Tatariston muftiysi Shayx Kamil hazrat Samigullin muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlariga tabrik yo'lladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
– Mening Sizni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi lavozimiga saylanganingiz bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Sizga ushbu mas'ul lavozimda Alloh taolo Islom va barcha o'zbek ummati manfaatiga xizmat qilish ishlaridagi barcha samimiy niyat va ezgu ishlaringizni muvaffaqiyatli ro'yobga chiqarish imkonini bersin, sizga to'g'ri qarorlarni ko'rsatsin, o'z atrofingizda hamfikr insonlarning sodiq jamoasini to'plash imkonini ato etsin, mustahkam sog'liq, sabr-toqat va uzoq yillik samarali kasbiy yo'lni baxshida etsin.
Alloh taolo Siz va Sizning yaqinlaringizni ezgu niyat va ishlaringiz uchun o'z rahmatini darig' tutmasin.
Shayx Kamil hazrat Samigullin,
Tatariston muftiysi
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati