Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:08
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:21
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

Ustozga ehtirom

30.09.2021   5745   6 min.
Ustozga ehtirom

Islom – ilm-ma'rifat dini, shuning uchun u barcha musulmon va muslimalarga ilm olishni farz qilgan. Qur'oni karimning ilk nozil bo'lgan quyidagi oyat mazmuni ham bunga dalolat qiladi:   

“O'qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq, 1).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ummatlariga beshikdan qabrgacha ilm izlashni buyurganlar. Chunki ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo'lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi.

Ilm esa ustozning sa'y-harakati, tinimsiz mehnati, g'ayrati va matonati bilan egallanadi. Ahli ilmlar – ziyolilarni bejizga “anbiyolarning merosxo'rlari” deb e'zozlanmaganlar. Qur'oni karimda o'zi egallagan ilmni boshqalarga o'rgatgan ustozlarning sha'ni-sharafi naqadar ulug'ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

“...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi shariflarda boshqalarga ilm-ma'rifatni o'rgatgan ustozlar alohida ehtiromga loyiq zotlar deya ta'riflanadi. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ikki kishiga hasad (havas ma'nosida) qilish joiz: birinchisi – Alloh taolo bergan mol-dunyoni haq yo'lga infoq-ehson qiluvchi kishiga; ikkinchisi – Alloh taolo ilm bergan bo'lsayu, o'sha ilm bilan hukm qilgan va uni boshqalarga o'rgatgan kishiga", deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: "Agar inson vafot qilsa, uning barcha amali to'xtaydi, faqat uch narsada to'xtamay nomai a'moliga yozib boriladi: 1) sadaqai joriya, ya'ni kishilarga manfaati etadigan madrasa, ko'prik, ariq kabilarga sarflangan sadaqa, ehson; 2) manfaatli ilm, ya'ni o'rgatilgan ilm yoki yozib qoldirilgan asar; 3) ota-onasiga duo qiluvchi solih farzand qoldirilishi" (Imom Muslim rivoyati). Bundan ma'lum bo'ladiki, ustozlar tarqatgan ilm ularning vafotidan keyin ham savob keltiraveradi.

Shuning uchun ilm toliblaridan, qolaversa barcha kishilardan olimni e'zozlash, hurmatini joyiga qo'yish, ilm bilan shug'ullanishi uchun sharoit yaratib berish talab etiladi. Ustozga mehr qo'ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o'z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta'lim oluvchi shogird ham o'zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e'zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak bo'ladi. bu esa ustozni qalbidagi, ong-shuuridagi bor bilimini berishiga sabab bo'ladi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu o'zidan yoshi ulug' bo'lgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug'lik sifatiga etmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo'min kishining yo'qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

  Muallimning ham o'ziga xos burch va vazifalari mavjud. Muallim shogirdiga shafqatli bo'lishi, ularni o'z farzandidek ko'rishi, bergan ilmi uchun ulardan haq talab etmasligi, ilm bergani uchun mukofot va tashakkur istamasligi, balki Alloh yo'lida xolis ilm o'rgatishi lozim bo'ladi. Ustoz shogirdlariga biron narsani minnat qilmaydi, balki ularning qalblariga ilmni mahkamlash orqali Allohga yaqin bo'lishni niyat qiladi, tirishqoq shogirdlarini ma'naviy taqdirlash va rag'batlantirishni afzal deb biladi.

Tarixda ustoz va shogirdlikning go'zal ibratlari bor. Ikki buyuk shoir Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ustoz va shogirdlik munosabatlari necha asrdan buyon hammani lol qoldirib kelyapti: Alisher Navoiy hayotda ham, ijodda ham hamisha ustoziga ergashdi, unga o'xshashga intildi. Ustozi kabi u ham “Hamsa” yozdi, ustozining “Nafahotul-uns” asarini yanada boyitib, “Nasoyimul-muhabbat” nomli yangi asar yozdi. Huddi shuningdek, o'z davrining ikki buyuk allomasi Qozizoda Rumiy bilan Mirzo Ulug'bekning ustoz-shogirdlik munosabatlari tarix sahifalariga oltin harflar bilan bitib qo'yilgan.

O'rta asrlarning ulug' faqihi Alouddin Samarqandiyning o'zining iqtidorli shogirdi Abu Bakr Kosoniyga ko'rsatgan lutf va marhamati ham barchaga ibrat bo'larlidir. Abu Bakr ustozidan olgan ilmida shu qadar yuksaldiki, ustozining ko'p jildli mashhur “Tuhfatul-fuqaho” asariga go'zal bir sharh yozib, uni “Bado'eus-sanoi fi tartibush-sharoi” (Din hukmlarini tartiblashda go'zal san'atlar) deya nomladi.

  Alloh taolo barchalarimizni ilm o'rganadigan, ilm o'rgatadigan ma'rifatli bandalaridan aylasin, ustozlarimizga dunyo va oxiratda ulkan savob va mukofotlarini ato etsin, barchalarimizga ikki dunyo saodatiga erishini muyassar qilsin!

 

Abdulhay TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ustoz otangdan ulug‘mi yoki otangdek ulug‘mi?

24.09.2026   53703   5 min.
Ustoz otangdan ulug‘mi yoki otangdek ulug‘mi?

