Alloh taolo insonlarga behisob ne'matlarni bergan, ularning har biri qadrli va fazilatlidir. Avvalo har bir mo'min eng qadrli bo'lgan ne'mat – iymon va ilm ne'matidir. Bu ikki ne'mat mujassam bo'lgan taqdirda ruyobga chiqadigan eng ulug' ne'mat – Allohga qullikni izhor qilishga sabab bo'ladigan ibodatdir. Shuningdek ko'rish, eshitish, gapirish, sezish, tafakkur, aql, farosat, qo'l, oyoq kabi ne'matlarni sanasak, hargiz sanog'iga etib bo'lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: “Agar sizlar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog'iga etolmaysizlar” (Ibrohim surasi, 34-oyat)
Ana shunday ne'matlardan biri, bu farzand ne'matidir. Bu ne'matning ulug'ligini, uni Alloh taolodan boshqa zot bera olmasligini to'liq anglab etish uchun befarzandlarning holiga nazar solish kerak. Ana shunda inson farzand ne'mati qanchalik ulug' ne'mat ekanini tushunadi. Demak, har bir ota-ona ularga farzandni Alloh taolodan boshqa hech qanday zot bera olmasligini chuqur his qilishlari zarur. Har bir bolaning sog'-salomat tug'ilishi butun insoniyat uchun Allohning tengsiz lutfu karami, in'omi va marhamati ekanini anglab etish uchun Qur'oni karimga bir nazar solishning o'zi etarli.
Alloh taolo “Sho'ro” surasida bunday marhamat qiladi: “Osmonlaru erning mulki Allohnikidir. (U zot) xohlagan narsasini yaratur. (U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur. Yoki ularni juftlab - o'g'il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug'mas qilur. Albatta, U Aliym va Qodiyrdir”(49-50 oyatlar).
Darhaqiqat, “Osmonlaru erning mulki Allohnikidir”. Tafakkur qilinsa bizni qurshab turgan borliq osmonlar, er, quyosh, oy, yulduzlar, maxluqotlar va o'simliklarni Alloh taolo yaratgan. Demak, borliqdagi hamma narsaning haqiqiy egasi Alloh taolodir. Mulkning egasi Alloh bo'lgani uchun “( U zot) xohlagan narsasini yaratur”. Yo'qdan paydo qilish, yaratish sifati Allohga oiddir. O'g'il yoki qizni ham Alloh yaratadi. Bu yaratishga hech kim aralasha olmaydi.
“(U zot) xohlagan kishiga qizlar hadya etur va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur”. Alloh “xohlagan kishiga qizlar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat qizlardan iborat bo'ladi. O'g'il farzand ko'rish maqsadida diniy va dunyoviy sabablarni qilishadi. Agar qanday farzand ko'rish irodasi insonga tegishli bo'lsa, o'zi xohlagan vaqtda, xohlagan farzandga ega bo'lar edi.
Demak, o'g'il yoki qiz bo'lishi Allohning irodasiga bog'liq ekan. Inson bu masalada ojiz. Shuningdek, “va xohlagan kishiga o'g'illar hadya etur”. Ayrim oilalar faqat o'g'illardan iborat bo'ladi. Qiz farzandga muhtoj bo'ladi. Insonning qiz farzandga ega bo'lishida ham o'zida ixtiyor yo'q, bu ham Allohning irodasiga bog'liq ekan. “Yoki ularni juftlab - o'g'il-qiz qilib berur”. O'g'il va qizdan iborat oilalar odatda jamiyatda ko'p uchraydi. Aralash farzand ko'rish ham Allohning irodasiga bog'liqdir.
“Va xohlagan kishisini tug'mas qilur”. Er va xotin farzand ko'rish borasida ojizligi va ular bir sabab ekanligini insonlarga bildirish maqsadida Alloh taolo ayrim oilalarni tug'mas qilib qo'yadi. Farzandga zor bo'lib mutaxassislarga ko'rinib yurishadi, lekin insonning farzand ko'rishi Allohning irodasiga bog'liqligi uchun farzand ne'matidan bebahra bo'lib o'tib ketishadi. “Albatta, U A'liym va Qodiyrdir”.
Ya'ni, Alloh hamma ishni bilib qiladi. Hohlagan bandasiga qiz, xohlagan bandasiga o'g'il va xohlagan bandasini tug'mas qilib qo'yadi. Bu ishlar Allohga osondir, chunki U zot barcha ishga qodirdir.
Farzand tug'ilishi ko'p takrorlangani sababli, insonlar orasida er-xotinlik munosabatidan keyin farzand tug'iladi degan noto'g'ri tushuncha mavjud. Homilaning paydo bo'lishi, uning rivojlanib borishi va onadan sog'-omon tug'ilishi bu – Allohning irodasi va insoniyatga qilgan lutfi-karamidir. Homilaning rivojlanishi va sog'lom tug'ilishi insonga bog'liq emasligin eslatish maqsadida Alloh insondan ozgina marhamatini burib qo'ysa, homila ikki, yoki uch oyligida nobud bo'lishi mumkin.
Homila to'qqiz oylik bo'lganidan keyin ham eson-omon tug'ilishiga hech kim kafolat bermaydi. Alloh marhamatini homiladan burib qo'ysa, homila tug'ilish vaqtida vafot etishi mumkin. Ayrim hollarda tug'ruq holatida ayollar vafot etadi. Gohida tug'ruq vaqtida Alloh marhamat qilmasa ayol ham, bola ham vafot etishi mumkin. Demak, homilaning rivojlanishi, bolaning sog'lom holatda dunyoga kelishi Allohning bandasiga qilgan lutfu-karami va marhamati tufaylidir.
Alloh taolo kimga farzand ne'matini bersa, banda o'sha ne'matga shukr qilishi kerak. Shukr qilish uch xil bo'ladi:
I. Valiyev,
“Hoja Buxoriy” nomli o'rta maxsus Islom bilim yurti o'qituvchisi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida yurtimizdagi masjidlarda ham quyosh panellari va geleokollektorlarni o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
2026 yil 29 iyul holatiga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlar:
Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjiddan:
1 910 tasi (88,4%) quyosh panellari bilan ta’minlandi (umumiy quvvati — 14,3 MVt / 14 315,5 kVt);
1 020 tasi (47,2%) issiq suv ta’minoti uchun geleokollektorlar bilan jihozlandi (umumiy sig‘imi — 206 470 litr).
Hududlar kesimida yetakchilar:
To‘liq qamrov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi deyarli barcha masjidlarga quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi.
Eng yuqori quvvat: Toshkent shahri (2 559 kVt), Toshkent viloyati (1 706 kVt) va Samarqand viloyati (1 436,5 kVt) yetakchilik qilmoqda.
Geleokollektorlar bo‘yicha: Andijon (182 ta), Namangan (181 ta) va Toshkent viloyati (172 ta) masjidlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining joriy etilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirib, masjidlarning kommunal xarajatlarini qisqartirish hamda atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.
Kelgusida qolgan 251 ta masjidga quyosh panellari va 1 141 ta masjidga geleokollektorlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish va respublikadagi sig‘imlarni to‘liq «yashil energiya»ga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Nodirbek Qodirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi