— Qaynonam bilan kelishmovchiliklar bo'lgani sababli kelinlik uyimdan homilador holimda chiqib ketgandim. Farzandim tug'ilganda turmush o'rtog'im meni olib ketmoqchi bo'ldi. Lekin qaynonam buni eshitib, menga: “O'g'lim bilan necha oydan beri birga yashamayapsizlar, oralaringdagi nikoh bekor bo'lib bo'lgan”, dedi. Vaholanki, erim taloq bermagan, ajrashaman demagan. Qaynonamning shunday deyishga haqqi bor-mi?
— Uzoq muddat birga yashamaslik nikohni buzuvchi omil emas. Nikoh buzilishi uchun er xotiniga “taloq” so'zini ochiq aytishi yoki unga dalolat qiluvchi kinoya so'zlarni tilga olishi kerak. Birga yashaymiz, deb turgan yoshlarni kattalar o'rtaga tushib, yarashtirib qo'yish o'rniga ularni bir-biridan ayirishga urinish mutlaqo durust emas.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
U kishi aytadilar: Bir kampir Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi. U zot mening huzurimda edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: — «Siz kimsiz?» — dedilar. U: — «Men Jusama al-Muzaniyyaman», — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: — «Yo‘q, siz — Hasona al-Muzaniyyasiz! O‘zingiz qandaysiz? Ahvollaringiz qanday? Biz ketgandan keyin qanday yashayapsizlar?» — dedilar. U: — «Yaxshimiz, otam va onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh sollallohu alayhi vasallam», — dedi.
Kampir chiqib ketgach, men dedim: — «Yo Rasululloh, shu kampirga bunchalik iliq munosabat ko‘rsatmasangiz?» Shunda u zot: — «U Xadicha zamonida uyimizga kelib turar edi. Eski tanishlar bilan chiroyli muomala qilish iymondandir», dedilar.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV