Qur'oni karimni asl arab tilida o'qish va yodlash insonni ikki dunyo saodatiga etaklaydi. Ayniqsa, Qur'onni tartil va ohang bilan bezab o'qish kishilarni rom etadi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onni ovozingiz bilan bezang!” deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy).
Darhaqiqat, go'zal so'z go'zal ovoz bilan yanada yoqimli bo'ladi. Uning xushovozda o'qilishi odamlarda Qur'oni karimni tinglashga bo'lgan moyillikni yanada kuchaytiradi.
Ana shunday xushovoz qorilardan biri, Toshkent shahri Ko'kcha dahasidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom noibi, xushovoz hofizi Qur'on Muhammadloiq qori Aminovning Qur'oni karimni o'qishni o'rganuvchilar uchun mo'ljallangan ikki kitobi – “Boshlang'ich arab tilidan husnixat daftari” va “Boshlang'ich arab tilidan o'qish kitobi” poytaxtdagi “Sano Standart” nashriyotida chop etildi.
Ushbu ikki risola Qur'oni karimni to'g'ri o'qishni o'rganishni istaganlar uchun ajoyib tuhfa bo'ldi. Muallifning “Boshlang'ich arab tilidan husnixat daftari”da arab tili yozuviga oid eng birinchi galdagi qonun-qoidalar, to'g'ri va chiroyli yozish ko'nikmalari bayon etilgan.
Birinchi kitobda dastlab, arab tili alifbosi, harflarning qo'shib yozilish holatlari, harakatlar keltirilgan. Shundan so'ng, arab tili harflari va ularning yozilishi berilgan. O'rganuvchilarga oson bo'lishi uchun arab tili harflarining talaffuz qilinish qoidalari, o'zbek tilidagi harflarga mutanosibligi hamda arab raqamlarining yozilishi ham bayon etilgan. O'rganuvchilar harflarning yozilishini mashq qilishlari uchun alohida varaqlar ham ajratilgan.
Muhammadloiq qori Aminovning ikkinchi kitobi “Boshlang'ich arab tilidan o'qish kitobi” avvalgi risolaning uzviy davomi bo'lib, unda Qur'oni karim o'qishni o'zlashtirishga oid ma'lumotlar berilgan.
Ikkinchi risola 2 qismdan iborat bo'lib, birinchi qismda harflarning to'g'ri talaffuz qilinishi (mahraji) yozma va rasmlar orqali tushuntirilgan. Shuningdek, hafrlarning yozilishiga oid husnihatlar ham berilgan. Risolaning ikkinchi qismi esa tajvid qoidalariga bag'ishlangan bo'lib, unda Qur'oni karimni to'g'ri o'qishga oid qonun-qoidalar bayon etilgan.
Kitoblar muallifining ko'p yillik Qur'oni karim tajvidini o'rgatishga oid tajribalari, mashhur qorilarning Kalomullohni to'g'ri o'qish uchun qo'llagan usullari va boshqa zamonaviy metodlar asosida yozilgan.
Oson va ravon tarzda yozilgan ushbu ikki risolani Alloh taolo Qur'onga oshno xalqimizning uchun foydali va muborak qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan aholi bilan o‘tkazilayotgan ochiq va samimiy muloqotlar fuqarolarning muammolarini bartaraf etishda muhim omil bo‘lmoqda. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ko‘plab masalalar joyida va ijobiy hal etilmoqda.
Xususan, bugun, 4 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi. Muloqot davomida imom-xatiblar faoliyati, haj va umra ziyoratlari, diniy ta’lim tizimi, oilaviy munosabatlar hamda ijtimoiy ko‘makka oid murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Qabulda oilaviy masalalar yuzasidan kelganlarga shar’iy yechimlar va zarur maslahatlar berilgan bo‘lsa, moddiy yordam so‘ragan fuqarolarga belgilangan tartibda amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan yurtdoshlarimiz Diniy idora rahbariyatiga minnatdorlik bildirib, xayrli duolar qilishdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi", deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Shu kabi qabul jarayonlari har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha hududiy vakilliklari va jome masjidlarida imom-domlalar tomonidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati