Aziz va tabarruk ulamoi kirom-ustozlar –
qadrli va qadrdon imom-xatiblar, munis otinoyilar!
Bugungi yurtimizni tinchligida sizlarning ham xizmatlaringiz beqiyos katta!
Muborak dinimiz kamoloti, masjidu madrasalarimiz obodligi uchun qilayotgan tinimsiz mehnatlaringizni, samarali sa'y-harakatlaringizni va beminnat xizmatlaringizni yuksak qadrlab, katta tashakkurlar bildiramiz!!! Sizlarning mashaqqatli va sermahsul faoliyatlaringiz har qanday tahsinlarga loyiq va munosib!!!
Dinu xalqimiz uchun ertayu-kech xizmat qilayotgan muhtaram Prezidentimizning “Jaholatga qarshi ma'rifat” oltindan qimmat g'oyalarini barpo etish maqsadida har bir xonadonni hidoyatga chorlashda, har bir oilani islom nuri bilan munavvar qilishda, har bir mo''min va mo''minalarga ma'rifat ulashishda sizlarning hissalaringiz hammadan ham ko'p va sarbaland bo'lishida hech qanday shubhamiz yo'q.
Qancha ko'p oilaga “Islom nuri” gazetasi, “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari kirib borsa, shuncha ko'p odam Qur'oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand bo'lishlari va botil iddaolarga berilmasdan muqaddas dinimiz ko'rsatgan yo'llardan yurishlari – xar birimizning ulkan yutug'imizdir!
"Jaholatga qarshi ma'rifat" bebaho g'oyani "Hidoyat" jurnali, "Islom nuri" gazetasi va "Mo'minalar" jurnallari obunasi orqali ham ancha ta'sirli va unumli amalga oshirishimiz mumkinligi hammamizga ayon. Buning uchun O'MI tizimidagi barcha xodimlar nafaqat o'zimiz obuna bo'lishimiz, balki boshqalarni ham obunaga targ'ib etishimiz – ham farzimiz, ham qarzimiz, ham burchimiz, ham ishimiz bo'lishi darkor!
Iloho yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz obodligi uchun olib borayotgan mashaqqatli va sharafli, og'ir va savobli, sermahsul va olijanob faoliyatlaringizda Hudoim taolo doimo omadlaringizni berib, ikki dunyoda ham ishlaringizni o'ngidan qilsin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.