payg'ambaring alayhissalomga nozil qilganing (Qur'ondan) bir suraman. Mana bu bandang meni o'qirdi”, deydi. O'sha sura bandani jannatga kiritgunicha shafoat qiladi. Taborak surasi (Allohning izni bilan bandani azobdan) qutqaradi (Imom Daylamiy rivoyati).
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men (Taborak surasi) ummatimdan har bir mo'min banda qalbida bo'lishini xohlardim”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot bo'limi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Eshonqulov xizmat safari bilan Polsha Respublikasida bo‘lib turibdi.
Kecha, 24 noyabr kuni shom namozini ado etish maqsadida Polsha Respublikasi poytaxti Varshavadagi “Markaziy” masjidga tashrif buyurildi. Zayniddin domla Eshonqulov shom namoziga imomlikka o‘tib, namozdan so‘ng, namozxonlar va vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbat o‘tkazildi.
Shuningdek, tashrif davomida Polsha muftiysi Tomash Mitskevich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinib, muftiy janoblari Imom Buxoriy majmuasi ochilishi va Islom sivilizatsiyasi markaziga taklif etildi. Tomash Mitskevich mazkur taklifdan katta mamnuniyat izhor qilib, albatta O‘zbekistonga borish niyati borligini bildirdi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda ish olib borishga tayyorligini ta’kidladi.
Xufton namozi Varshavadagi “Fotih” masjidida ado etildi. Namozdan keyin vatandoshlarimiz bilan uchrashuv o‘tkazilib, safar odoblari, yurtdan uzoqda bo‘lganda ham oila va yaqinlar bilan aloqani uzmaslik, silai rahimni unutmaslik kabi muhim masalalar haqida ma’ruza qilindi. Tashrif davomida yurtdoshlarimizning savollariga javob berildi va duoi-xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati