Saudiya Arabistonida tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan hamyurtimiz Hayrullo Ikromov Makka shahrida ilk milliy taomlarimiz restoranini ochdi.
O'zA xabariga ko'ra, O'zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulligida bo'lib o'tgan uchrashuvda shu haqda so'z yuritildi.
Shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, investitsiya va turizm sohalarining jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham atroflicha ma'lumot berildi.
H.Ikromov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarni doimiy kuzatib borishini, sport, madaniyat va ilm-fan sohalarida erishayotgan yuksak marralarimizdan faxrlanishini ta'kidladi.
– Ko'p yillardan buyon xorijda restoran biznesi bilan shug'ullanaman, – deydi H.Ikromov. – Makka shahridagi milliy taomlarimizga bo'lgan ehtiyojdan kelib chiqib, markaziy qismida “O'zbekiston” restoranini ochmoqdamiz.
Ular yangi tashkil etilgan majmuaga O'zbekistondan bosh oshpaz, novvoy va boshqa xodimlarni jalb qilishga qaror qilishdi.
Restoran shu yilning 28 noyabridan ish boshladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 7–11 iyul kunlari ISESCO bilan hamkorlikda “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchisi, O‘mon Sultonligi Davlat kengashi a’zosi, senator doktor Muhammad Said Amur al-Hajariy o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida anjuman haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Senatorning ta’kidlashicha, dunyoning 80 mamlakatidan din arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, mutafakkirlar va ekspertlar qatnashgan ushbu nufuzli anjuman sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlash hamda bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘monlik martabali mehmon forum davomida O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasi merosini zamonaviy yondashuv asosida namoyon etish tajribasi bilan yaqindan tanishganini bildirdi. Uning fikricha, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Samarqand va Termizdagi ilmiy-ma’rifiy maskanlar buyuk ajdodlar merosini yangi avlodga yetkazish hamda tarixni zamonaviy texnologiyalar yordamida jozibador shaklda taqdim etishning yorqin namunasidir.
Shuningdek, doktor Muhammad al-Hajariy forum doirasida “Islom sivilizatsiyasida intellektual salohiyat: tarixiy tajriba va uning namunalari” mavzusidagi ma’ruzasida O‘zbekistonning Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlari tajribasiga to‘xtalganini ma’lum qildi. U Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini milliy taraqqiyot va umummilliy birlikni mustahkamlashga qaratilgan oqilona yondashuvning amaliy ifodasi sifatida e’tirof etdi.
“Meni alohida quvontirgan jihatlardan biri — O‘mon Sultonligiga, uning tarixi, madaniyati va bag‘rikenglikka asoslangan siyosatiga bildirilgan yuksak hurmat bo‘ldi. O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik xalqlarimizning umumiy ma’naviy qadriyatlariga tayanadi”, — deb yozdi senator.
Samarqand va Termiz shaharlaridagi uchrashuvlar davomida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligini yana bir bor his etganini bildirib, boy tarixga ega O‘zbekiston bundan buyon ham Islom olami va butun insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati