Moskva muftiysi Al'bir Krganov 2021 yil 19 oktyabr' kuni Ulamolari Kengashida saylangan Diniy idora raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlariga tabrik yo'lladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
– Rossiya musulmonlari diniy jamoasi va shaxsan o'z nomimdan Sizni O'zbekiston muftiysi va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi mas'ul lavozimiga saylanganingiz bilan chin dildan tabriklayman. Sharafli martabani qabul qilar ekansiz, Siz shak-shubhasiz zimmangizga yuklatilgan ulkan mas'uliyat ulushini his qilasiz.
Siz ko'p yillar davomida tinchlik, ezgulik va diniy bag'rikenglik tamoyillariga amal qilgan holda Respublika musulmon jamoasining manfaati uchun tinmay xizmat qilib kelmoqdasiz. Butun umringizni islomning insonparvarlik qadriyatlariga sidqidildan xizmat qilish, ma'naviy-axloqiy ustozlik qilish, odamlarga yordam berishga bag'ishlandingiz, jamoatchilikning tan olishi va mo'min-musulmonlarning muhabbatiga sazovor bo'ldingiz, shu tufayli avvalroq Toshkent shahar bosh imom-xatibi martabasiga loyiq, deb ko'rilgan edingiz.
Rossiya musulmonlari diniy jamoasi Sizning ummatning gullab-yashnashi uchun qo'shgan hissangiz, shuningdek bizning diniy an'analarimiz izdoshlarining do'stona muloqoti va hamkorlikning rivojlanishi yo'lidagi sa'y-haraktalaringizni yuqori baholaydi. Sizning fidokorona faoliyatingiz jamiyatning ma'naviy va axloqiy asoslarini saqlash va oshirish hamda tinchlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar juda yuqori darajada ekanini ko'rish insonga mamnuniyat bag'ishlaydi – bu, shubhasiz, an'anaviy islomning saqlanishi va rivojlanishiga xizmat qiladi.
Rossiya musulmonlari diniy jamoasi uzoq yillar davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan an'anaviy islom, ta'lim, ma'naviyat va madaniyatlararo muloqotning asoslarini mustahkamlash, shu jumladan Sizning ajoyib mamlakatingiz tabarruk qadamjolari bo'yicha ziyorat turizmni rivojlantirish sohasida yaqindan hamkorlik qilishadi. Biz chin dildan mamlakatlarimiz insonlari o'rtasidagi do'stona munosabatlarni qadrlaymiz.
Ushbu kunda quvonch hislarini Sizga bo'lishgan holda, uzoq va samarali hayot davomida sihhat-salomatlik, qarorlarni qabul qilishda donolik, shuningdek din va jamoat xizmati yo'lida yanada muvaffaqiyatlarni duo ila tilab qolamiz.
Alloh taolo imoningiz mustahkamligini saqlasin, ikki dunyo saodatini ato etsin, ezgu ishlar ajrini bersin va U Zotning sevimli Elchisi Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning bebaho merosini munosib saqlash va ko'paytirishga yordamlashsin.
Hurmat va ezgu duolar bilan,
Al'bir hazrat KRGANOV,
Moskva muftiysi, Rossiya musulmonlari diniy jamoasining rahbari, Rossiya Federatsiyasi Jamoatchilik palatasi a'zosi
“Hidoya” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston musulmonlari idorasining respublika va xalqaro maydonida faoliyati” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Kamolov, Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Shavkatjon Xamdamov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili Musoxon domla Abbosiddinov ishtirok etdilar.
Uchrashuv avvalida Musoxon domla Abbosiddinov ishtirokchilarni mehmonlar bilan tanishtirib, tashrifning asosiy maqsadi va mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. U kishining ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar talabalarning dunyoqarashini boyitish, amaliyotdagi islohotlar bilan yaqindan tanishtirish va ularni mas’uliyatli yo‘lga rag‘batlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muzaffar Kamolov o‘z ma’ruzasida dinimiz ravnaqi, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, masjidlar faoliyatini takomillashtirish yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bitiruvchi kurs talabalariga qaratilgan qimmatli tavsiyalar ham berildi. U kishi talabalarga amaliyot davomida biriktirilgan masjidlarda xolis niyat bilan, vijdonan va mas’uliyat bilan xizmat qilish, bu xizmatni Alloh roziligi uchun ado etish kerakligini ta’kidlab o‘tdilar.
Shavkatjon Xamdamov mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy soha va xalqaro aloqalar yo‘nalishida erishilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidiga ko‘ra: Diniy idoraning xalqaro nufuzi yuksalib bormoqda, bir qator nufuzli tashkilotlar bilan yangi memorandumlar imzolanmoqda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirda 5 ta yirik xalqaro tashkilotga a’zo, shuningdek, Muftiylar kengashining ham to‘laqonli a’zosi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shavkatjon Xamdamov bu imkoniyatlar diniy sohamizga berilgan katta e’tibor va ishonch belgilari ekanini, ularni qadrlash va mas’uliyat bilan ishlash zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlarning ezgu fikr va tavsiyalari yosh avlodning mustaqil fikrlaydigan, bilimli, xalol va vijdonli diniy soha xodimi bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim muassasasi Matbuot xizmati