Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qaysi biringiz yotog'iga yotsa, izorining ichki tarafi bilan to'shagini qoqib yuborsin. Zero, u o'zidan keyin to'shagiga nima kirganini bilmaydi. So'ngra bunday deydi: “Robbim! Noming ila yotdim va Sen ila turaman. Agar jonimni olsang rahm qil. Agar jonimni yuborsang (ya'ni, uyg'onganda ruhi qaytarilishi) uni solih bandalaringni saqlaganingdek asra” (Imom Buxoriy rivoyati).
Inson uxlash uchun yotar ekan, uning tanasidagi turli hasharotlar va zararli hujayralar tanadan ko'rpaga o'tadi. Ushbu zararli hujayralar turli kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo'ladi. G'arb olimlari ushbu hujayralar vaqtida tozalanmasa, ko'payib, kasalliklar keltirib chiqarishini aniqladilar.
Ushbu muammoni bartaraf etish yo'llarini bir necha yillar davomida izladilar. Eng kuchli tozalash vositalarini ishlatib, ko'rpani yuvdilar. Lekin undagi zararkunanda hasharotlar qimir etgani ham yo'q. Oxir oqibat ko'rpani qo'l bilan uch marta qoqib ko'rishdi. Natijada, o'lik hujayra va boshqa parazitlardan asar ham qolmadi.
Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!
Davron NURMUHAMMAD
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.