O'lim olti bosqichdan iboratdir:
Birinchi bosqichning nomi “o'lim kuni” deyiladi. Ushbu kunda insonning hayoti nihoyasiga etadi. Alloh taolo osmondagi farishtalarga bandaning ruhini olish uchun erga tushishlariga va uni Alloh taologa yo'liqishga hozirlashlariga buyuradi.
Afsuski, hech kim bu kun haqida hech narsani bilmaydi, hatto o'sha kun kelganini, shu kuni vafot etishini ham anglamaydi. Inson ushbu vaqt kelganini bilmasada, lekin tanasida bir qancha o'zgarishlar bo'layotganini sezadi. Masalan, o'sha kunda mo'min kishining ko'ngli yorishadi, qalban huzur va halovatni tuyadi. Aksincha, fojir kimsaning ko'ngli siqilib, qalbi eziladi. Shu bosqichda shaytonlar maloikalarning tushayotganini ko'radilar, ammo inson buni ko'ra olmaydi. Qur'oni karimda ushbu bosqich bunday ta'riflanadi: “(Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan qo'rqingiz! So'ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga adolatsizlik qilinmas”(Baqara surasi, 281-oyat).
Shundan so'ng ikkinchi bosqich boshlanadi. Bu bosqichda tanadagi ruh tadrijiy suratda olinadi. Ya'ni, avval oyoqning ostidan boshlanib, sekin-asta to'piqqacha, tizzagacha, qoringacha, ko'krakkacha va nihoyat inson gavdasining eng yuqori joyigacha etib boradi. U joyning nomini “taroqiy” (hiqildoq) deyiladi. Shu onda kishi qattiq charchoq va bosh aylanishini his qiladi. U o'zini qattiq bosim ostida turgandek sezadi, o'rnidan turishga madori qolmaydi. Tanasi borgan sari quvvatsizlanib boradi. Lekin, shu holida ham ruhi tanasini tark etayotganini tushunmay turaveradi.
Keyin uchinchi bosqichga o'tiladi va uning nomi “taroqiy” deb nomlanadi. Ushbu bosqich haqida ham Qur'oni karimda zikr etilgan: “Yo'q! Jon hiqilloqqa kelganida. “Dam soladigan bormi”? deyilganida. U buning ajralish ekanligini bilganida, boldirlar bir-biriga chalishganida” (Qiyomat surasi, 26-29-oyatlar).
“Taroqiy” deb halqum ostidagi ikkita elkaga qarab ketgan katta suyaklarga aytiladi. Uni bu holatda ko'rgan yaqinlari “Dam soladigan bormi”? deb, biri tabibga, boshqasi tez yordamga yugurib qoladilar. Boshqalari esa, Qur'on oyatlaridan o'qib dam solish kerak, deydilar. Ba'zi mufassirlar ushbu oyatni: Uning jonini kim oladi, rahmat farishtalarimi yoki azob farishtalarimi? deb tortishadilar, degan tafsirni aytganlar.
Ushbu holatda ham kishi hayotga qaytishidan umidvor bo'lib, ruhi tanasidan chiqayotganini bilmay turadi. “U buning ajralish (firoq) ekanligini bilganida”. Shu vaqtgacha hayot bilan vidolashayotganiga ishonmagan. Vaholanki, ruhi boldirlaridan allaqachon chiqib bo'lgan, “boldirlar bir-biriga chalishganida” ularni harakatlantirishga ham qodir emas.
Shundan keyin to'rtinchi – "halqum" degan bosqichga keladi. Ushbu to'rtinchi bosqich o'limning eng oxirgi va inson uchun nihoyatda og'ir kechadigan bosqichi hisoblanadi. Buning sababi, o'sha bosqichda ko'z o'ngidagi to'siq, parda ko'tariladi va atrofidagi farishtalarni ko'radi. Mana shu erdan oxiratga o'tish davri boshlanadi. “(Ey, inson!) Sen bu (og'ir kun)dan g'aflatda eding. Bas, Biz sendan pardangni ochib yubordik. Endi, bugun ko'zing o'tkirdir”(Qof surasi, 22-oyat).
Bu bosqichning “halqum” deb nomlanishining sababi ushbu oyatga asoslanadi: “Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga etganida (jon berish paytida), holbuki, o'sha vaqtda sizlar (qo'lingizdan hech ish kelmay) qarab turursiz. Biz unga sizlardan ko'ra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) ko'rmassiz”(Voqe'a surasi, 83-85-oyatlar).
Alloh taolo mayyitning atrofidagi kishilarga xitob qilib: sizlar uning atrofida turibsizlar, ammo u boshqa joydadir. Sizlar bir narsani ko'ryapsiz, u esa boshqa narsani ko'ryapti.
Darhaqiqat, shu onda u yo Allohning rahmatini ko'rayotgan yoki, Alloh asrasin, Uning g'azabini ko'rayotgan bo'ladi. Shu sababli mayyit o'sha vaqtda bir nuqtaga tikilib qoladi.
Mana shu bosqich insonning ruhi olinishidagi eng qiyin o'rindir. Chunki, shu holatda u Allohning va'dalarining haqiqatini topadi, farishtalarni ko'radi, hayoti davomida qilgan amallari ko'z oldidan o'tkaziladi. Mana shu vaqt “o'lim fitnasi” vaqti hisoblanadi.
“O'lim fitnasi”da shayton kelib insonning e'tiqodida shak-shubha paydo qilishga kirishadi. Alloh haqida, payg'ambar, din, Qur'on va hokazolar haqida shakkoklik qilishga undaydi. Kuchi etganicha shu insonni dindan chiqarishga, dunyodan kofir holatida ketishiga harakat qiladi. O'lim farishtasi kelib uning jonini olish arafasida turgan holatini shayton o'zi uchun eng so'ngi fursat ekanligini juda ham yaxshi bilgani uchun bor kuchi bilan g'ayrat qiladi, o'tgan vaqtlardagiga qaraganda kuchliroq zarba bilan so'nggi zarbani berishga urinadi. Shuning uchun ham Qur'oni karim bizni o'lim fitnasidan panoh berishini so'rab Alloh taologa iltijo qilishimizni eslatadi. “Ayting: “Ey, Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so'rayman. Yana men Sendan, ey, Rabbim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh so'rayman”(Mu'minun surasi, 97-98-oyatlar).
Payg'ambarimiz alayhissalom hadislarining birida shunday deganlar: “Kim qanday e'tiqodda hayot kechirgan bo'lsa, o'sha e'tiqodda o'ladi”. Ya'ni, agar banda hayoti davomida Islom diniga e'tiqod qilib, Allohga, Uning payg'ambariga va u zotning ummatlariga muhabbat qo'yib yashagan bo'lsa, dunyodan shu holatida ketadi.
Shu joydan beshinchi bosqich boshlanadi. Shu vaqtda o'lim farishtasi keladi, shundagina inson o'zining rahmatga noil kishilardanmi yoki azobga loyiq kimsalardanmi ekanligini tamoman anglab etadi. Ushbu bosqichda amallarining natijasini ko'radi, boradigan joyidan ogoh etiladi.
Payg'ambarimiz alayhissalom hadislari orqali ushbu bosqichni batafsil bayon qilib berganlar. Hususan, gunoh va ma'siyatlarga g'arq bo'lib yurgan va ayni paytda tavba qilmay, gunohlardan qaytmay Allohga yo'liqqan bandaning holati haqida aytilgan. “(Qasamyod etaman kofirlarning jonlarini badanlarining) qa'ridan sug'urib oluvchi (farishta)lar bilan, (mo'minlarning jonlarini osonlik bilan) chiqarib oladigan (farishta)lar bilan”(Nozi'ot surasi, 1-2-oyatlar).
Rasululloh alayhissalomning aytishlaricha, bir to'da farishtalar jahannam o'tidan tayyorlangan kafanni olib keladilar va osiy bandaning ruhini qattiq azob berib oladilar. Qur'oni karimda ushbu og'ir holat quyidagicha ta'riflangan: “Bas, farishtalar ularning yuzlari va ketlariga urib, jonlarini olar vaqtida, (hollari) ne kechur?!”(Muhammad surasi, 27-oyat).
