Muftiy-Shayx Ravil Gaynutdin 2021 yil 19 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolari Kengashida saylangan Diniy idora raisi, muftiy Nuriddin domla Holiqnazarovga tabrik yo'lladi. Unda jumladan shunday deyiladi:
– Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi, Rossiya muftiylari Kengashi va o'z nomimdan Sizni yuksak lavozimga tayinlaganingiz bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Alloh taolodan Sizga sihat-salomatlik va uzoq umr ato etishini so'rayman.
Musulmon xalqlari yaqinligining boy tarixiga asoslangan ikki tomonlama Rossiya – O'zbekiston munosabatlarining ko'p qirraliligini yuqori baholaymiz. O'zbekiston va Rossiya musulmonlari ko'p asrlik qardoshlik va birodarlik tarixiy aloqalariga egadir. Bunga muborak Islom dini asosi bo'lgan tinchlik va yaratuvchilik g'oyalari zamin bo'lmoqda.
Sizga kelgusi ishlaringizda Alloh taolodan mustahkam sog'liq, ma'naviy va jismoniy kuch-quvvat ato etishini so'raymiz. Rossiya va O'zbekiston, qolaversa, butun dunyo musulmonlari manfaati uchun musulmon idoralarning yanada samarali hamkorligi rivojlanishiga chin dildan umid qilamiz.
Sizga va yaqinlaringizga baxt va farovonlik tilaymiz. Omin!
Hurmat va ezgu duolar ila,
Muftiy-Shayx Ravil Gaynutdin
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasi raisi
Rossiya muftiylar kengashi raisi
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi
Diniy birlashmalar bilan aloqalar Kengashi a'zosi
Mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan xorijda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz holidan xabar olish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida bir guruh taniqli ulamolar va imom-xatiblar xizmat safariga yo‘l olgan edi.
Ayni paytda Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turgan Shahrisabz shahridagi “Hazrati Imom” masjidi imom-xatibi Akmal qori Nizomov vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Jumladan, Mokpo shahrida mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan samimiy muloqotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — vatandoshlarimizga muborak Ramazon oyini ko‘tarinki ruhda, ibodat va ezgu amallarga boy tarzda o‘tkazishlariga ko‘maklashish, ularning diniy savodxonligini yanada oshirishdan iborat.
Suhbatlar davomida ro‘za tutishning fazilatlari, tarovih namozining ahamiyati, sabr-qanoat, ahillik va o‘zaro hurmat masalalari atroflicha yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar xorijdagi yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning yuksak ma’naviy ruhini mustahkamlash va Vatan bilan bog‘liqlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati