— Oilamizda ketma-ket o'lim bo'ldi. O'tgan yili ikki opam, yaqinda esa yana bir opam birin-ketin olamdan o'tishdi. Bizga ba'zi kishilar buni “o'lik chaqiribdi, xonadoningizda tez to'y qilib yuboringlar, irimi shunaqa”, deyishyapti. Lekin o'lgan odamning yili o'tmasidan to'y qilsak, qanday bo'larkan? Umuman, shunday irim bor-mi?
— Oilada ketma-ket o'lim bo'lishi Alloh taoloning irodasi bilan bo'ladi. “O'lik chaqirdi”, degan gap yo'q. Bu bid'at-xurofotdir. Shariatimizda o'lik chiqqan xonadonda bir yilgacha to'y qilib bo'lmaydi, degan gap ham yo'q. Vafot etgan odamning yaqinlari u uchun uch kun motam tutadilar. Faqat eri o'lgan ayol to'rt oy-u, o'n kun aza tutadi. Shunday ekan o'lik chiqqan xonadonda bir yil ichida to'y qilishga mone'lik yo'q. Ammo “To'y qilib yuborilsa, o'lik chiqishi to'xtaydi”, deb e'tiqod qilish iymonga futur etkazadi. Vallohu a'lam.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
O‘tkirbek domla Tolibov
Toshkent shahar, Sergeli tumani “Abdulloh ibn Zubayr” jome masjidi imom-xatibi