Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Mart, 2026   |   13 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:38
Quyosh
06:56
Peshin
12:40
Asr
16:30
Shom
18:19
Xufton
19:30
Bismillah
02 Mart, 2026, 13 Ramazon, 1447

Davriy nashrlarda: Otinoyi asli kim?

11.10.2021   2690   5 min.
Davriy nashrlarda: Otinoyi asli kim?

Ayollar va bolalar olamini munavvar qilishdek eng savobli ishga o'zlarining ma'rifiy ulushlarini qo'shgan pokdomon onalarimiz – otinoyi, otinbibi, otincha, xalfalar haqida nimalar bilamiz? Otinlar aslida kim bo'lganlarini surishtirib, tabiiyki, tarixiy, ilmiy, badiiy adabiyotlarga, tabarruk qariyalarimizning xotiralariga murojaat qildik.

Izlanishlar natijasida otinlar haqida, oz bo'lsa-da, manbalar borligi, sho'rolar zamonida ular ham qatag'onga uchraganining guvohi bo'ldik. Salkam bir asr davomida xalqimizni ko'hna tarixdan, qadriyatlarimiz, dinimiz, milliyligimizdan chetlashtirish maqsadida o'rtaga parda tortilib, otinlarga nisbatan “eski”, “eskicha” iborasi qo'llab kelingan. Sho'rolar o'zlarining ilk qadamlaridan boshlaboq masjidu madrasalarimizni vayron etdilar.

“Otin” so'zi tarixga oid, tarixiy termin bo'lib, uyda maktab tutgan, bolalarni o'qitgan ayol ekaniga ishora qilinadi. “O'tar kun qo'shnimiz otinbibida qiyomgacha o'qib, keyin to kechgacha, ko'pincha kechalari ham ayamning yoniga kirib tikish tikdim” (Oybek, “Qutlug' qon” romanidan).

Otinbibi yoki otinbuvi, otinoyi – uyida maktab tutgan ayol. “Yozishni bilmaydimi? Qaydan biladi? Qishlog'imizda otinbuvi bo'lmasa, o'qimagan-da...” (Mirzakalon Ismoiliy, “Farg'ona tong otguncha”).

  1. Etnografiyaga oid termin bo'lib, xotinlar yig'inida ishqiy g'azallar o'quvchi ayol. Bu o'rinda Qur'oni karimni qiroat bilan yoddan o'quvchi ayol, deyishdan qochilgan.
  2. So'zlashuv tilida qo'llaniladigan so'z yoki ibora bo'lib, har qanday o'qimishli yoki o'qituvchi ayol. “Shu chinorga chiqqanga, chiqib uni yiqqanga so'zsiz xotin bo'laman, go'zal otin bo'laman” (Hamid Olimjon). “Oying ham otin bo'ladi. – Mavlon aka Karomatning gapidan zavqlanib kulib qo'ydi” (G'afur G'ulom, “Mash'al”). “Gulnor... Yo'lchiga xat yozishga qaror qilgan va so'zlarini aytib turgan, Otin qiz esa Gulnor so'zlarini silliqlab qog'ozga ko'chirgan” (Oybek, “Qutlug' qon”).
  3. O'qimishli, obro'li ayollarga murojaatda yoki ular to'g'risida gap borganda ismiga qo'shib ishlatiladigan so'z: Shakar otin, Fotima otin. “Yusufbek hoji: – Bolam, Zaynab otin, sizdan hali yoshlik g'ururi ketmagan, lekin mening bolam bo'lganingizni siz ham unutmang” ( Abdulla Qodiriy , “O'tkan kunlar”). “Otincha qizim, hoy, o'zimning otincha qizim, qanisan?” (I.Rahim, “Chin muhabbat”).

Sho'rolar “Islom ayolni kamsitganini har qancha isbot qilgan” bo'lmasin, alloma ajdodlarimizning ilk saboqni o'z onalaridan olganlarining guvohi bo'lamiz. Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy otadan juda yosh etim qolgani tufayli onasi butun ta'lim-tarbiya ishlarini qo'liga olib, farzandini har jihatdan barkamol, solih inson qilib voyaga etkazishga kirishadi.

