Ota-onalar qizlari voyaga etgach uni turmushga berishda har xil yo'lni tutishadi. Ba'zi birovlar qizlarining roziligi bilan uni turmushga bersalar, ayrim kishilar esa qizdan izn olishga unchalik ham e'tibor bermaydilar.
Aslida, qiz bolani turmushga berishda uning izniga qarash kerakmi?
Ha, qiz bola voyaga etgach uning roziligiga-izniga qarash kerak. Islom dinida qiz bolani roziligini, iznini olmasdan, uni majburlab erga berish mumkin emas. Har bir mo'min-musulmon qizining roziligini, iznini olib so'ngra uni turmushga uzatadi. Voyaga etgan qiz bolaning roziligini, iznini olib turmushga berish haqida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Juvon (avval turmush ko'rgan ayol) o'zi bilan maslahat qilinmaguncha turmushga berilmaydi. Bokira qizni esa uning izni-roziligi olinmaguncha turmushga berilmaydi”. Sahobalar: “Yo Rasululloh, uning roziligi qanday (bilinadi)?” deb so'rashdi. “Sukut saqlashi (roziligidir)”, dedilar (Muttafaqun alayh).
Albatta, ota-onaning roziligi va qiz bolaning izni bilan qurilgan oila eng baxtli oilalardan bo'ladi, inshaalloh. Alloh taolo o'g'il-qizlarimizning ikki dunyoda saodatli bo'lishlarini nasib etsin!
R. Akbarov,
O'zbekiston musulmonlar idorasining
Qashqadaryo viloyatdagi vakillik xodimi.
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati