Soxta salafiylar shunday da’vo qilishadi: "Ash’ariylar va moturidiylar "Alloh makon va tomondan behojatdir" deyishadi. Agar hech bir makon va tomonda bo‘lmasa, Alloh umuman yo‘q bo‘lib qoladi. Demak, ular yo‘q zotga, ya’ni umuman mavjud bo‘lmagan ilohga ibodat qilishar ekan-da!"
E’tibor bering ular bu yerda kalom ilmini ishlatishyapti.
– Keling, avvalo, kalom ilmiga oid bu ikki atamani ko‘rib chiqamiz:
• «Makon» (المكان) – bu jism (الجسم)ning uzunligi, kengligi va balandligi bilan tavsiflangan bo‘shliq.
• «Tomon» (الجهات) – bu ikki obyekt orasidagi nisbiy tushuncha, agar bu ikki obyekt bo‘lmasa, bu nisbiylik ham yo‘q.
Kalom ilmi, Qur’on va hadis matnlaridan ma’lumki, Alloh bor edi va U bilan birga hech narsa yo‘q edi, ya’ni: olam (العالم): insonlar, jinlar, farishtalar, hayvonlar va o‘simliklar olami, Yer, osmonlar, Arsh va boshqa hamma narsa Alloh borligida mavjud bo‘lmagan.
Shunday qilib, agar U zotdan makon va tomonni inkor qilish Uning mavjudligini inkor qilishga olib kelsa, demak, bu mantiqqa ko‘ra, olam yaratilishidan oldin Alloh ham yo‘q bo‘lgani kelib chiqadi.
— Ikkinchidan, nimanidir paydo qilish uchun makon va tomon bo‘lishi shart emas. Masalan:
1. Zayd Makka shahrida yashaydi.
2. Makka Arabiston yarim orolida, ya’ni Yerda joylashgan.
3. Yer Quyosh tizimida joylashgan.
4. Quyosh tizimi «Somon yo‘li» galaktikasida.
5. Somon yo‘li koinotda joylashgan.
Lekin koinot qayerda joylashgan? Hech qayerda. Shunday ekan, biz koinot mavjud emas, deb ayta olamizmi? Tabiiyki yo‘q.
Xulosa, "salafiylar"ning yuqoridagi da’volari mutlaqo asossizdir.
Ko‘kaldosh o‘rta maxsu islom bilim yurti xodimi
Rustam Oxunjonov tayyorladi