Xalqimiz orasida «Ustoz — otangdek ulug‘» degan naql keng tarqalgan. Shu bilan birga, ba’zan «Ustoz — otangdan ulug‘» degan hikmatli iborani ham tesh-tesh eshitib qolamiz. Har ikki iborada ham juda chuqur va ibratli ma’no mujassam. Xo‘sh, aslida qaysi biri to‘g‘riroq? Bu savolga to‘g‘ri javob topish uchun ota va ustozning inson hayotidagi o‘rni hamda maqomiga nazar tashlashimiz lozim.


Ota va ustoz maqomi: jism va ruh tarbiyachilari
 

Donishmandlar bu masalani juda go‘zal tushuntirib berishgan: «Ota insonning dunyoga kelishiga va jismoniy ulg‘ayishiga sababchi bo‘lsa, ustoz uning ruhiy, ma’naviy va axloqiy jihatdan yuksalishiga sababchi bo‘ladi».


Ota farzandiga hayot beradi, uni boqib, kiyintirib, jismonan ulg‘aytiradi. Ustoz esa o‘sha insonga hayotda to‘g‘ri yo‘lni topish, jaholat zulmatidan ma’rifat nuriga chiqish va ikki dunyo saodatiga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.


Arastudan: «Sizni dunyoga keltirgan otangizni ko‘proq hurmat qilasizmi yoki ta’lim bergan ustozingiznimi?» deb so‘rashganda, u shunday javob bergan ekan: «Otam osmondan yerga tushishimga sababchi bo‘lgan, ustozim esa meni yerdan osmonga ko‘tardi».


Shu sababli, mohiyat e’tibori bilan ustoz ma’naviy ota hisoblangani uchun uni «otangdan ulug‘» yoki «otangdek ulug‘» deb e’zozlashgan.


Islom dinida ustozning qadri
 

Islom ta’limotida ilm bergan va odob o‘rgatgan insonning maqomi juda yuqori baholanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda ilm egalarini shunday maqtaydi:


«Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilganlarning darajalarini ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat).


Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham o‘zlarini eng avvalo ustoz sifatida tanitganlar. U zot: «Albatta, men muallim (o‘qituvchi, ustoz) qilib yuborildim», deganlar (Imom Ibn Moja rivoyati).


Yana bir hadisi sharifda esa shunday marhamat qilinadi: 
 

«Otang uchtadir: seni dunyoga keltirgan otang, seni bag‘riga olib qizini bergan otang (qaynotang) va senga ilm-odob o‘rgatgan otang (ustozing)». 
 

Demak, ustoz ham shunchaki muallim emas, balki insonning uch otasidan biri — ma’naviy otasidir. 
 

Ibratli rivoyat: Sulton va uning ustozi


Islom tarixida ustozga bo‘lgan ehtirom borasida benihoya ibratli voqealar juda ko‘p. Konstantinopol (Istanbul)ni fath etgan mashhur hukmdor Sulton Muhammad Fotih va uning ustozi Oqshamsiddin o‘rtasidagi voqea bunga go‘zal misoldir.


Sulton Muhammad shaharga zafar bilan kirib kelayotganida, aholi va lashkar unga gullar va ehtirom ko‘rsata boshlaydi. Sulton esa ot ustida yonida borayotgan keksa ustozi Oqshamsiddinga ishora qilib: «Gullarni menga emas, ustozimga beringlar! Men Istanbulni fath etgan bo‘lsam, bu mening emas, meni tarbiyalagan ustozimning mehnati va barakotidir», degan.


G‘alaba paradida ustozining oti sachratgan loy Sultonning chakmoniga tegadi. Ayonlar sarosimaga tushganda, Sulton Muhammad Fotih tabassum qilib: «Ustoz otining oyog‘idan sachragan loy mangu faxrimizdir. Men vafot etsam, shu loy tekkan chakmonimni kafanimning ustiga yopinglar», deb vasiyat qilgan. Bu buyuk hukmdorning ustozga bo‘lgan cheksiz hurmati va odobini ko‘rsatadi.


Hayotiy misol: Shogirdning muvaffaqiyati – ustozning mehnati
 

Bugungi hayotimizda ham qaysi bir sohada yutuqqa erishgan insonni ko‘rmang, uning ortida tunlarni bedor o‘tkazgan, sabr bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan fidoyi ustozi turadi. Shifokor bo‘lamizmi, muhandis, olim yoki tadbirkor — barchasi ustozlarning mehnati mahsulidir.


Ota-onamiz bizga moddiy imkoniyat va badan bergan bo‘lsa, ustozimiz o‘sha imkoniyatlarni to‘g‘ri yo‘naltirishni, insonlarga naf keltirishni o‘rgatadi.

Xulosa

«Ustoz otangdan ulug‘mi yoki otangdek ulug‘mi?» degan savolga shunday xulosa qilish mumkin: Ustoz — otangdek ulug‘dir, chunki u sening ma’naviy otangdir; ustoz — otangdan ham ulug‘dir, chunki u seni abadiy saodatga va Yaratganni tanishga yetaklaydi.


Ota-onamizga qanday yaxshilik qilish va duoda bo‘lish burchimiz bo‘lsa, bizga bir harf bo‘lsa ham ilm o‘rgatgan ustozlarimizni e’zozlash, ularni tez-tez ziyorat qilish va haqlariga xayrli duolar qilish ham har bir shogirdning farzi va oliy insoniy burchidir.


Ma’rufxon Aloxodjayev, 

TII Modul ta’lim tizimi 2-kurs talabasi

Namangan shahri «Abdulqodir qori» jome

masjidi imom-xatibi

Maqolalar