Har bir inson tabiatida yaxshi va yomon sifatlar mavjud. Inson yaxshi sifatlarni asrasa, yomon sifatlar zararini bilib, ulardan xolos va salomat bo'lishga harakat qiladi. Insonlardagi yomon sifatlardan biri tuhmatdir. Sharq xalqlari tuhmat qilishni gunoh hisoblab, undan o'zlarini yiroq tutishga harakat qilishadi.
Tuhmat nima? “O'zbek tilining izohli lug'ati” kitobida: “ Tuhmat –(arabcha, ayblash, ayblov). Birovni ayblash yoki qoralash maqsadida o'ylab chiqarilgan asossiz da'vo, bo'hton” degan izoh beriladi.
Biror kishini aytmagan gapi yoki qilmagan ishi uchun ayblashga tuhmat deyiladi. Bir kishi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: “G'iybat nima?” deb so'radi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishi eshitsa xafa bo'ladigan gaplar bilan u haqda gapirishing g'iybat bo'ladi”, dedilar. U kishi yana so'radi: “Aytgilgan gaplar o'sha insonda bo'lsa-chi?”. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Agar aytilgan narsa o'sha odamda bo'lsa, g'iybat qilgan bo'lasan, bo'lmasa esa tuhmat qilgan bo'lasan”, debjavob berdilar.
Tuhmat barcha yomonlikning boshlanishi va jinoyat hamda zulm uning hosilasidir. Tuhmat insonlarning yomon xulqlaridan bo'lib, u o'sha insonga ko'p kulfatlar olib keladi. Hazrat Alisher Navoiy bunday yozadilar:
Badg'o'yki o'z qilg'ani rahmatdur anga,
Orom xaloyiq sori tuhmatdur anga,
Kim xo'yi yamon bo'lsa, mashaqqatdur anga,
Kim xo'yi aning yaxshi g'animatdur anga.
Tuhmat qilish insonlarning qalbini yaralashdir. Luqmoni Hakim farzandlariga tuhmat qilishdan saqlanish haqida bunday deydilar: “Ey farzand, odamlarni turli bo'lar-bo'lmas tuhmat gaplar bilan ranjitma! Bolta insonning vujudini yaralasa, tuhmat insonning qalbini yaralaydi”.
Bir odamning qilmagan ishini qildi, deb gapirish o'sha insonga zulm qilishdir. Zulm esa og'ir gunohdir. Zulmdan nafrat, nafratdan dushmanlik kelib chiqadi. Ayrim kishilar dushmanidan o'ch olish uchun tuhmat uyushtiradi. Turli xil uydirmalarni to'qib chiqaradi. Dushmanni engish uchun tuhmatni qurol qilib ishlatadi. Chunki tuhmat orqasida boshqalar uchun katta fojia turadi. Arzimagan bir gap odamning taqdirini yomon tarafga o'zgartirib yuborishi mumkin.
Biror kimsaga nisbatan yomon gumon qilish ham nohaq tuhmatga olib boradi. Shu sababli, avvalo birovga yomon gumon qilishdan tiyilish lozim. Alloh taolo insonlarni bir-birlaridan yomon gumon qilishdan qaytarib bunday marhamat qiladi: “Ey insonlar, odamlardan yomon gumon qilishdan ehtiyot bo'linglar. Inson o'zining ba'zi badgumoni bilan gunohkor bo'lur” (Hujurot surasi, 12-oyat).
Insonlar bir-birlaridan yomon gumon qilishdan ehtiyot bo'lishlari lozim. Zero, birovdan gumon qilish boshqa gunohlarga etaklaydi.
Ba'zilar foyda ko'rish uchun tuhmat gapni gapirishadi. Birov zarar ko'rmaslik uchun yoki zararni ketkazish uchun tuhmat qilishadi. Shu yo'l bilan foyda ko'rmoqchi yoki balodan qutulmoqchi bo'lishadi. Aslida, tuhmatdan foyda ko'rish yo'q. Chunki tuhmat yolg'on so'zlardan iborat bo'lib, yolg'on so'zlarda faqat xatar bor, najot yo'q.
Ba'zi bir odamlar boshqalarni o'zlariga jalb qilish, o'zlarini gapbilarmon qilib ko'rsatish uchun tuhmat gaplarni gapirishadi. Donishmandlar: “Boshqa insonlarga tili bilan ozor beradigan, tuhmat qilib yashashdan ko'ra, tilsiz bo'lib tug'ilgan yaxshidir”, deganlar.
Tuhmat insonlarga nisbatan qilingan zulmdir. Insonning insonga qilgan zulmini o'sha zulm qilingan odam oldin kechmasa, uning gunohini Alloh taolo ham kechirmaydi.
Tuhmat insonning barcha savob ishlarini ketkazadi, tuhmat qilgan ham tuhmatni ma'qullagan yoki uni eshitgan ham gunohga sherikdir. Birov tuhmat qilib gapirsa, uni tuhmatdan qaytarish o'rniga, uning gaplarini ko'tarib chopadigan odamlar ham ko'plab topiladi. Birovdan eshitgan gapni gapiraverish gunohni ko'paytirishdir. Tuhmat qilingan odam tuhmat qilinganligini eshitsa, unga sabr qilsa, u katta ajrni qo'lga kiritadi.
Inson tuhmatga uchraydigan joylarga borishdan, o'zini tuhmatga tushib qolishdan saqlashi lozim.
Tuhmat jamiyat kishilari o'rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini uzadi. Ular o'rtasida o'zaro hamjihatlik, yaxshi ishlarda hamkorlik qilish fazilatlarini yo'qqa chiqaradi. U tufayli jamiyat kishilari orasida o'zaro ishonch, bir-birlariga mehr-muhabbat bilan qarash, do'stlik, birdamlik kabi fazilatlarga o'rin qolmaydi. Tuhmat insonlardagi dushmanlik, nafrat, g'iybat, ichi-qoralik, chaqimchilik kabi salbiy xulqlarni yuzaga chiqarib, ularni insonlarda tomir otishiga sababchi bo'ladi. Bu yomon xulqlar tufayli qancha-qancha insonlarga sababsiz ozorlar etadi. Shu sababli xalqimiz: “Nohaq, quruq tuhmatdan asrasin” deb duo qiladi.
Aslida, insonlar doimo bir-birlariga yaxshilik sog'inib yashashlari lozim. Zero, insonlar o'rtasida insongarchilikdan kutilgan maqsad ham yaxshilik qilishdir. Biror insonga yaxshilik qilish qo'limizdan kelmaydimi, unga yomonlik qilishdan ham tiyilaylik.
R. Akbarov,
O'MIning Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur majmua tarix, ilm-fan va ma’rifatni zamonaviy formatda uyg‘unlashtirgan holda kelajak avlod uchun yangi bilim muhitini yaratayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vaziri Fahd Al-Jalajel O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, islom sivilizatsiyasi tarixi, buyuk allomalarning boy ilmiy merosi hamda raqamli va interaktiv texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmon Markazning ekspozitsiyalari orqali islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik taraqqiyoti, ilm-fan va ma’rifat an’analari, Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida yetishib chiqqan allomalarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda madaniy merosni asrash va targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
Suadiyalik martabali mehmon Markaz faoliyati haqida fikr bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu majmua islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va ma’naviy merosini zamonaviy muzeyshunoslik yechimlari orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
«Islom sivilizatsiyasi markazida asrlar davomida shakllangan ilm-fan va ma’rifat tarixini ko‘rib, katta g‘urur va iftixor tuyg‘ularini his qildim. Bu yerda sivilizatsiyaning zamon bilan hamnafas rivojlanganini ko‘rish mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevga ushbu muzey va boy tarixni butun dunyoga tushunarli tilda taqdim etish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdorchilik bildiraman.
Bu markaz yosh avlodga o‘tmish sivilizatsiyalari haqida chuqur tasavvur beradi, ularni o‘z tarixi bilan bog‘laydi va har bir davrning bugungi taraqqiyot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bunday islohotlar va taraqqiyot yutuqlarini ko‘rishdan biz, Saudiya Arabistonidagi birodarlaringiz, chin dildan mamnunmiz», – dedi u.
Fahd Al-Jalajelning fikricha, bunday tashabbuslar turli mamlakatlar o‘rtasida madaniy muloqotni mustahkamlash, umumiy sivilizatsion merosni anglash va ilm-fan hamda ma’rifat sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim poydevor vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati