Mamlakatimizda asrlar davomida qad ko'tarib turgan tarixiy yodgorliklar, me'moriy obidalar, qadamjolar, masjid va madrasalar, ulug' shayxlar maqbaralari qatorida Langar ota majmuasi Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langar qishlog'ida dengiz sathidan ming metr balandlikda joylashgan, deb xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Langar ota nomi bilan atalishiga sabab nima?
Chiroqchi tumanida ham aynan shu nomdagi yodgorlik va qishloq bor. Mazkur ziyoratgohning Langar ota nomi bilan atalishi sababi turli manbalarda turlicha talqin qilingan. Hususan, langar atamasi ko'proq muvozanatni saqlash, harakatni bir maromda tutib turish ma'nosini anglatadi. Ba'zi rivoyatlarda islom dinida so'fi va darveshlar langar tashlash orqali joylashadigan erlarini aniqlashgani, shuningdek, bu atama mo'g'ulcha "lango'r" – qabr, ya'ni eng katta avliyoning qabri yoki boshqacha ta'rifda musofirxona, xayr-ehson tarqatiladigan joy, aziz-avliyolar langar tashlagan makon ma'nolarini berishi aytiladi. Langar atamasi to'g'risida boshqa fikrlar ham mavjud. Ya'ni u tarixiy shaxs emas, joy nomi bilan bog'liq bo'lib, markaz, qal'a, qo'rg'on, bandargoh so'zlariga qiyoslanadi. Aytishlaricha, ilgari har ikkala joydagi daryolar nihoyatda sersuv bo'lib, hatto kemalar qatnagan ekan. Langar qishloqlari esa kemalar to'xtaydigan, aniqrog'i, langar tashlanadigan joy bo'lgan.
“Tuya uchinchi bor cho'kkan joyda qurilgan” masjid
Langar ota masjidiga HIV asr oxirida Shayx Abulhasan asos solgan. U Buxorodan irshod xatini olgach, ushbu manzil tomon yo'l olgan ekan. Shayxning piri u kishiga «Mingan tuyangiz uchinchi marta cho'kkan joyda masjid barpo eting»,- degan ekan. Tuyasi so'nggi bor hozirgi Langar qishlog'i, ya'ni masjidning o'rniga cho'kibdi va Shayx Abulhasan shu erga masjidning poydevorini qo'yibdi. Mahalliy aholi u kishiga murid bo'lib, masjid qurilishida ko'maklashgan ekan.
Zarhal devordagi sirli yozuvlar
Langar ota masjidi islom olami me'morchilik san'ati bilan mahalliy xalq hunarmandchilik uslublari uyg'unligida barpo etilgan. Bu me'moriy obidani Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Uning tomi balandligi, poydevoriga qo'yilgan toshlarning ulkanligi, ustun va yog'ochlarning quchoqqa sig'masligi uni o'ta mahobatli qilib ko'rsatadi. Yodgorlik uch qism – kichik masjid, katta masjid va ayvondan iborat bo'lib, ular turli davrlarda qurilgan bo'lishiga qaramay me'moriy uslubi o'xshash, o'zaro tutashib, yaxlit bino shaklini olgan.
Masjid devorining ichki tomoniga o'rta asrlar uslubida bezak berilgan, o'n ikkita derazasi, mehrob va minbari tepasiga ilohiy yozuvlar bitilgan. Bundan tashqari, zarhal devor bo'ylab ikki xil yozuv: arabcha hamda oddiy naqshga o'xshab ketadigan noma'lum belgilar muhrlangan. Yuqoridagisi qanday imlo ekanligi, bezakmi yo ramziy belgilarmi – ma'lum emas. Qizig'i shundaki, ular to'g'ri chiziqlardan hosil qilingan bo'lib, ko'pi svastika shaklidadir. Bunday ramzlar qadimgi turkiy xalqlar buyumlarida, lavhalarda ko'p uchraydi.
Qadimshunos olimlarning ta'kidlashicha, Langar ota maqbarasiga tasavvuf ta'limotining ishqiya tariqati shayxlari Abulhasan Ishqiy, uning o'g'li shayxzoda Muhammad Sodiq va nabirasi Abulhasan Oxund dafn etilgan. To'rtinchi qabrda esa lavha yo'q, shu bois u kimniki ekanligi ma'lum emas. Tadqiqotchilar bu erga Amir Temurning o'n to'rt yashar zaifa nabirasi dafn etilgan deb taxmin qilishadi.
XIV – XVI asrlarda bu hudud islom dini rivojiga katta hissa qo'shgan ilmiy markazlardan biriga aylanganini, bu erga olis yurtlardan kelgan ilmga tashna kishilar tasavvuf allomalaridan saboq olishganini ko'rish mumkin. Shuningdek, 1889 yili Buxoro amirligining sharqiy hududlarida harbiy harakatlar olib borgan polkovnik Belyavskiy Langar qishlog'idagi tarixiy obidalar haqida yozib qoldirgan xotiralari, rus harbiy muhandisi Boris Kastalskiyning bu maskan haqidagi ilmiylikka yaqin fikrlari alohida o'rin tutadi. Bundan tashqari, rassom Boris Litvinov, arxeolog Sergey Kabanov va sharqshunos olim Mixail Masson tomonidan Langar qishlog'ida joylashgan tarixiy obidalar, qadimiy yodgorliklar bilan tanishib, Langar shayxlarining hayotiga oid ko'plab ma'lumotlar to'plangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati