Aziz va tabarruk ulamoi kirom-ustozlar –
qadrli va qadrdon imom-xatiblar, munis otinoyilar!
Bugungi yurtimizni tinchligida sizlarning ham xizmatlaringiz beqiyos katta!
Muborak dinimiz kamoloti, masjidu madrasalarimiz obodligi uchun qilayotgan tinimsiz mehnatlaringizni, samarali sa'y-harakatlaringizni va beminnat xizmatlaringizni yuksak qadrlab, katta tashakkurlar bildiramiz!!! Sizlarning mashaqqatli va sermahsul faoliyatlaringiz har qanday tahsinlarga loyiq va munosib!!!
Dinu xalqimiz uchun ertayu-kech xizmat qilayotgan muhtaram Prezidentimizning “Jaholatga qarshi ma'rifat” oltindan qimmat g'oyalarini barpo etish maqsadida har bir xonadonni hidoyatga chorlashda, har bir oilani islom nuri bilan munavvar qilishda, har bir mo''min va mo''minalarga ma'rifat ulashishda sizlarning hissalaringiz hammadan ham ko'p va sarbaland bo'lishida hech qanday shubhamiz yo'q.
Qancha ko'p oilaga “Islom nuri” gazetasi, “Hidoyat” va “Mo'minalar” jurnallari kirib borsa, shuncha ko'p odam Qur'oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand bo'lishlari va botil iddaolarga berilmasdan muqaddas dinimiz ko'rsatgan yo'llardan yurishlari – xar birimizning ulkan yutug'imizdir!
"Jaholatga qarshi ma'rifat" bebaho g'oyani "Hidoyat" jurnali, "Islom nuri" gazetasi va "Mo'minalar" jurnallari obunasi orqali ham ancha ta'sirli va unumli amalga oshirishimiz mumkinligi hammamizga ayon. Buning uchun O'MI tizimidagi barcha xodimlar nafaqat o'zimiz obuna bo'lishimiz, balki boshqalarni ham obunaga targ'ib etishimiz – ham farzimiz, ham qarzimiz, ham burchimiz, ham ishimiz bo'lishi darkor!
Iloho yurtimiz tinchligi, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz salomatligi va farovonligi, dinimiz obodligi uchun olib borayotgan mashaqqatli va sharafli, og'ir va savobli, sermahsul va olijanob faoliyatlaringizda Hudoim taolo doimo omadlaringizni berib, ikki dunyoda ham ishlaringizni o'ngidan qilsin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nasab ilmi olimlari hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nasablari haqida quyidagi silsilani keltiradilar:
U kishi Usmon ibn Affon ibn Abul Oss ibn Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanof ibn Qusoy.
U kishining onalari Arvaa binti Kurayz ibn Robiy’a ibn Habib ibn Abdushshams ibn Abdumanof ibn Qusoy.
U kishining onalarining onasi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ammalari Bayzaa binti Abdulmuttolibdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning nasablari Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning nasablari bilan ham ota tarafdan, ham ona tarafdan birlashadi.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu mashhur «Fil hodisasi»dan olti yil keyin Toif shahrida tavallud topganlar. Demak, u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan olti yosh kichik bo‘ladilar.
U kishining otalari Makkaning eng boy tijoratchilaridan edi. Katta tijoratchining o‘g‘li Usmon ham katta tijoratchi bo‘ldilar.
Ibn Asokirning rivoyat qilishicha, «Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o‘rta bo‘y, ya’ni novcha ham, pakana ham emas, chiroyli yuzli, oppoq, yanoqlari qizg‘ish, yuzida chechakdan qolgan izlar bor, sersoqol, ikki yelkasi keng, boldirlari kichkina, bilaklari uzun, bilaklarini tuk qoplagan, jingalaksoch, boshining tepasida sochi yo‘q, old tishlari eng go‘zal odamlardan edi. Sochlari quloqlaridan pastga tushib turardi. Ularni sarg‘ish rangla hinolab olardi. Tilla tish qo‘ydirgan edi».
Ibn Asokir Abdulloh ibn Hazm al-Mozaniydan quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni ko‘rganman. Hech qachon undan ko‘ra chiroyliroq erkak yoki ayolni ko‘rganim yo‘q».
Shu bilan birga, u kishi yoshliklaridan go‘zal axloqlar, oliy insoniy fazilatlarga odatlanib bordilar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu o‘ta hayoli va iffatli zot edilar. Mazkur sifatlar bilan bir qatorda, u kishi juda ham saxiy edilar, o‘z qavmlariga xayr-ehsonni ko‘p qilar edilar. Shunday qilib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu yoshlik davrlaridayoq o‘z qavmlari bo‘lmish Bani Umayya ichida katta obro‘ga ega bo‘lgan edilar.
Islomga kelishlari
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari haqida birinchi bo‘lib xolalaridan eshitganlar:
«Bir kuni Usmon ko‘chadan uyiga kelsa, xolasi Sa’do binti Kurayz o‘tirgan ekan. U qavmning kohinasi bo‘lib, ramlga xat chizishni (fol ochishni) o‘rgangan edi. Bu narsa yulduzlarga qarab xabar aytishga o‘xshagan ish edi. U ayol o‘z singlisining o‘g‘li Usmonning ko‘rkam, xushsurat, go‘zal, oq-sariq, jingalaksoch bo‘lib kelayotganini ko‘rib, she’r ayta boshladi:
Suyunchi. Ketma-ket tabrik uchta.
So‘ngra uchta va boshqa yana uchta.
Yana bir boshqasi, hammasi o‘nta.
Yomondan saqlanding, keldi yaxshilik senga.
Nikohlanding, vallohi sen afiyfaga – gulga.
Bikr eding, uchrading bikrga, o‘xshagan senga.
Qadri ulug‘ning qizini topding.
Ajib bir ish binosin qilding.
Zikri el og‘ziga tushuvchi bo‘lding.
Xolasining bu gaplaridan ajablangan Usmon unga qarab: «Xola, nimalar demoqdasiz?» dedi. U bo‘lsa yana she’r aytishga tushdi:
Usmon, Usmon, ey Usmon!
Sendadir go‘zallik, lison.
Bu nabiydir, u bilan burhon.
Yubordi uni haq bilan Dayyon.
Keldi unga tanziylu Furqon.
Ergash unga, tutmas seni avson.
Usmonning ajablanishi yana ham ziyoda bo‘ldi. Xolasidan eshitgan narsalardan yana ham hayrati oshdi. Unga qarab:
«Ey xola! Siz bizning yurtda hech bo‘lmagan narsani gapirmoqdasiz. Uni menga bayon qilib bering», dedi.
Xolasi:
Muhammad o‘g‘lidir Abdullohning.
Elchidir huzuridan Allohning.
Keltirdi tushirganini Allohning.
U ila chaqiradir Allohga.
Uning chirog‘i chirog‘dir.
Uning dini yutuqdir.
Uning ishi najotdir, –
dedi-da, o‘rnidan turib, o‘z uyi tomon ravona bo‘ldi.
Sa’daaning so‘zlari Usmonning qalbiga o‘rnashib qoldi. U Abu Bakr bilan tez-tez uchrashib turar edi. Uning oldiga bordi. U yolg‘iz o‘tirgan ekan. Usmon borib, unga yaqin o‘tirdi. Abu Bakr Usmonning o‘yga tolganini ko‘rib, unga nima bo‘lganini so‘radi. U xolasi Sa’daa binti Kurayzdan eshitganlarini aytib berdi. Shunda Abu Bakr unga qarab:
«Ey Usmon! Sen pishiq-puxta odamsan. Haqni botildan ajratishing oson. Qavmimiz ibodat qilayotgan mana bu butlar nima o‘zi!? Unsiz, eshitmaydigan, ko‘rmaydigan, zarar ham, foyda ham bermaydigan toshlar emasmi!?» dedi.
«To‘g‘ri aytasan. Allohga qasamki, xuddi shunday, ey Abu Bakr», dedi Usmon.
«Unday bo‘lsa, xolang – Kurayzning qizi senga to‘g‘ri aytibdi. Muhammad ibn Abdulloh Allohning Rasulidir. Alloh uni O‘z payg‘ambarligi ila xaloyiqqa yubordi. Uning oldiga borib, gaplariga quloq osishni istaysanmi?» dedi u.
«Ha», dedi Usmon».
Shunday qilib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuning targ‘ibotlari bilan musulmon bo‘ldilar. Bugina emas, erkaklar ichidan birinchi bo‘lib iymonga kelgan Abu Bakr roziyallohu anhu o‘zlari musulmon bo‘lgan kunlarining o‘zidayoq jannatning bashoratiga sazovor bo‘lgan zotlardan besh kishining Islomga kelishiga sababchi bo‘lganlarini hammamiz yaxshi bilamiz. Ana o‘sha besh kishining ichida hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ham bor edilar.
«Al-Istiy’ob» kitobida keltirilgan rivoyatga binoan, xuddi o‘sha kuni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuni dinga chaqirganlari kelib chiqadi.
Amr ibn Usmon roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Xolam, Arvaa binti Abdulmuttolibni ko‘rgani kirsam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham kirib qoldilar. Men u zotga nazar sola boshladim. O‘sha kunlari u zotning ishlaridan ba’zi narsalar zohir bo‘lgan edi. U kishi oldimga kelib:
«Ey Usmon, senga nima bo‘ldi?» dedilar.
«Sizdan, sizning ichimizda tutgan o‘rningizdan va sizga qarshi aytilayotgan gaplardan ajablanmoqdaman», dedim.
«Laa ilaaha illalloh!» dedilar.
Shunda, Allohning O‘zi biladi, butun vujudimni titroq bosdi. Keyin u zot:
«Va osmonda rizqingiz hamda sizga va’da qilinayotgan narsa bor. Osmonu yerning Robbi ila qasamki, albatta, u (va’da) misoli siz nutq qilayotganingizdek haqiqatdir»ni o‘qidilar («Zariyat» surasi, 21-22-oyatlar). So‘ngra turib, chiqdilar. Men ham ortlaridan chiqdim. Keyin musulmon bo‘ldim».
Aftidan, o‘sha payt yo‘lda Abu Bakr roziyallohu anhuga duch kelganlar va u kishi ham targ‘ib qilib, keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning musulmon bo‘lganlari e’lon qilingan bo‘lsa kerak.
O‘sha paytda hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning yoshlari o‘ttiz to‘rtda edi.
Ibn Is'hoq rahmatullohi alayhining ta’kidlashlaricha, Abu Bakr, Ali va Zayd ibn Horisadan keyin Islomga kelgan kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bo‘lganlar.
Albatta, boshqalar qatori, hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu ham musulmon bo‘lishlari bilan kofirlarning ozorlariga duchor bo‘ldilar. U kishini birinchilardan bo‘lib, amakilari Hakam ibn Oss Islomdan qaytarishga harakat qildi. U hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuga: «Ota-bobolaringning dinidan yuz o‘girib, yangi paydo bo‘lgan dinga kirasanmi?!» dedi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu uning gapiga kirmadi. Shunda Hakam u kishini arqon bilan bog‘lab, qamab qo‘ydi va:
«Ushbu dinni tark qilmaguningcha arqonlarni yechmayman», dedi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bo‘lsalar: «Allohga qasamki, bu dinni tark qilmayman, undan ajramayman», deb turib oldilar.
Oxiri amakilari noumid bo‘ldi.
«Hadis va hayot» kitobining 22-juzidan olindi