Harami sharifda namoz o'qiyotganimizda bir yosh arab bolaning telefoni jiringlab qoldi. Uning yuragiga vahima tushdi. O'sha erdagi namoz o'qib turgan hojilarning ham fikrlari bo'lindi. – Namozda telefon jiringlasa, o'sha erdagi namozxonlarning diqqati, albatta, bo'linadi. Chunki undan taralayotgan musiqa diqqatni jalb qilish uchun qo'yilgan-da. – So'ng haligi bola namoz o'qiyotgan holatida qo'lini cho'ntagiga soldi, telefonini oldi va og'ziga yaqin olib kelib “men namoz o'qiyapman” dedi-da, yana cho'ntagiga solib qo'ydi. Bunday holatda uning namozi nima bo'ldi?!
Yana bir voqea! Insonlar Baytullohning eshigi oldiga yaqinlashib, tavba qilib, yig'lab duo qilayotganlarida, shu payt bir o'spirinning telefoni jiringlab ketdi. Uning telefonidan hind qo'shig'i yangradi. E'tibor qarataylik, balki bu narsalar aynan ibodatlarimizni samarasiz bo'lishi uchun ham shaytonga qo'l kelmayaptimikin?!
Qanchadan-qancha kishilarni ko'ramiz, tavof qila turib bor e'tibori ibodatda emas, Alloh taoloda emas. Aksincha, telefonida, internetda, izoh qoldirishda. Maqomi Ibrohimda, Hatim yonida, Hajarul Asvad izdihomida ham shu holat. U o'sha ibodatlarni faqat jismonan bajaryapti, xolos. Uning bor diqqat-e'tibori telfonida. Kimgadir xat yozyapti yoki kimnidir eshityapti. Axir, ibodatning asl mohiyati qayerda qoldi?!
Alloh taoloning marhamatini, rahmatini fikrlab, chin ko'ngildan tavba qilish qayerda qoldi?!
"Sharm va hayo” kitobidan
Shu yil 24 mart kuni Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan saralab olingan guruh rahbarlari uchun maxsus o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir “Haj – 2026” mavsumini yuqori saviyada, namunali va tartibli tashkil etish, ziyoratchilarimizga munosib sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlarini Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samadov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra tadbirlarini tashkil etish markazi direktori Maqsud Karimov olib borishdi.
Yig‘ilish davomida notiqlar guruh rahbarlariga yaqinlashib kelayotgan haj mavsumining tashkiliy ishlari, unga doir eng muhim vazifalar va mas’uliyatli jihatlari alohida tushuntirib o‘tildi. Xususan, ziyoratchilarga Islomning beshinchi rukni bo‘lgan haj ibodatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, haj amallarini ado etishning tartib-qoidalari va muborak qadamjolarni ziyorat qilish odoblari xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, soha mutasaddilari guruh rahbarlariga haj safariga doir amaldagi qonunchilik va boshqa me’yoriy hujjatlarni ham puxta bilish, ziyoratchilar bilan ishlashda doimo xushmuomala bo‘lish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish muhimligiga urg‘u qaratishdi.
Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi. Shuningdek, kelgusida Fatvo markazi ulamolari bilan haj ibodatiga oid shar’iy masalalar bo‘yicha dars mashg‘ulotlari olib borish reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati