Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2025   |   18 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:13
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2025, 18 Jumadul avval, 1447

Tarbiyalangan shaxs jamiyat uchun etakchi kuch, ammo u fikrlay boshlasagina suyanchiq bo'la oladi

06.10.2021   1793   8 min.
Tarbiyalangan shaxs jamiyat uchun etakchi kuch, ammo u fikrlay boshlasagina suyanchiq bo'la oladi

Bugun xalqaro maydonda, rivojlangan mamlakatlarda ustoz-muallimga qanday baho berilmoqda, degan haqli savol tug'ilsa, aslo ikkilanmasdan jonkuyar soha fidoyilari yuksak e'tirofga munosib ekanligini kuzatamiz. Misol uchun, Yaponiya imperatoridan bu davlatning shunchalar ildam rivojlanish siri nimada degan savolga, u: «Men o'qituvchiga prezident obro'sini, bosh vazir maoshini, diplomat daxlsizligini berdim», degan ekan.

Bundan 3 yil muqaddam Germaniya kantsleri Angela Merkelga bir guruh shifokorlar maoshlari ustozlarinikidan kam ekanligi uchun shikoyat qilganda, unga javoban kantsler: «Men sizlarga ustozlaringizdan ko'p pul to'lashimga umid ham qilmanglar. Axir men sizlarga ustozingizdan qanday qilib yuqori maosh to'layman», deydi. E'tiborli jihati, kunchiqar mamlakatda eng obro'li xonadonga qo'shni bo'lish niyatida ustoz bilan qo'shni bo'lishar ekan.  

Shvetsiyalik bir obro'li xonadan vakilidan «Siz nasib qilsa, farzandingizni qayerda o'qitmoqchisiz?» deb so'rashsa, u «Biror-bir yaxshiroq joyda, ya'ni, iloji bo'lsa o'qituvchi bo'ladi», deb javob qaytaradi.  

USTOZ MAQOMI  

Ustozsiz hech bir jamiyat, inson kapitali shakllanib kamolga etmagan. Qolaversa, ustozning ham ota-onadek haqlari bor. Farzandlarimizni ustozni hurmat qilishga o'rgatishimiz lozim. Shunda ular harf o'rgatgan, yomon yo'llardan qaytargan kishining qadriga etadi.

Hasan Basriy roziyollohu anhu aytadilar: Ustozlar, olimlar yulduzlarga o'xshaydi. Agar ko'rinib tursa, odamlar ular bilan yo'l topishadi. Agar ko'zdan yo'qolib zulmatda qolsa, qayoqqa yurishini bilmay, hayron qolishadi. Olimlar o'limi bilan Islomda bo'shlik paydo bo'ladi. Vaqt o'tsa-da, bu bo'shliqni biror narsa to'ldira olmaydi.  

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Otaning yuziga qarash – ibodatdir, Mus'hafga (Qur'on) qarash – ibodat, Ka'batullohga (qiblamiz)ga qarash ibodatdir. Olimning yuziga qarash ham ibodatdir».

Tabiiyki, muallimni hurmatlab, uning mehnatini daraxtga, ya'ni mevali daraxtga o'xshatishadi. Shogird har doim ustoziga tavozeli bo'lishi, har ishda undan maslahat olishi lozim. Ustoz oldida o'zini xokisor tutishi ham, kibrlanmaslik ham farz va shartdir.  

Imom Shofeiy roziyallohu anhu: «Molikning huzurida u kishini hurmatlab, qog'ozning shitirlashini eshitmasin deb, kitobni sekin varaqlardim, dedilar».  

 ZAMON VA DAVR USTOZI

O'tgan asrda yashab, faoliyat olib borgan allomalaridan biri, Amin Umariy ta'kidlaganidek: «Sen o'zingdan shunday shogirdlarni tarbiyalaginki, sening qarigan chog'ingda ham sen bergan tarbiya sezilib tursin».  

Mazkur fikrni keltirib o'tishimizdan maqsad shuki, qaysi bir ustoz bergan saboq bir umrga tatiydi, yana qaysi beri bergan bilim ma'lum bir muddatga tatiydi, yana boshqasiniki, o'sha kuniyoq qumga quyilgan suvday izsiz yo'q bo'lib ketadi.

Albatta, bu erda kimdir zamon allomasi sifatida jamiyat o'qituvchisi, yana kimdir maktab o'qituvchisi va yana kimdir sinf o'qituvchisi sifatida gavdalanadi. Ustoz o'z kasbi, bilimi va hayotda to'plagan tajribasi bilan obro' topadi.  

«Qars ikki qo'ldan», deganlaridek, bir tomondan o'qituvchi ma'lum ma'noda obro'yi va imijining tushishiga o'zi sababchi bo'lib qoladi. O'z ustida muntazam ishlamaslik, ilm va ijodda, pedagogik faoliyatda innovatsion g'oyalarga asoslanmaslik, konservativ tarzda kasbiga yondashish, albatta, salbiy asoratlar qoldiradi.  

Ikkinchidan, o'qituvchiga va umuman, har qanday kasb egasiga nisbatan imkon qadar munosabatni ijobiy tomonga o'zgartirish, moddiy va ma'naviy qo'llab-quvvatlash va shundan keyin talabni qo'yish maqsadga muvofiqdir.

Bu esa eng avvalo, davlat va jamiyat tomonidan amalga oshirilishi kerak. Bunga tarixdan o'nlab misollarni keltirish mumkin. Hazrat Alisher Navoiy, sohibqiron Amir Temir, Mirzo Ulug'bek bobolarimizning ustozlarga otalarcha g'amxo'rlik qilganlarini unutmasligimiz kerak. Manbalarda muallimlarga nisbatan rioya qilish lozim bo'lgan odoblar sanalganda ayrim diqqatni tortadigan jihatlarga duch kelamiz: «O'quvchi agar muallimini bir to'da insonlar ichida uchratib qolsa, jamoaga salom bergach, muallimiga alohida salom berib, mulozamat qilishi kerak».

Zotan, haqiqiy ilm sohibi ichi boshqa, tashi boshqa bo'lmaydi.  

RENESSANSNI YaRATUVChI LOKOMOTIV

Tabiiyki, bugungi kunda yangilanayotgan O'zbekiston sharoitida barcha muammolar, oxir-oqibat raqobatlashgan mehnat bozorida kadrlar masalasiga kelib taqaladi. Buning uchun nima qilmoq kerak va ustozlar oldida turgan ziyolilik mas'uliyati nima bilan o'lchanadi, degan savol paydo bo'ladi.  

Keyingi yillarda birgina xalq ta'limi tizimiga 160 mingdan ziyod erkak o'qituvchi qaytgani quvonarli hodisa, albatta. Zero, bugun jamiyatimizda bilim berishdan ko'ra, yoshlar tarbiyasi oqsayotgani va shunga jiddiy ahamiyat berish zarurligi kechiktirib bo'lmaydigan vazifamizga aylandi.

Uchinchi Renessans haqida gapirar ekanmiz, shunga mos tarzda bu jarayonda ustoz-pedagogning kasbiy mahorat maqomini belgilashda jamiyat bugun ustoz-murabbiydan nimani kutadi? Bu borada gap kasbiy, ma'naviy, pedagogik, qolaversa, ilmiy-nazariy jihatdan mezonlarni belgilash haqida ketmoqda. Uzoq yillar mobaynida pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish va jarayonni ichidan kuzatish, uni ikir-chikirlariga qadar bilish hamda bir qator chet mamlakatlarida (Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiya, Ukraina va boshqalar) tashriflarimizdan kelib chiqib sohaning ayrim jihatlari bo'yicha fikr bildirish o'rinli. Birinchidan, fikrimizcha, kadrlarni chetdan olib kelish masalasini o'ylab ko'rish lozim. Ularga bu erda anchagina pul to'lanishini nazarda tutsak, shu pulni ular oqlaydimi, degan masala ko'tariladi. Bir vaqtlar turk maktablarini ochganimizda, yoki yoshlarimizni u yurtga jo'natganimizda, mafkuralashtirish qanday oqibatlarga olib kelganligini yaxshi bilamiz. Chet elda bir qator ustozlar bilan malaka oshirganimiz yoki xizmat yuzasidan borganimizda, u yoqdagi kadrlardan ko'ra, bizning ustozlarimiz bilimi va malakasi, axloq va ma'naviyati yuqori bo'lganligiga amin bo'lganmiz.OMONAT

Chindan ham, har bir o'quvchi, yosh-avlod ota-onasi va jamiyat tomonidan ustozning qo'liga topshirilgan buyuk omonat! Bu borada ustozning zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklatilgan bo'ladi. Ustoz o'quvchi-talaba shaxsiyatining shakllanishi, fikrlarining o'sishi, nafsining tarbiyalanishi, ilm olishi, ma'rifat hosil qilishi kabi bir qancha o'ta ahamiyatli narsalarda mas'uldir. Zero, ustoz sharafi uning aql-idroki, bilimi, madaniyati va ma'naviyati bilan go'zal. Ustozi qanday bo'lsa, uning shogirdi ham shunday sifat va xislatlarga ega bo'lib ulg'ayadi. Hatto, husnixati boshlang'ich sinfda chiroyli bo'lmagan ustozdan chiroyli husnixatga ega shogirdni tarbiyalab bo'lmaydi. Komil va kamolga etgan ustozgina o'zidan kuchli, barkamol shaxsni tarbiyalaydi. Alloma bobomiz Abu Ali ibn Sinoning yoshlik chog'larida ustozi uyiga kelib mashg'ulot o'tsa-da, besh-olti saboqdan so'ng bo'lajak allomaga dars berolmasdan, uning zehniga qoyil qolgan ekan. Bu shundan dalolat beradiki, bugungi talabga javob beraman, degan ustoz tinmasdan, muttasil o'z ustida ishlashi va shu orqali shogirdlarga ham ma'nan, ham ilm borasida bahsga kirisha olish san'atini o'rgatishi, bilim bilan oziqlantirishi kerak. Har bir mamlakatning taqdiri muallimga, ta'lim tizimining sifatiga bog'liq. Biz tarbiyalayotgan shaxs jamiyatda etakchi kuch, ammo fikrlay boshlasagina, u davlatga suyanchiq bo'la oladi.  

Muallimlar –  inson ruhining injenerlari yoxud uchinchi Renessans lokomotivlari hisoblanadi. Yurtboshimiz tili bilan aytganda, o'qituvchi – kelajak bunyodkori!  

 

 

Vahob  Qo'chqorov, O'zbekiston xalqaro islom  

akademiyasi professori, siyosiy fanlar doktori.  

Baxtiyor Omonov, O'zbekiston milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Mus'haflarni yozish va nashr qilish tarixi

07.11.2025   15143   13 min.
Mus'haflarni yozish va nashr qilish tarixi

Qur’oni karimni jamlanish tarixida kitobat – yozib qoldirish o‘ziga xos o‘rin tutgan. Oyatlarni yozib olish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridanoq boshlangan, kotib sahobalar har bir oyatni nozil bo‘ilishi bilan kechiktirmay yozib olishga katta e’tibor berishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Qur’onga bandalar so‘zi aralashib qolmasligi uchun Qur’ondan boshqa narsani yozib olmaslikni buyurganlar.

Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida esa tarqoq sahifalardagi oyatlar bir butun holga – Mus'haf shaklida yozib qoldirilgan. Bu jamlashda bosh kotiblik vazifasida bo‘lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu faqat og‘zaki tilovat bilan kifoyanmadilar, balki, eshitgan har bir oyatlarni mavjud bitiklarga solishtirib, og‘zaki tilovat yozuvdagi bilan mos kelib, tasdig‘ini topsa, Mus'hafga qo‘shardilar. Bu holat ham Mus'haf tarixida yozishni nechog‘li yuqori ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.

Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida yozib, katta shaharlara tarqatilgan Mus'haflar esa, keyingi avlod xattotlari uchun Mus'haflar ko‘chirib tarqatishlariga asosiy manbaa bo‘lib xizmat qildi. O‘sha zamonlarda Mus'haflar qo‘l mehnati bilan ko‘chirilgan

Hazrati Aliy karramallohu vajhahuning nabiralari Aliy Zaynulobidin aytadilar: “Mus'haflar varag‘i ketma-ket (bir-biriga bog‘langan, ulangan) bo‘lmas edi, kimda Mus'haf bo‘lsa masjid minbarini oldiga kelib, “Kim xohlasa mendan ko‘chirib olsin” der edi. Xohlovchilar kelib undan bir sahifa, bir sahifa qilib Mus'hafni oxirigacha ko‘chirib olishar edi”[1].

Abu Hakima al-Abidiy aytadilar: “Men Kufa shahrida xattotlar bilan birgalikda Mus'hafni ko‘chirar edim. Kunlardan birida Aliy roziyallohu anhu biz ko‘chirgan nusxalardan birini ko‘rdilar va bizning yozgani xatimiz u zotni juda ajablantirdi, shunda “Alloh nurlantirgan narsani (Mus'hafni) mana shunday nurlataveringlar”, boshqa bir rivoyatda “Alloh taolo bunga (Mus'hafga) nur bergani kabi sizlar ham nurlantiringlar” dedilar[2]”.