Va nihoyat hal qiluvchi so'ngi bosqichga ham etib keldik. Ushbu bosqichda insonning ruhi jasadining eng yuqori nuqtasi etib keladi, ya'ni “taroqiy” qismidan yuqoriga ko'tarilib, og'zidan o'tib burniga etib keladi va o'lim farishtasiga o'zini topshirishga tayyor bo'ladi. Agar inson osiy banda bo'lsa, o'lim farishtasi unga: ey iflos ruh, g'azabnok bo'lgan parvardigorning huzuriga, otashda kuyish uchun chiq, deydi. Shunda inson dod soladi: “Ey, Rabbim! Meni (yana hayotga) qaytaringiz! Shoyad, men tark etgan joyim (dunyo)da yaxshi amal qilsam”, – der. Yo'q! (U aslo qaytarilmas). Bu haqiqatan u aytuvchisi bo'lgan so'zdir. Ularning ortida, to qayta tiriladigan kunlarigacha, (ikki dunyo o'rtasini to'sib turadigan) bir to'siq bordir”(Mu'minun surasi, 99-100-oyatlar).
Alloh taolo aytadi: “Mana o'lim mastligi (jon chiqish payti) haqiqatan (etib) keldi. (Ey, inson!) Bu (o'lim) sen undan qochuvchi bo'lgan narsadir”(Qof surasi, 19-oyat).
“O'lim mastligi” bu – hamma a'zolar harakatdan to'xtagan, a'zolarning biror joyi qolmay hammasiga qulf solinadiga holat. Inson aynan mana shu lahzadan umri davomida qochib yuradi. “Ayting: “Sizlar qochayotgan o'lim, albatta, sizlarga yo'liquvchidir! So'ngra sizlar yashirin va oshkora narsalarni biluvchi zotga (Allohga) qaytarilursiz. Bas, (U) sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berur”(Jum'a surasi, 8-oyat).
Agar kishi mo'min bo'lsa, unga: ey pokiza ruh, pokiza jasadda bo'lgan ruh, g'azabnok bo'lmagan rabbing huzuriga, rayhon bo'ylaridan rohatlanish uchun chiq, deyiladi. Shunda ruh suv idishining og'zidan tomayotgan tomchidek, boshqa rivoyatda, xamirdan qil sug'urgandek, sezdirmasdan chiqadi. Bunday ruhga xitoban: “Ey, xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne'matlardan) rozi bo'lgan (va Alloh tomonidan) ham rozi bo'lingan holingda, Rabbing (huzuri)ga qaytgin! Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo'shilgin va jannatimga kirgin!”(Fajr surasi, 27-30-oyatlar) deyiladi.
Allohim, bizlarni imonda o'tmoqligimizni, ushbu xitobga loyiq bo'lmog'imizni nasib qilgin.
Homidjon domla Ishmatbekov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari.
Qur’oni karimni jamlanish tarixida kitobat – yozib qoldirish o‘ziga xos o‘rin tutgan. Oyatlarni yozib olish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridanoq boshlangan, kotib sahobalar har bir oyatni nozil bo‘ilishi bilan kechiktirmay yozib olishga katta e’tibor berishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Qur’onga bandalar so‘zi aralashib qolmasligi uchun Qur’ondan boshqa narsani yozib olmaslikni buyurganlar.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida esa tarqoq sahifalardagi oyatlar bir butun holga – Mus'haf shaklida yozib qoldirilgan. Bu jamlashda bosh kotiblik vazifasida bo‘lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu faqat og‘zaki tilovat bilan kifoyanmadilar, balki, eshitgan har bir oyatlarni mavjud bitiklarga solishtirib, og‘zaki tilovat yozuvdagi bilan mos kelib, tasdig‘ini topsa, Mus'hafga qo‘shardilar. Bu holat ham Mus'haf tarixida yozishni nechog‘li yuqori ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida yozib, katta shaharlara tarqatilgan Mus'haflar esa, keyingi avlod xattotlari uchun Mus'haflar ko‘chirib tarqatishlariga asosiy manbaa bo‘lib xizmat qildi. O‘sha zamonlarda Mus'haflar qo‘l mehnati bilan ko‘chirilgan
Hazrati Aliy karramallohu vajhahuning nabiralari Aliy Zaynulobidin aytadilar: “Mus'haflar varag‘i ketma-ket (bir-biriga bog‘langan, ulangan) bo‘lmas edi, kimda Mus'haf bo‘lsa masjid minbarini oldiga kelib, “Kim xohlasa mendan ko‘chirib olsin” der edi. Xohlovchilar kelib undan bir sahifa, bir sahifa qilib Mus'hafni oxirigacha ko‘chirib olishar edi”[1].
Abu Hakima al-Abidiy aytadilar: “Men Kufa shahrida xattotlar bilan birgalikda Mus'hafni ko‘chirar edim. Kunlardan birida Aliy roziyallohu anhu biz ko‘chirgan nusxalardan birini ko‘rdilar va bizning yozgani xatimiz u zotni juda ajablantirdi, shunda “Alloh nurlantirgan narsani (Mus'hafni) mana shunday nurlataveringlar”, boshqa bir rivoyatda “Alloh taolo bunga (Mus'hafga) nur bergani kabi sizlar ham nurlantiringlar” dedilar[2]”.
Islomning dastlabki asrlaridagi holat shunday bo‘lgan. O‘sha zamonlarda nashr qilish imkoniyati bo‘lmagani uchun kimga Mus'haf kerak bo‘lsa, xat savodi borlar o‘zi ko‘chirib olardi, xat savodi bo‘lmaganlar xattotlarga iltimos qilib, ba’zan haq to‘lash evaziga ko‘chirtirib olar edi. Xattotlar imon-e’tiqodining mustahkamligi, Qur’oni karimga bo‘lgan hurmat-ehtiromi va asosiysi, Alloh taoloning oldidagi mas’uliyatini his qilib, omonatdorlik bilan o‘z kasbiga yondashuvi natijasida Mus'haflar bexato ko‘chirilar, kamdan-kam hollarda yo‘l quyilgan kamchiliklar Qur’onni yod olgan hofizlar tarafidan o‘z vaqtida to‘g‘rilanardi ham. Ayrim mohir xattotlar umri davomida yuzlab nusxalar ko‘chirib, extiyojiga yarashasini sotar, qolganlarini ilm davralariga, masjid va tolibi ilmlarga vaqf qilib tarqatar edi.
Nashr qilish dastgohi ixtiro qilingach, kitob nashr qilish jabhasida misli ko‘rilmagan yutukqqa erishildi. Dastlab nashr dastgohlari Germaniyada 1431 melodiy sanada ishlab chiqildi. Yillar davomida bu uskunlarning salohiyati va imkoniyatlari kengaydi, dastlab Italiya, so‘ngra Fransiya davlatlarida ishlatiladigan bo‘ldi. Keyinchalik dunyoning boshqa ilg‘or musulmon mamlakatlariga ham tarqaldi. Jumladan, Halab shahrida 1698 yilda, Livanda 1733 yilda suryon tilida, keyinchalik arab tiliga ixtisoslashgan, Bayrutda 1753 yilda “Qudays” nomli nashriyot faoliyati joriy qilindi. Misrga Fransiyalik harbiy qo‘mondon Bonapart 1798 yilda o‘zi bilan nashr dastgohini olib kirishi natijasida Qohiradagi “Ahliyya” matbaasiga asos solingan. Keyinchalik bu matbaa “Buloq” nomida faoliyat olib borib, Islom olamiga juda mashhur bo‘lgan. Turkiyaga Sulton Ahmad III davrida kirib kelgan. Biroq bu dastohlarda diniy adabiyotlarni nashr qilish o‘sha zamon Turk ulamolari tarafidan ruxsat berilmagan. 1141 yildan keyin asta-sekin arab adabiyoti, tarixi va lug‘atiga oid kitoblar nashr qilingan.
Nashr etish dastgohida chop etilishi bilan tarixda qolgan Mus'haf 1694 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida Abraxam Xinkelman (Abrahmi Hinckelmanni) ismli sharqshunos olimning sa’y-harakati bilan 560 sahifada nashr qilingan[3]. Har bir sahifa 16 satrdan iborat bo‘lib, oyatlar boshlanishi tartib raqm bilan belgilangan.
Bundan avval Italiyadagi “Bunduqiya” nashriyotida ham 1530 yilda nashr qilingan, biroq, o‘sha zamon hukmron boshqaruv tabaqa vakillari tomonidan nashr o‘rnida yo‘qotib tashlangan[4].
Shunga ko‘ra hozirgacha saqlanib qolgan Mus'haflar orasida eng qadimiysi Germaniyaning Gamburg shahrida chop qilingani hisoblanadi. Mus'hafning mazkur nusxasi bizgacha saqlanib qolganlari orasida ilk nashr qilingani bilan ahamiyatli bo‘lsada, ko‘plab xato va kamchiliklardan xoli emas edi. Unda uchraydigan xatolar asosan arab tili qoidalariga mos kelmasligi hamda nashr dastgohidagi texnik kamchiliklarga borib taqalardi. Masalan, yonma-yon kalimalarni o‘rin almashib qolishi, nuqtalarning oz yoki ko‘payib qolishi, orasi ajratib yozilishi kerak bo‘lgan ikki kalimaning orasi bog‘lanib qolish kabi kamchiliklarni keltirish mumkin.
Ana shundan keyin Mus'haflar ketma-ket nashr qilina boshlandi.
Dastlabki nashr qilingan Mus'haflar sifatida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1787 yilda Mavlo Usmon boshchiligida nashr etilgan Mus'hafni, Eronda nashr qilingan ikkita toshbosma nusxa: biri 1828 yili Tehronda, ikkinchisi 1833 yili Tabrizda nashr qilingan nusxani, Qozon shahrida 1877 yilda bosilgan Mus'hafni, huddi shu yili Turkiyada xattot Hofiz Usmon qalamiga mansub nashr qilingan Mus'haflarni keltirish mumkin. Qozon shahrida bosilgan nusxa avvalgi Gamburg shahrida nashr qilingan Mus'hafga deyarli o‘xshab ketsada, unda yo‘l quyilgan kamchiliklar oldi olingan, kalima va harflarda uchragan texnik xatolar tuzatilan edi. Biroq harflar ustiga qo‘yiladigan harakatlarda kamchiliklar bor bo‘lib, Mus'haf so‘ngidagi maxsus jadvalda yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatib o‘tilgan[5]. Keyinchalik, Mus'hafning ko‘plab nashriyotlarda chop qilish ommalashib ketdi. Misrda 1890 yilda Rizvon ibn Muhammad Muxallalotiy boshchiligida, 1923 yilda xattot Muhammad Aliy Husayniy boshchiligida nashr qilingan.
Sanab o‘tilgan Mus'haflarning barchasida harflar Usmoniy Mus'haf asosida, harakatlar esa Xalil ibn Ahmad va imom Sibavayhlar asos solgan yo‘nalishda bo‘lgan.
Keyingi paytlarda tijoriy nashriyotlarning ko‘payishi, unda ish olib boradigan xodimlarning mas’uliyatsizligi, bee’tiborlik bilan nashr qilingan bir qancha Mus'haflarda texnik xatolar ko‘payib ketish oqibatida, ayrim nashriyotlar Mus'hafni ko‘paytirib, tarqatish emas, balki turli nashrlarda uchraydigan xato va kamchiliklardan tozalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Hozirda bunday ezgu maqsad sari faoliyat olib borayotgan nashriyotlar orasida eng ko‘zga kuringani bu – Madinai munavvaradagi “Malik Fahd” nashriyotidir. 1404 hijriy sana 20 rabiussoniy oyida Saudiya Arabistoni podshohligi muassisligida Mus'haf va unga aloqador ilm ahllari, mutaxassislardan iborat o‘n besh kishilik qo‘mita tashkil qilingan. Qo‘mita hay’at a’zolari Qur’oni karimni har bir kalima, harf va hatto harakatlari, to‘xtash belgi va ko‘rsatmalari ustida bosh qotirib, chuqur tadqiq qilishgan, yillar davomida Mus'hafga kirib qolgan qushimchalar olib tashlanib, xatolar tuzatilgan, kamchiligi to‘ldirilgan, bunday mashaqqatli vazifani uddalash maqasadida hay’at azolari Mus'hafni ikki yuz martadan oshiqroq o‘qib chishlariga to‘g‘ri kelgan.