Adabiyot bo'yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti laureati Buyuk Britaniyada yashovchi tanzaniyalik Abdulrazzoq Gurnaga taqdim etildi. Bu haqda Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi Nobel qo'mitasi ma'lum qildi. Abdulrazzoq Gurna «madaniyatlar va qit'alar orasidagi jarlikda mustamlakachilikning oqibatlari va qochqin taqdirini murosasiz o'rgangani» uchun mukofotlangan, deyiladi qo'mita xabarida. Sovrin egasiga Shvetsiya akademigi tomonidan 1,14 million AQSh dollari beriladi.
Abdulrazzoq Gurna 1948 yilda Zanzibar orolida arab millatiga mansub musulmon oilasida tug'ilgan. 20 yoshida u Buyuk Britaniyaga ko'chib kelgan, Kent universitetida doktorlik unvonini olgan va hozir ingliz tili bo'limining aspiranturasiga rahbarlik qilmoqda.
73 yoshli Gurna 10 ta roman muallifi bo'lib, shulardan eng mashhuri «Jannat» va «Cho'l».
«Bu men uchun juda kutilmagan voqea bo'ldi, men uzoq vaqtdan beri bu voqea men bilan sodir bo'layotganini tushuna olmadim», deydi musulmon yozuvchi.
islom.uz
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.