 Rivoyat qilishlaricha, Imom Buxoriy bolalik chog'larida ko'rmay qoladi. Onasi kunlardan birida Ibrohim Halilullohni tush ko'radi. U zot: “Ey volida! Alloh taolo betinim duoyu iltijolaring sababli o'g'lingning ko'zlariga qayta nur ato etdi”, deydilar (“Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, O'zME, T. 1998 y, 10–11-b).

Hazrat Bahouddin Naqshbanddek buyuk zotni tarbiyalagan tabarruk ona Bibi Orifa o'z zamonasining oqila, zukko ayoli bo'libgina qolmay, naqshbandiya tariqatining targ'ibotchisi hamdir.

Muqimiydagi she'riyatga ishtiyoq va qobiliyatning shakllanishida onasi Oyshabibining o'rni nihoyatda katta. Tug'ma iste'dod sohibasi bo'lgan bu ayol juda ko'plab ertak va qo'shiqlarni yod bilgan, ularni ifodali so'zlab berish bilan tinglovchilarni maftun etgan. Mahalla maktabi va “Hakima oyim” madrasasida ta'lim olgach, 1872–1873 yillarda Buxoroga borib, “Mehtar oyim” madrasasida o'qigan.

Toshkent jadidlarining ulug' vakili Munavvar qori Abdurashidxonovning otasi Abdurashidxon – mudarris, onasi Hosiyatxonim – otin bo'lgan. Munavvar dastlab onasi qo'lida savod chiqargan. Keyinchalik Toshkentning “Yunusxon” madrasasida, so'ng Buxoroda o'qigan...

Sadriddin Ayniyning otasiga eski maktabdagi domlaning o'qitish uslubi yoqmagach, yosh Sadriddinni otinbibi maktabida o'qitgani haqida ma'lumotlar bor. Qator madrasalarda bilim olib, buyuk yozuvchi, sharqshunos olim, jamoat arbobi bo'lib etishgan Sadriddin Ayniy o'zining “Eski maktab” nomli qissasida otinbibi maktabini bola tili bilan quyidagicha tasvirlaydi: “Otinbibining dars berish usuli domlanikiga qaraganda biroz boshqacharoq edi. U qalamday bir cho'pchani qo'liga olib, har bir harfni ko'rsatar va uning nomini ayttirar edi. Otinbibi o'zining butun vaqtini saboq beruvga sarf etar, har bir bolani navbati bilan o'z oldiga chaqirib dars berar va bu bilan kunlik o'qish o'tar edi”.

Demak, ota-bobolarimiz qizdir, o'g'ildir, unga juda yoshlikdan savod sabog'ini berib, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallashlarida domlalar, otinlar, otinoyilar, otinbuvilar xizmatidan foydalanib kelganlar.

Marhamat ALIMOVA,

tarix fanlari nomzodi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazrat Imom Termiziy nomidagi Islom instituti, madrasa va markaz faoliyati bilan tanishdilar

02.03.2026   1303   1 min.
Muftiy hazrat Imom Termiziy nomidagi Islom instituti, madrasa va markaz faoliyati bilan tanishdilar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Imom Termiziy nomidagi islom instituti va ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi


Shu yil 27 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Imom Termiziy nomidagi islom instituti, “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bo‘ldilar.


Tanishuv asnosida Muftiy hazratlari yangi barpo etilayotgan institut va madrasa binolarining qurilish jarayoni, zamonaviy o‘quv xonalari, ma’ruza zallari, kutubxona, yotoqxona va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan maskan loyihasi bilan tanishdi.


Qurilish ishlari ko‘zdan kechirilib, mas’ullarga barpo etilayotgan inshootlarda puxtalik, zamonaviylik va qulaylik tamoyillariga qat’iy rioya etish bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

“Imom Termiziy” ta’lim muassasasi 
Matbuot xizmati

Muftiy hazrat Imom Termiziy nomidagi Islom instituti, madrasa va markaz faoliyati bilan tanishdilar Muftiy hazrat Imom Termiziy nomidagi Islom instituti, madrasa va markaz faoliyati bilan tanishdilar
O'zbekiston yangiliklari