Islomning dastlabki asrlaridagi holat shunday bo‘lgan. O‘sha zamonlarda nashr qilish imkoniyati bo‘lmagani uchun kimga Mus'haf kerak bo‘lsa, xat savodi borlar o‘zi ko‘chirib olardi, xat savodi bo‘lmaganlar xattotlarga iltimos qilib, ba’zan haq to‘lash evaziga ko‘chirtirib olar edi. Xattotlar imon-e’tiqodining mustahkamligi, Qur’oni karimga bo‘lgan hurmat-ehtiromi va asosiysi, Alloh taoloning oldidagi mas’uliyatini his qilib, omonatdorlik bilan o‘z kasbiga yondashuvi natijasida Mus'haflar bexato ko‘chirilar, kamdan-kam hollarda yo‘l quyilgan kamchiliklar Qur’onni yod olgan hofizlar tarafidan o‘z vaqtida to‘g‘rilanardi ham. Ayrim mohir xattotlar umri davomida yuzlab nusxalar ko‘chirib, extiyojiga yarashasini sotar, qolganlarini ilm davralariga, masjid va tolibi ilmlarga vaqf qilib tarqatar edi.

Nashr qilish dastgohi ixtiro qilingach, kitob nashr qilish jabhasida misli ko‘rilmagan yutukqqa erishildi. Dastlab nashr dastgohlari Germaniyada 1431 melodiy sanada ishlab chiqildi. Yillar davomida bu uskunlarning salohiyati va imkoniyatlari kengaydi, dastlab Italiya, so‘ngra Fransiya davlatlarida ishlatiladigan bo‘ldi. Keyinchalik dunyoning boshqa ilg‘or musulmon mamlakatlariga ham tarqaldi.  Jumladan, Halab shahrida 1698 yilda, Livanda 1733 yilda suryon tilida, keyinchalik arab tiliga ixtisoslashgan, Bayrutda 1753 yilda “Qudays” nomli nashriyot faoliyati joriy qilindi. Misrga Fransiyalik harbiy qo‘mondon Bonapart 1798 yilda o‘zi bilan nashr dastgohini olib kirishi natijasida Qohiradagi “Ahliyya” matbaasiga asos solingan. Keyinchalik bu matbaa “Buloq” nomida faoliyat olib borib, Islom olamiga juda mashhur bo‘lgan.  Turkiyaga Sulton Ahmad III davrida kirib kelgan. Biroq bu dastohlarda diniy adabiyotlarni nashr qilish o‘sha zamon Turk ulamolari tarafidan ruxsat berilmagan. 1141 yildan keyin asta-sekin arab adabiyoti, tarixi va lug‘atiga oid kitoblar nashr qilingan.

Nashr etish dastgohida chop etilishi bilan tarixda qolgan Mus'haf 1694 yilda Germaniyaning Gamburg shahrida Abraxam Xinkelman (Abrahmi Hinckelmanni) ismli sharqshunos olimning sa’y-harakati bilan 560 sahifada nashr qilingan[3]. Har bir sahifa 16 satrdan iborat bo‘lib, oyatlar boshlanishi tartib raqm bilan belgilangan.

Bundan avval Italiyadagi “Bunduqiya” nashriyotida ham 1530 yilda nashr qilingan, biroq, o‘sha zamon hukmron boshqaruv tabaqa vakillari tomonidan nashr o‘rnida yo‘qotib tashlangan[4].

Shunga ko‘ra hozirgacha saqlanib qolgan Mus'haflar orasida eng qadimiysi Germaniyaning Gamburg shahrida chop qilingani hisoblanadi. Mus'hafning mazkur nusxasi bizgacha saqlanib qolganlari orasida ilk nashr qilingani bilan ahamiyatli bo‘lsada, ko‘plab xato va kamchiliklardan xoli emas edi. Unda uchraydigan xatolar asosan arab tili qoidalariga mos kelmasligi hamda nashr dastgohidagi texnik kamchiliklarga borib taqalardi. Masalan, yonma-yon kalimalarni o‘rin almashib qolishi, nuqtalarning oz yoki ko‘payib qolishi, orasi ajratib yozilishi kerak bo‘lgan ikki kalimaning orasi bog‘lanib qolish kabi kamchiliklarni keltirish mumkin.   

Ana shundan keyin Mus'haflar ketma-ket nashr qilina boshlandi.

Dastlabki nashr qilingan Mus'haflar sifatida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1787 yilda Mavlo Usmon boshchiligida nashr etilgan Mus'hafni, Eronda nashr qilingan ikkita toshbosma nusxa: biri 1828 yili Tehronda, ikkinchisi 1833 yili Tabrizda nashr qilingan nusxani, Qozon shahrida 1877 yilda bosilgan Mus'hafni, huddi shu yili Turkiyada xattot Hofiz Usmon qalamiga mansub nashr qilingan Mus'haflarni keltirish mumkin. Qozon shahrida bosilgan nusxa avvalgi Gamburg shahrida nashr qilingan Mus'hafga deyarli o‘xshab ketsada, unda yo‘l quyilgan kamchiliklar oldi olingan, kalima va harflarda uchragan texnik xatolar tuzatilan edi. Biroq harflar ustiga qo‘yiladigan harakatlarda kamchiliklar bor bo‘lib, Mus'haf so‘ngidagi maxsus jadvalda yo‘l qo‘yilgan xatolar ko‘rsatib o‘tilgan[5]. Keyinchalik, Mus'hafning ko‘plab nashriyotlarda chop qilish ommalashib ketdi. Misrda 1890 yilda Rizvon ibn Muhammad Muxallalotiy boshchiligida, 1923 yilda xattot Muhammad Aliy Husayniy  boshchiligida nashr qilingan.

Sanab o‘tilgan Mus'haflarning barchasida harflar Usmoniy Mus'haf asosida, harakatlar esa Xalil ibn Ahmad va imom Sibavayhlar asos solgan yo‘nalishda bo‘lgan. 

Keyingi paytlarda tijoriy nashriyotlarning ko‘payishi, unda ish olib boradigan xodimlarning mas’uliyatsizligi, bee’tiborlik  bilan nashr qilingan bir qancha Mus'haflarda texnik xatolar ko‘payib ketish oqibatida, ayrim nashriyotlar Mus'hafni ko‘paytirib, tarqatish emas, balki turli nashrlarda uchraydigan xato va kamchiliklardan tozalashni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Hozirda bunday ezgu maqsad sari faoliyat olib borayotgan nashriyotlar orasida eng ko‘zga kuringani bu – Madinai munavvaradagi “Malik Fahd” nashriyotidir. 1404 hijriy sana 20 rabiussoniy oyida Saudiya Arabistoni podshohligi muassisligida Mus'haf va unga aloqador ilm ahllari, mutaxassislardan iborat o‘n besh kishilik qo‘mita tashkil qilingan. Qo‘mita hay’at a’zolari Qur’oni karimni har bir kalima, harf va hatto harakatlari, to‘xtash belgi va ko‘rsatmalari ustida bosh qotirib, chuqur tadqiq qilishgan, yillar davomida Mus'hafga kirib qolgan qushimchalar olib tashlanib, xatolar tuzatilgan, kamchiligi to‘ldirilgan, bunday mashaqqatli vazifani uddalash maqasadida hay’at azolari Mus'hafni ikki yuz martadan oshiqroq o‘qib chishlariga to‘g‘ri kelgan.[6] Nashr uchun tayyor holiga kelgan Mus'hafning ko‘rinishi, hajmi va xat turi borasida ham muammolar bor edi. Islom olamiga mashhur xattotlarning Mus'haf ustida olib borgan izlanish va mahoratlari ilmiy o‘rganib chiqildi va ber necha qo‘lyozma Mus'haflar orasidan Damashqlik xattot Usmon Tohoning yozuv uslubi tanlab olindi. Usmon Toho chiroyli yozish va yozuv qoidalariga rioya qilish bilan bir qatorda, tanzim ya’ni tartibga, tabvib ya’ni juzlarga ajratishni ham yo‘lga qo‘ygan edi. Qur’oni karimni 30 juzga bo‘lib, har bir juzga 20 sahifa ajratgan, Fotiha va Baqara surasining birinchi sahifasiga chiroyli shakl berish uchun ikki bet, oxirgi juzda “Bismilloh” bilan suralarning ajratilishi ko‘p bo‘lgani uchun yana ikki bet qo‘shilib, jami 604 sahifaga joylagan edi. Bundan tashqari, har bir sahifani oyat bilan boshlab, oyat bilan yakunlashga erisha olgani eng katta afzalligi bo‘lgan[7]. Sanab o‘tilgan jihatlari bilan boshqa qo‘lyozma nusxalardan tubdan ajralib turgan Mus'hafni yangi nashr qilinmoqchi bo‘lgan “Madina Mus'hafi” nusxasiga asos qilib olindi va hozirda dunyoga tarqalgan Mus'haflar orasida eng mukammal shaklga ega bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni podshohligi homiyligida 1405-1425-hijriy yillar oralig‘ida “Madina Mus'hafi” 193 million tirajda bosib chiqishga erishildi[8] va bu dunyodagi eng ko‘p tiraj qilingan bosma deb baholanmoqda.

Hozirda yiliga 30 milion tirajda har xil hajm va ko‘rinishda nashr qilib, tarqatib kelinmoqda.

Keyingi yillirda yurtimizda ham har sohada bo‘lgani kabi diniy sohani rivojlantirish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Bunday islohotlar Mus'hafi sharifni nashr qilish va aholimiz mo‘min-musulmonlarining Qur’oni karimga bo‘lgan extiyojini qoplash jihatini ham qamrab oldi. 

Alloh taoloning muborak kalomi — Musxafi sharif O‘zbekistonda nashrdan chiqishi qalblarni sururga to‘ldirgan sharafli voqealardan biri bo‘ldi. Yurtimizning ko‘zga kuringan nashriyotlaridan biri «Hilol nashr» matbaa-nashriyoti tomonidan chop etilgan Mus'hafi sharif kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.

Nashriyotning ko‘p yillik samarali faoliyati davomida Qur’oni Karimni qadimiy an’analarga, o‘ziga xos tartib-qoidalari va odoblariga rioya qilgan holda, ilg‘or texnologiyalar yordamida sifatli va go‘zal shaklda chop etish uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratildi.

«Hilol nashr» matbaa-nashriyoti Mus'hafi sharifni nashr qilish loyihasi bo‘yicha dunyoda Mus'haf nashri bo‘yicha yetakchi matbaalardan hisoblangan — Misr Arab Respublikasidagi «Dorus-salom» nashriyoti bilan hamkorlik shartnomasi tuzdi. Tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Dorus-salom» nashriyoti «Hilol-nashr»ga Mus'hafni chop etish uchun maxsus ijozat berdi va Qur’oni Karim nusxasi andozasini taqdim qildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ko‘magida ushbu tabarruk loyihani bajarishga kirishildi.

Nashriyot imkoniyatidan kelib chiqib birinchi bosqichda mazkur Mus'hafning adadi 50 000 dona deb belgilandi, dastlab shu adaddan 10 000 nusxa savdoga chiqarildi va 31000 so‘mdan sotildi. Bundan buyon har ikki-uch oyda ana shunday adadda Mus'hafi shariflarni xalqimizga taqdim qilib borish ko‘zda tutilmoqda. Zero, Qur’oni Karim kirib borgan, o‘qiladigan har bir xonadonga Alloh taoloning fayz-barakoti yog‘ilib turadi. Binobarin, Alloh taoloning kalomi — Qur’oni Karimning ko‘p ming nusxada bosmadan chiqarilishi va uning samarasi o‘laroq, har bir mo‘min-musulmonning xonadonida mus'haflar ko‘z qorachig‘idek saqlanishi jonajon Vatanimiz uchun mislsiz xayr-barakadir. Qur’oni bor xonadonda tarbiyalangan farzandlar diniga, el-yurtiga, millatiga sodiq, vatanparvar, chinakam avlod sifatida kamol topadi.

Qalbi Qur’onga oshno xalqimiz ham yangi nashr etilgan Mus'hafi sharifni shod-xurramlik, xursandchilik va sevinch ko‘z yoshlari bilan kutib oldi. Bu yorqin hodisa mamlakatning deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

 

Abdulboqiy Tursunov

 

 

[1] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 182 sahifa.
[2] Kanzul ummol 10/536 sahifa.
[3] Tarixul Qur’on: Hafaniy Nosif 112 sahifa, Tarixul Qur’on: Muhammad Tohir Kurdiy 16, 186-sahfalar. Hozirda Misrning “Dorul  kutub al-Misriya” kutubxonasida (176 raqam ostida) va “Qohira” unversiteti kutubxonasida bir nusxa saqlanadi.
[4] Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[5] Muhammad Tohir Kurdiy “Tariyxul xattil arabiy” kitobi, 339 sahifa, Mabohis fiy ulumil Qur’on: Subhiy Solih, 99-sahifa.
[6] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 505-sahifa.
[7] Hoshimov Nuriddin “Qur’oni karim yozuvchisi – Xattot Usmon Toho” maqolasidan qisqartirib olindi.
[8] Dirosot fiy ulumil Qur’on. 506-sahifa.