Allox taolo insoniyatni barcha mavjudodlar ichada eng ulug'i qilib yaratdi. Ularga halol ne'matlardan rizq va chorpo hayvonlaridan ulovlar berdi. Qolaversa, eng buyuk ne'mat aql va idrok bilan boshqa mavjudodlardan fazilatlik qilib qo'ydi.
Shunday ekan, odam farzandi shu ulug'ligiga yarasha hayot kechirmog'i lozim bo'ladi.
Hozirgi shunday tinchlik xotirjamlik, to'qchilik zamonasida ham ba'zi insonlarning o'rtasida dushmanlik, o'zaro arazlashish va hasad qilish holatlari kuzatilmoqda. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizni yomon ko'rmang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-biringizga qarshi tadbir qilmang. Ey Allohning bandalari! Birodar bo'ling! Musulmon uchun o'z birodaridan uch kechadan ortiq arazlash halol emas”, dedilar.
Demak, mo'min-musulmon kishilar bir-birlarini yomon ko'rishlari mutlaqo mumkin emas. Axir mo'minlarni Qur'oni Karim birodar deb atagan. Ular qanday qilib bir-birlarini yomon ko'rishlari mumkin.
Ato ibn Yazid al-Laysiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Biror kishiga o'z birodari bilan uch kechadan ortiq arazlashish mumkin emas, halol emas, harom. Ikkovlari uchrashib qolsa, biri u yoqqa, biri bu yoqqa qarab, teskari bo'lmasin. Ikkovidan yaxshisi birinchi salom berganidir”.
Bu hadisi sharifda arazlashib qolganlarni yarashtirishning juda bir ajoyib uslubi o'rgatirmoqda. U ham bo'lsa, arazlashib qolgan ikki kishi uchrashib qolsa, shu erda bir tomon savob umidida yaxshilikni bo'yniga olib, salom berishi kerak ekan. Salom bergan odamning gunohi to'kiladi. Chunki u Allohning amrini bajargan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan hisoblanib, arazlashganlik gunohidan forig' bo'ladi. Narigi odam alik olsa, ikkovlari ham bu gunohdan qutuladi. Alik olmay ketgan bo'lsa, gunoh unga bo'ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birinchi bo'lib salom bergani yaxshisi”, - deganlar.
Har birimiz ushbu hadisni yaxshi o'zlashtirib olishimiz kerak. Alloh ko'rsatmasin, mabodo bir bilan arazlashib qoladigan bo'lsak, arazdan keyingi birinchi uchrashuvdayoq yarashib ketishga odatlanishimiz kerak. Albatta, bu ish arazdan uch kun o'tmasdan oldin yuz berishi lozim.
Mu'oza roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Hishom ibn Omirdan eshitdim: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Musulmon kishi uchun boshqa bir musulmondan aloqasini uch kundan ortiq uzishi halol emas. Agar ikki kishi orasidagi aloqa uzilgan holida davom etsa, ikkovi ham haqdan chetlagan bo'ladi. Agar ulardan qaysi biri avval qaytsa, bu amali uning gunohlariga kafforot bo'ladi. Agar aloqalari uzilgan holda vafot etsalar, ikkovlari ham abadiy jannatga kirmaydi. Agar biri salom bersa, ikkinchisi uning salomiga alik olishdan bosh tortsa, salom berganga farishta alik oladi. Alik olishdan bosh tortgan odamga esa shayton gapiradi”.
Demak, biriga farishta, ikkinchisiga shayton do'st bo'ladi deganidir.
Buni har bir mo'min-musulmon juda yaxshi bilib olishi kerak, mo'min-musulmonlar bir-biri bilan urishib, o'zaro aloqani uzib, dushman holatda yursa, ikki tomon ham to'g'ri yo'ldan chetda yurishar ekan.
Alloh taolo hammamizni to'g'ri yo'lda bardavom qilsin!
Farg'ona viloyati Oltiariq tumani
“Poloson” jomi masjidi imom xatibi
Otabek domla Mamadiyev
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.