Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

 USTOZ kim?

30.09.2021   4141   13 min.
 USTOZ kim?

Alloh  Taolo olamlarni  bunyod etgandan co'ng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurg'asidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini ko'paytirdi.

Rivoyat etilishicha, odamzotning ko'ngliga 3 narsa urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan. 

Birinchisi er uchun – ayol, ayol uchun – er. Chunki ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi, ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.

Inson ko'ngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan.  Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo  ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon.

Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug'  narsa bu kitob ekan. Zero Qur'ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O'qing!») ekanligi, ulug' Payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazganlari, musulmonlar diliga singdirganlari ma'lumdir. Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday so'zlash, qanday yashash zarurligini, imon-e'tiqodni asrashni biladilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro'zi – Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo'lib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak ma'naviyati bo'lmish milliy va diniy kadriyatlarimiz esa bularning   hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, engilmas kuchimizdir!

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan,  demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»«maorif» degan ma'nolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Islom dini paydo bo'lishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan bo'lsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, ma'rifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Burhoniddin Marg'inoniy, Imom Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Horazmiy, Ahmad Farg'oniy, Mirzo Ulug'bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) O'z ilohiy hikmati  ila ixtiyor etdi.

Yaxshilik va ezgulik, bag'rikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli bo'lish, qon to'kmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayot ekanlarida mehribon va saxiylik ila munosabatda bo'lish, dunyodan o'tganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga da'vat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida o'z qadrini hamda o'zining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin ma'noda xizmat qilish imkoniyatini topdi.

Bizning qadimiy va go'zal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jaxon tsivilizatsiyasi  beshiklaridan biri bo'lganini xalqaro  jamoatchilik tan olmoqda va e'tirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar etishib chiqqani, umumbashariy tsivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga  aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bog'liq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga ko'tarilishida ona yurtimizda tug'ilib kamolga etgan ulug' allomalarning hizmatlari  beqiyos ekani bizga ulkan  g'urur va iftixor bag'ishlaydi.

Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;

2) ona;

3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar o'rgatgan inson);

4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);

5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;

6) mo'ysafid odam;

7) adolatli rahbar.

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan hatto maqollari ham  insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni xurmatlashga targ'ib etadi.

Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos.

Bizning dono xalqimiz

«Ustoz – otangdek  ulug'»,

 

«Usta borida qo'lingni tiy,

Ustoz borida – tilingni»,

 

«Usta bo'lsang, ustozingni unutma»,

 

«Ustozingga tik qarasang, to'zasan,

Hurmat qilsang, asta-asta o'zasan»,

deb bejizga aytmagan.

Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O'ZI bo'lsa,

“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: “Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!”  (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat),

musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR !

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning  OTA-ONASIDIR ! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug'ilishi bilanoq, to ota-onaning o'zi bu dunyodan o'tmaguncha, o'z farzandiga mehribonlik qilib o'tadi...

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.   

Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar... Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga serqirrali e'tiborimizni berishimizda quyidagi purma'noli, sermazmunli tarafini ham e'tiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Kalomulloh Qur'oni karimning oyati muboraklariga va Janob Payg'ambarimizning muborak hadisi shariflariga binoan «ustoz»ning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Miralisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:

“Haq yo'linda kim sanga bir harf o'rgatmish ranj ila,

    Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.

Shunchalik ulug' (!) darajaga ustozning mavqe'i ko'tarilgan. “Ustoz” deganda faqat ma'lum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham o'rgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim! Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila e'zozlab «Ustoz» deydi.

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy

Sayr aylamakni qildi ixtiyor.

Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga

Va kichik bolaga keldilar duchor.

O'shanda Navoiy  otidan tushib,

O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.

Mulozimlar hayron, a'yonlari lol 

Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.

Bir a'yon qo'lini ko'ksiga qo'yib,

So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?

Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,

Salom berishi dushvor!»

Navoiy debdiki, men ko'rgan bola

Ustozim  bolaning bobosi edi.

Olislarda qolib ketgan damlarning

Uzoqlardan kelgan sadosi edi…

Ustozim men uchun otadan ulug',

Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.

Ustozimdan qolgan nevarasiga

Salom bermasligim  gunohu azim!

Dono xalqimizni o'z maqollarida ham “Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'!” deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero bu ulug' hikmatlar elning ellik ming elagidan o'tkazilib, keyin muomalaga qo'yilgan. Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ro'xlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!

 

                                                                                           Ibrohimjon INOMOV

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Robbimizning va’dasi haq ekan

07.07.2025   1663   4 min.
Robbimizning va’dasi haq ekan

Yarmuk – musulmon va Rum qo‘shinlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jang. Unda asrlar o‘tsa-da, mangulikka yuz tutgan ajib lavhalar bor. Ularning ba’zilari quyidagilardir:

Urushning ayni qizigan pallasi. Bir kishi Abu Ubayda ibn Jarroh hazratlariga yaqinlashdi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: “Men shahid bo‘lishga astoydil bel bog‘ladim”, dedi. Haligi kishi: “Biror-bir gapingiz bo‘lsa ayting, men Rasululloh bilan ko‘rishgan paytim  u zotga yetkazib qo‘yaman”, dedi. Abu Ubayda roziyallohu anhu: «Ha, u zotga buni yetkaz: “Rasululloh, bizlar Robbimizning va’dasi haq ekanini topdik”», dedilar.

Rum qo‘shinlarining hujumi kuchaygan paytda Ikrima ibn Abu Jahl roziyallohu anhu musulmonlarning orasida: “Alloh taolo meni  hidoyat qilmasidan avval men Rasulullohga qarshi jang qilardim, endi bugun Allohning dushmanlaridan qochib ketamanmi!” – deya jar solardi. Oradan ko‘p o‘tmay, Abu Jahl yana: “Kim o‘limga bay’at qiladi?”[1] – dedi.

Musulmonlarning bir jamoasi u zotga bay’at qilishdi va ularning barchasi birgalikda jang maydoniga kirishdi. Ularning maqsadlari g‘alaba va shahidlik edi. Alloh taolo ularning bay’atlarini qabul qildi va ularning bari Allohning inoyati ila shahidlikka erishdilar. 

Tarix zarvaraqlariga e’tibor qarating. Buyuk qo‘mondon Xolid ibn Valid 100 kishilik qo‘shini bilan to‘rt ming kishilik Rum qo‘shinlariga qarshi turdilar. Qarang-a! Yuz kishilik qo‘shin to‘rt mingta askarga qarshi chiqib, ularni yengsa-ya?! Bu ularning qalblari Allohga bo‘lgan iymonlari bilan to‘lib-toshgani ekanining belgisi emasmi?!

Urush biroz tinchib turgan paytda Xolid ibn Validning oldiga Jo‘rja ismli Rum qo‘mondoni keldi va: “Ey Xolid, nimaga da’vat qilyapsan? Ayni paytda Islomni qabul qilgan kishiga ham sizlarga berilgandagi kabi ajru savob nasib qiladimi?” – deb so‘radi.

Sahobiy: “Ha. Undan ko‘prog‘i ham nasib etishi mumkin”, dedi.

“Qanday qilib? Axir sizlar avvaldan musulmon bo‘lib, o‘zib ketgansizlar-ku?!” – dedi Rum qo‘mondoni. Xolid ibn Valid roziyallohu anhu: “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashadik va u zotning mo‘jizalariga guvoh bo‘ldik.

Bizning ko‘rganlarimizni ko‘rib, biz eshitgan narsalarni eshitgan odam Islomni osonlikcha qabul qilishi haqiqat. Lekin sizlar u zotni ko‘rmagansizlar, u zotning gaplarini eshitmagansizlar, bunday holda g‘aybga iymon keltirgan bo‘lasizlar. Agar sizlar niyatingiz,  qalbingiz ila Allohga iymonda rostgo‘y bo‘lsalaringiz, sizlarning savoblaringiz buyukroq bo‘ladi”, dedilar. Bu gaplarni eshitgan Rum qo‘mondoni oh urdi va: “Ey Xolid, menga Islomni o‘rgat”, deya o‘zini Xolid roziyallohu anhu tarafga tashladi.

Shunday qilib Rum qo‘mondoni Islomni qabul qildi. Alloh taolo uchun ikki rakat namoz o‘qidi, haqiqatda ikki rakat, bundan boshqacha emas. Ikki taraf yana urushga kirishdi. Jo‘rja endi musulmon askarlar safida shahidlik maqomiga erishish ilinjida jang qilardi.

Ha! O‘sha ikki rakat namoz sababidan Allohning izni ila unga jannat nasib etdi, uning bundan boshqa amali yo‘q edi...


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Buning ma’nosi: “Men o‘lgunimcha shu jang maydonidan ortga chekinmayman, to so‘nggi nafasim qolgunicha musulmonlar safida Allohning dushmanlariga qarshi jang qilaman, meni faqatgina o‘lim to‘xtata oladi”  (Tarj.).