O'lim olti bosqichdan iboratdir:
Birinchi bosqichning nomi “o'lim kuni” deyiladi. Ushbu kunda insonning hayoti nihoyasiga etadi. Alloh taolo osmondagi farishtalarga bandaning ruhini olish uchun erga tushishlariga va uni Alloh taologa yo'liqishga hozirlashlariga buyuradi.
Afsuski, hech kim bu kun haqida hech narsani bilmaydi, hatto o'sha kun kelganini, shu kuni vafot etishini ham anglamaydi. Inson ushbu vaqt kelganini bilmasada, lekin tanasida bir qancha o'zgarishlar bo'layotganini sezadi. Masalan, o'sha kunda mo'min kishining ko'ngli yorishadi, qalban huzur va halovatni tuyadi. Aksincha, fojir kimsaning ko'ngli siqilib, qalbi eziladi. Shu bosqichda shaytonlar maloikalarning tushayotganini ko'radilar, ammo inson buni ko'ra olmaydi. Qur'oni karimda ushbu bosqich bunday ta'riflanadi: “(Barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan qo'rqingiz! So'ngra har bir jon (egasi)ga qilgan amallariga yarasha narsa (mukofot yoki jazo) berilur va ularga adolatsizlik qilinmas”(Baqara surasi, 281-oyat).
Shundan so'ng ikkinchi bosqich boshlanadi. Bu bosqichda tanadagi ruh tadrijiy suratda olinadi. Ya'ni, avval oyoqning ostidan boshlanib, sekin-asta to'piqqacha, tizzagacha, qoringacha, ko'krakkacha va nihoyat inson gavdasining eng yuqori joyigacha etib boradi. U joyning nomini “taroqiy” (hiqildoq) deyiladi. Shu onda kishi qattiq charchoq va bosh aylanishini his qiladi. U o'zini qattiq bosim ostida turgandek sezadi, o'rnidan turishga madori qolmaydi. Tanasi borgan sari quvvatsizlanib boradi. Lekin, shu holida ham ruhi tanasini tark etayotganini tushunmay turaveradi.
Keyin uchinchi bosqichga o'tiladi va uning nomi “taroqiy” deb nomlanadi. Ushbu bosqich haqida ham Qur'oni karimda zikr etilgan: “Yo'q! Jon hiqilloqqa kelganida. “Dam soladigan bormi”? deyilganida. U buning ajralish ekanligini bilganida, boldirlar bir-biriga chalishganida” (Qiyomat surasi, 26-29-oyatlar).
“Taroqiy” deb halqum ostidagi ikkita elkaga qarab ketgan katta suyaklarga aytiladi. Uni bu holatda ko'rgan yaqinlari “Dam soladigan bormi”? deb, biri tabibga, boshqasi tez yordamga yugurib qoladilar. Boshqalari esa, Qur'on oyatlaridan o'qib dam solish kerak, deydilar. Ba'zi mufassirlar ushbu oyatni: Uning jonini kim oladi, rahmat farishtalarimi yoki azob farishtalarimi? deb tortishadilar, degan tafsirni aytganlar.
Ushbu holatda ham kishi hayotga qaytishidan umidvor bo'lib, ruhi tanasidan chiqayotganini bilmay turadi. “U buning ajralish (firoq) ekanligini bilganida”. Shu vaqtgacha hayot bilan vidolashayotganiga ishonmagan. Vaholanki, ruhi boldirlaridan allaqachon chiqib bo'lgan, “boldirlar bir-biriga chalishganida” ularni harakatlantirishga ham qodir emas.
Shundan keyin to'rtinchi – "halqum" degan bosqichga keladi. Ushbu to'rtinchi bosqich o'limning eng oxirgi va inson uchun nihoyatda og'ir kechadigan bosqichi hisoblanadi. Buning sababi, o'sha bosqichda ko'z o'ngidagi to'siq, parda ko'tariladi va atrofidagi farishtalarni ko'radi. Mana shu erdan oxiratga o'tish davri boshlanadi. “(Ey, inson!) Sen bu (og'ir kun)dan g'aflatda eding. Bas, Biz sendan pardangni ochib yubordik. Endi, bugun ko'zing o'tkirdir”(Qof surasi, 22-oyat).
Bu bosqichning “halqum” deb nomlanishining sababi ushbu oyatga asoslanadi: “Bas, qachonki, (kishining joni) halqumga etganida (jon berish paytida), holbuki, o'sha vaqtda sizlar (qo'lingizdan hech ish kelmay) qarab turursiz. Biz unga sizlardan ko'ra yaqinroqdirmiz, lekin sizlar (buni) ko'rmassiz”(Voqe'a surasi, 83-85-oyatlar).
Alloh taolo mayyitning atrofidagi kishilarga xitob qilib: sizlar uning atrofida turibsizlar, ammo u boshqa joydadir. Sizlar bir narsani ko'ryapsiz, u esa boshqa narsani ko'ryapti.
Darhaqiqat, shu onda u yo Allohning rahmatini ko'rayotgan yoki, Alloh asrasin, Uning g'azabini ko'rayotgan bo'ladi. Shu sababli mayyit o'sha vaqtda bir nuqtaga tikilib qoladi.
Mana shu bosqich insonning ruhi olinishidagi eng qiyin o'rindir. Chunki, shu holatda u Allohning va'dalarining haqiqatini topadi, farishtalarni ko'radi, hayoti davomida qilgan amallari ko'z oldidan o'tkaziladi. Mana shu vaqt “o'lim fitnasi” vaqti hisoblanadi.
“O'lim fitnasi”da shayton kelib insonning e'tiqodida shak-shubha paydo qilishga kirishadi. Alloh haqida, payg'ambar, din, Qur'on va hokazolar haqida shakkoklik qilishga undaydi. Kuchi etganicha shu insonni dindan chiqarishga, dunyodan kofir holatida ketishiga harakat qiladi. O'lim farishtasi kelib uning jonini olish arafasida turgan holatini shayton o'zi uchun eng so'ngi fursat ekanligini juda ham yaxshi bilgani uchun bor kuchi bilan g'ayrat qiladi, o'tgan vaqtlardagiga qaraganda kuchliroq zarba bilan so'nggi zarbani berishga urinadi. Shuning uchun ham Qur'oni karim bizni o'lim fitnasidan panoh berishini so'rab Alloh taologa iltijo qilishimizni eslatadi. “Ayting: “Ey, Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so'rayman. Yana men Sendan, ey, Rabbim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh so'rayman”(Mu'minun surasi, 97-98-oyatlar).
Payg'ambarimiz alayhissalom hadislarining birida shunday deganlar: “Kim qanday e'tiqodda hayot kechirgan bo'lsa, o'sha e'tiqodda o'ladi”. Ya'ni, agar banda hayoti davomida Islom diniga e'tiqod qilib, Allohga, Uning payg'ambariga va u zotning ummatlariga muhabbat qo'yib yashagan bo'lsa, dunyodan shu holatida ketadi.
Shu joydan beshinchi bosqich boshlanadi. Shu vaqtda o'lim farishtasi keladi, shundagina inson o'zining rahmatga noil kishilardanmi yoki azobga loyiq kimsalardanmi ekanligini tamoman anglab etadi. Ushbu bosqichda amallarining natijasini ko'radi, boradigan joyidan ogoh etiladi.
Payg'ambarimiz alayhissalom hadislari orqali ushbu bosqichni batafsil bayon qilib berganlar. Hususan, gunoh va ma'siyatlarga g'arq bo'lib yurgan va ayni paytda tavba qilmay, gunohlardan qaytmay Allohga yo'liqqan bandaning holati haqida aytilgan. “(Qasamyod etaman kofirlarning jonlarini badanlarining) qa'ridan sug'urib oluvchi (farishta)lar bilan, (mo'minlarning jonlarini osonlik bilan) chiqarib oladigan (farishta)lar bilan”(Nozi'ot surasi, 1-2-oyatlar).
Rasululloh alayhissalomning aytishlaricha, bir to'da farishtalar jahannam o'tidan tayyorlangan kafanni olib keladilar va osiy bandaning ruhini qattiq azob berib oladilar. Qur'oni karimda ushbu og'ir holat quyidagicha ta'riflangan: “Bas, farishtalar ularning yuzlari va ketlariga urib, jonlarini olar vaqtida, (hollari) ne kechur?!”(Muhammad surasi, 27-oyat).
Va nihoyat hal qiluvchi so'ngi bosqichga ham etib keldik. Ushbu bosqichda insonning ruhi jasadining eng yuqori nuqtasi etib keladi, ya'ni “taroqiy” qismidan yuqoriga ko'tarilib, og'zidan o'tib burniga etib keladi va o'lim farishtasiga o'zini topshirishga tayyor bo'ladi. Agar inson osiy banda bo'lsa, o'lim farishtasi unga: ey iflos ruh, g'azabnok bo'lgan parvardigorning huzuriga, otashda kuyish uchun chiq, deydi. Shunda inson dod soladi: “Ey, Rabbim! Meni (yana hayotga) qaytaringiz! Shoyad, men tark etgan joyim (dunyo)da yaxshi amal qilsam”, – der. Yo'q! (U aslo qaytarilmas). Bu haqiqatan u aytuvchisi bo'lgan so'zdir. Ularning ortida, to qayta tiriladigan kunlarigacha, (ikki dunyo o'rtasini to'sib turadigan) bir to'siq bordir”(Mu'minun surasi, 99-100-oyatlar).
Alloh taolo aytadi: “Mana o'lim mastligi (jon chiqish payti) haqiqatan (etib) keldi. (Ey, inson!) Bu (o'lim) sen undan qochuvchi bo'lgan narsadir”(Qof surasi, 19-oyat).
“O'lim mastligi” bu – hamma a'zolar harakatdan to'xtagan, a'zolarning biror joyi qolmay hammasiga qulf solinadiga holat. Inson aynan mana shu lahzadan umri davomida qochib yuradi. “Ayting: “Sizlar qochayotgan o'lim, albatta, sizlarga yo'liquvchidir! So'ngra sizlar yashirin va oshkora narsalarni biluvchi zotga (Allohga) qaytarilursiz. Bas, (U) sizlarga qilib o'tgan amallaringizning xabarini berur”(Jum'a surasi, 8-oyat).
Agar kishi mo'min bo'lsa, unga: ey pokiza ruh, pokiza jasadda bo'lgan ruh, g'azabnok bo'lmagan rabbing huzuriga, rayhon bo'ylaridan rohatlanish uchun chiq, deyiladi. Shunda ruh suv idishining og'zidan tomayotgan tomchidek, boshqa rivoyatda, xamirdan qil sug'urgandek, sezdirmasdan chiqadi. Bunday ruhga xitoban: “Ey, xotirjam (sokin) jon! (Ato etilgan ne'matlardan) rozi bo'lgan (va Alloh tomonidan) ham rozi bo'lingan holingda, Rabbing (huzuri)ga qaytgin! Bas, (solih) bandalarim (safi)ga qo'shilgin va jannatimga kirgin!”(Fajr surasi, 27-30-oyatlar) deyiladi.
Allohim, bizlarni imonda o'tmoqligimizni, ushbu xitobga loyiq bo'lmog'imizni nasib qilgin.
Homidjon domla Ishmatbekov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari.
(vahiyning ta’rifi va turlari)
Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.
“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.
Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.
Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.
Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar
Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:
1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.
Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi