Parkent tumani “Sirli” jome masjidida marhum muftiy Usmonxon Alimov, Toshkent viloyatining sobiq bosh imom-xatibi Hayrulloh domla Turmatov, Parkent tumanida yashab, dinimizga xizmat qilib o'tgan imom domlalarni xotirlash maqsadida ehson dasturxoni yozildi.
Qur'oni karim tilovati bilan boshlangan xotira tadbirida marhum imomlarimizning xayrli ishlari, dinimiz ravnaqi yo'lida qilgan xizmatlari eslanib, ularning haqlariga xayrli duolar qilindi.
Yig'ilishda hududdagi masjidlar qurilishida faol, tashabbuskor va jonkuyar bo'lgan imomlar O'zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligi tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
Tadbirda ishtirok etgan O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi mudiri Muhammadnazar domla Qayumov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari Mirodil domla Mirjalilov, Toshkent tumani bosh imom-xatibi G'ulomiddin domla Ergashev, Zangiota tumani “Abu Bakr Siddiq” jome masjidi imom-xatibi Nurali domla Mavlonov o'z ma'ruzalari hamda duolari bilan yig'ilishni chiroyli yakunlab berdilar.
Tadbir so'ngida Qur'oni karim xatmi marhum domlalar ruhlariga bag'ishlandi.










Farz qilingan zakot cho‘ntaklardan olinadigan soliq emas, balki u eng avvalo insonlarga mehr-muruvvat va rahm-shafqat tuyg‘u, shiorlarini singdirish, turli tabaqalar o‘rtasida tanishuv va ulfatlik munosabatlarini mustahkamlashdir. Qur’oni Karimda zakot berishdan maqsad, g‘oya bayon etilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xitoban: "Mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan. Ularning haqqiga duo qil. Albatta, duoying ular uchun taskindir. Alloh o‘ta eshituvchidir, o‘ta biluvchidir" (Tavba surasi, 103-oyat) deyilgan.
Shuningdek, zakot joriy etilishining eng muhim hikmatlaridan biri, nafsni tubanlik kirligidan tozalash va jamiyatni oliy darajaga ko‘tarishdan iboratdir.
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh.
Izoh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Zakot — Islomning ko‘prigidir" deganlar. Zakot berish bilan bevalar, yetimlar, nogironlar va muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilinadi. U insonlar o‘rtasida aloqalarni yaxshilab, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi ko‘prik.