Ayollar va bolalar olamini munavvar qilishdek eng savobli ishga o'zlarining ma'rifiy ulushlarini qo'shgan pokdomon onalarimiz – otinoyi, otinbibi, otincha, xalfalar haqida nimalar bilamiz? Otinlar aslida kim bo'lganlarini surishtirib, tabiiyki, tarixiy, ilmiy, badiiy adabiyotlarga, tabarruk qariyalarimizning xotiralariga murojaat qildik.
Izlanishlar natijasida otinlar haqida, oz bo'lsa-da, manbalar borligi, sho'rolar zamonida ular ham qatag'onga uchraganining guvohi bo'ldik. Salkam bir asr davomida xalqimizni ko'hna tarixdan, qadriyatlarimiz, dinimiz, milliyligimizdan chetlashtirish maqsadida o'rtaga parda tortilib, otinlarga nisbatan “eski”, “eskicha” iborasi qo'llab kelingan. Sho'rolar o'zlarining ilk qadamlaridan boshlaboq masjidu madrasalarimizni vayron etdilar.
“Otin” so'zi tarixga oid, tarixiy termin bo'lib, uyda maktab tutgan, bolalarni o'qitgan ayol ekaniga ishora qilinadi. “O'tar kun qo'shnimiz otinbibida qiyomgacha o'qib, keyin to kechgacha, ko'pincha kechalari ham ayamning yoniga kirib tikish tikdim” (Oybek, “Qutlug' qon” romanidan).
Otinbibi yoki otinbuvi, otinoyi – uyida maktab tutgan ayol. “Yozishni bilmaydimi? Qaydan biladi? Qishlog'imizda otinbuvi bo'lmasa, o'qimagan-da...” (Mirzakalon Ismoiliy, “Farg'ona tong otguncha”).
Sho'rolar “Islom ayolni kamsitganini har qancha isbot qilgan” bo'lmasin, alloma ajdodlarimizning ilk saboqni o'z onalaridan olganlarining guvohi bo'lamiz. Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy otadan juda yosh etim qolgani tufayli onasi butun ta'lim-tarbiya ishlarini qo'liga olib, farzandini har jihatdan barkamol, solih inson qilib voyaga etkazishga kirishadi.
Rivoyat qilishlaricha, Imom Buxoriy bolalik chog'larida ko'rmay qoladi. Onasi kunlardan birida Ibrohim Halilullohni tush ko'radi. U zot: “Ey volida! Alloh taolo betinim duoyu iltijolaring sababli o'g'lingning ko'zlariga qayta nur ato etdi”, deydilar (“Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, O'zME, T. 1998 y, 10–11-b).
Hazrat Bahouddin Naqshbanddek buyuk zotni tarbiyalagan tabarruk ona Bibi Orifa o'z zamonasining oqila, zukko ayoli bo'libgina qolmay, naqshbandiya tariqatining targ'ibotchisi hamdir.
Muqimiydagi she'riyatga ishtiyoq va qobiliyatning shakllanishida onasi Oyshabibining o'rni nihoyatda katta. Tug'ma iste'dod sohibasi bo'lgan bu ayol juda ko'plab ertak va qo'shiqlarni yod bilgan, ularni ifodali so'zlab berish bilan tinglovchilarni maftun etgan. Mahalla maktabi va “Hakima oyim” madrasasida ta'lim olgach, 1872–1873 yillarda Buxoroga borib, “Mehtar oyim” madrasasida o'qigan.
Toshkent jadidlarining ulug' vakili Munavvar qori Abdurashidxonovning otasi Abdurashidxon – mudarris, onasi Hosiyatxonim – otin bo'lgan. Munavvar dastlab onasi qo'lida savod chiqargan. Keyinchalik Toshkentning “Yunusxon” madrasasida, so'ng Buxoroda o'qigan...
Sadriddin Ayniyning otasiga eski maktabdagi domlaning o'qitish uslubi yoqmagach, yosh Sadriddinni otinbibi maktabida o'qitgani haqida ma'lumotlar bor. Qator madrasalarda bilim olib, buyuk yozuvchi, sharqshunos olim, jamoat arbobi bo'lib etishgan Sadriddin Ayniy o'zining “Eski maktab” nomli qissasida otinbibi maktabini bola tili bilan quyidagicha tasvirlaydi: “Otinbibining dars berish usuli domlanikiga qaraganda biroz boshqacharoq edi. U qalamday bir cho'pchani qo'liga olib, har bir harfni ko'rsatar va uning nomini ayttirar edi. Otinbibi o'zining butun vaqtini saboq beruvga sarf etar, har bir bolani navbati bilan o'z oldiga chaqirib dars berar va bu bilan kunlik o'qish o'tar edi”.
Demak, ota-bobolarimiz qizdir, o'g'ildir, unga juda yoshlikdan savod sabog'ini berib, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta egallashlarida domlalar, otinlar, otinoyilar, otinbuvilar xizmatidan foydalanib kelganlar.
Marhamat ALIMOVA,
tarix fanlari nomzodi
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ustoz sifatida keyingi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar alohida e’tiborga loyiq ekanini ta’kidlamoqchiman. Ayniqsa, ma’naviy-ma’rifiy hayotni yuksaltirish, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tashabbuslar o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilgi muborak Ramazon oyida davlat tomonidan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan mablag‘lar, joylarda iftorlik va xayriya tadbirlarining keng tashkil etilayotgani jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirishi shubhasiz. Bu tarixda ham ko‘p ko‘rilgan natija. Mamlakat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalq farovonligi yo‘lida davlat va jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, masjidlarni obod etish, imom-xatiblar hamda soha vakillarining bilim va malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham izchil davom etmoqda. Ma’rifiy targ‘ibot ishlarining zamonaviy yondashuvlar asosida yo‘lga qo‘yilishi esa, ayniqsa, yosh avlodning sog‘lom va to‘g‘ri bilim olishida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda yashayotgan bir xorijlik inson sifatida aytishim mumkinki, mazkur islohotlar jamiyatda o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ham katta ahamiyatga egadir.
Shayx Ahmad Rajab Ahmad Adaviy,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi