“Vaqf” fondi tomonidan Jizzax viloyatidagi eshitish va gapirishda nuqsoni bo'lgan 150 ga yaqin hamyurtimiz uchun xayriya tadbir o'tkazildi. Unda Unda O'MI mutaxassisi M.Abubakirova, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon domla Jabborov va boshqa mutasaddi vakillar qatnashdi.
Ma'rifiy uchrashuvda notiqlar Islomning mazmun-mohiyati tushuntirdi, missionerlar xataridan ogoh bo'lish, ularning tuzog'iga tushib qolmaslik to'g'risida ta'sirli ma'ruzalar qilishdi. Ushbu suhbatlar surdo tarjimonlar tomonidan yig'ilganlarga etkazildi.
Tashrif buyurganlar ichida adashganligini tan olganlar ham bo'ldi. Alhamdulillah, ushbu diniy-ma'rifiy suhbat natijasida turli sababga ko'ra adashib, missionerlarning ta'siriga tushib qolgan 60 ga yaqin eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan kishilar hidoyat topdi. Bu esa yig'ilganlarning qalblarini hayajonga soldi, ko'zlaridan quvonch yoshlari oqishiga sabab bo'ldi.
Fond tomonidan tadbirdan so'ng ishtirokchilarga osh dasturxoni yozildi. Ziyofatdan keyin oziq-ovqat va diniy-ma'rifiy kitoblardan iborat xayriyalar berildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" o‘rta maxsus islom bilim yurti kichik sport maydonida "Sport - salomatlik garovi" shiori ostida musobaqa tashkil etildi.
Ushbu futbol musobaqasi qariyb ikki hafta davomida ko‘tarinki kayfiyatda, sog‘lom raqobat ruhida o‘tdi. Talabalar o‘z jamoalari bilan g‘alaba uchun kurashar ekan, o‘zaro hurmat, jamoaviylik va sportga bo‘lgan mehrini namoyon etdi. Bellashuvlarda har bir jamoa g‘alabaga munosib o‘yin namoyish etdi, tomoshabinlar esa har bir gol va harakatni qizg‘in olqishlar bilan kuzatib bordi.
Uch guruhda, jami 11 jamoa o‘yinlarda ishtirok etdi. Dastlabki o‘yinda A guruhidan, V guruhidan va S guruhidan g‘oliblar aniqlanib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Yakuniga ko‘ra, 4-B kurs talabalaridan tuzilgan guruh 3-o‘rinni, 2-A kurs talabalaridan tuzilgan guruh 2-o‘rinni va 4-S kurs talabalaridan tuzilgan guruh 1-o‘rinni egalladi.
G‘olib jamoalar bilim yurti jamoasi tomonidan tayyorlangan diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqa davomida eng yaxshi darvozabon, eng yaxshi hujumchi, eng yaxshi o‘yinchilar aniqlanib, ular ham faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Musobaqa yakunida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining ijtimoiy va diniy tashkilotlar bo‘yicha kotibiyat mudiri J.Yusupov hamda bilim yurti mudiri J.Abdirazakovlar musobaqa ishtirokchilarini g‘alabalari bilan tabriklab, kelgusi o‘qishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.