[6] Nashr uchun tayyor holiga kelgan Mus'hafning ko‘rinishi, hajmi va xat turi borasida ham muammolar bor edi. Islom olamiga mashhur xattotlarning Mus'haf ustida olib borgan izlanish va mahoratlari ilmiy o‘rganib chiqildi va ber necha qo‘lyozma Mus'haflar orasidan Damashqlik xattot Usmon Tohoning yozuv uslubi tanlab olindi. Usmon Toho chiroyli yozish va yozuv qoidalariga rioya qilish bilan bir qatorda, tanzim ya’ni tartibga, tabvib ya’ni juzlarga ajratishni ham yo‘lga qo‘ygan edi. Qur’oni karimni 30 juzga bo‘lib, har bir juzga 20 sahifa ajratgan, Fotiha va Baqara surasining birinchi sahifasiga chiroyli shakl berish uchun ikki bet, oxirgi juzda “Bismilloh” bilan suralarning ajratilishi ko‘p bo‘lgani uchun yana ikki bet qo‘shilib, jami 604 sahifaga joylagan edi. Bundan tashqari, har bir sahifani oyat bilan boshlab, oyat bilan yakunlashga erisha olgani eng katta afzalligi bo‘lgan[7]. Sanab o‘tilgan jihatlari bilan boshqa qo‘lyozma nusxalardan tubdan ajralib turgan Mus'hafni yangi nashr qilinmoqchi bo‘lgan “Madina Mus'hafi” nusxasiga asos qilib olindi va hozirda dunyoga tarqalgan Mus'haflar orasida eng mukammal shaklga ega bo‘ldi.
Saudiya Arabistoni podshohligi homiyligida 1405-1425-hijriy yillar oralig‘ida “Madina Mus'hafi” 193 million tirajda bosib chiqishga erishildi[8] va bu dunyodagi eng ko‘p tiraj qilingan bosma deb baholanmoqda.
Hozirda yiliga 30 milion tirajda har xil hajm va ko‘rinishda nashr qilib, tarqatib kelinmoqda.
Keyingi yillirda yurtimizda ham har sohada bo‘lgani kabi diniy sohani rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlar Mus'hafi sharifni nashr qilish va aholimiz mo‘min-musulmonlarining Qur’oni karimga bo‘lgan extiyojini qoplash jihatini ham qamrab oldi.
Alloh taoloning muborak kalomi — Musxafi sharif O‘zbekistonda nashrdan chiqishi qalblarni sururga to‘ldirgan sharafli voqealardan biri bo‘ldi. Yurtimizning ko‘zga kuringan nashriyotlaridan biri «Hilol nashr» matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mus'hafi sharif kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.
Nashriyotning ko‘p yillik samarali faoliyati davomida Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
«Hilol nashr» matbaa-nashriyoti Mus'hafi sharifni nashr qilish loyihasi bo‘yicha dunyoda Mus'haf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi «Dorus-salom» nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Dorus-salom» nashriyoti «Hilol-nashr»ga Mus'hafni chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishildi.
Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mus'hafning adadi 50 000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10 000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mus'hafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Zero, Qur’oni Karim kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mus'haflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir. Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq, vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.
Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz ham yangi nashr etilgan Mus'hafi sharifni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘z yoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Abdulboqiy Tursunov
[1] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 182 sahifa.
[2] Kanzul ummol 10/536 sahifa.
[3] Tarixul Qur’on: Hafaniy Nosif 112 sahifa, Tarixul Qur’on: Muhammad Tohir Kurdiy 16, 186-sahfalar. Hozirda Misrning “Dorul kutub al-Misriya” kutubxonasida (176 raqam ostida) va “Qohira” unversiteti kutubxonasida bir nusxa saqlanadi.
[4] Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[5] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 339 sahifa, Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[6] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 505-sahifa.
[7] Hoshimov Nuriddin “Qur’oni karim yozuvchisi – Xattot Usmon Toho” maqolasidan qisqartirib olindi.
[8] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 506-sahifa.