Shu kunlarda ba'zi internet tarmog'ida “O'ttiz ming o'zbekcha-turkcha Qur'oni karim tarjima kitobi O'zbekistonda tarqatildi” degan mazmundagi xabarlar keng tarqatilmoqda. Ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari xayriya tariqasida ulashilayotgan mazkur kitoblar do'konlarda sotuvga chiqarilishi mumkinligi haqidagi asossiz axborotlarni ham yoyishga urinmoqdalar.
Ta'kidlash zarurki, marhum muftiy Usmonxon Temirxon o'g'li hazratlari tomonidan nashr etilgan “Tafsiri Irfon” kitobining muxtasar shaklda ta'lif etilgan – “Qur'oni karim va o'zbek tilidagi ma'nolari tarjimasi” kitobi muallifning sa'yi-xarakatlari bilan Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi homiyligida chop etilgan edi.
Ayni kunlarda ushbu Qur'oni karim kitobining ilk nusxalarini diniy idora tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus islom bilim yurtlari ustoz-talabalari va diniy soha xodimlariga xayriya sifatida ulashish boshlandi. Bu to'g'risida O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi ijtimoiy tarmoqlarda ma'lumotlar e'lon qilindi https://t.me/muhaddisuz/5315, https://t.me/oliymahad/13779, https://t.me/oliymahad/13795.
Yaqin kunlarda masjidlar imom-xatiblari, imom noiblari, otinoyilar, shuningdek, Qur'oni karim o'qishga ishtiyoqi bor, lekin imkoniyati yo'q fuqarolarga ham ushbu Qur'oni karim kitoblaridan bepul tarqatish boshlanadi. Respublikadagi barcha masjidlarda namozxonlar ushbu kitobni mutloaa qilish imkoniyatiga ega bo'ladilar.
Qayd etish lozimki, Qur'oni karimning ushbu nashri vaqf mulki sifatida chop etilgan bo'lib, diniy idora uni tekinga tarqatish uchun nashr etdi. Kitobni sotish mutlaqo joiz emas. Shu sababli diniy idoraning talabi bilan ushbu kitobning ichki muqovalarida “Qur'on sovg'a qilaman” va “Sotish mumkin emas” degan qaydlar yozilgan.
Shu nuqtai-nazardan, O'zbekiston musulmonlari idorasi kelgusida, mazkur “Qur'oni karim va o'zbek tilidagi ma'nolari tarjimasi” kitobi keng tarqatila boshlagandan so'ng kim ushbu nashrni savdoda ko'rsa 71-240-39-33 telefoni orqali xabar berishlarini yoki O'MIning Internetdagi “Muslim.uz” saytidagi elektron manziliga ma'lumot yuborishini iltimos qiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarda yana bir noto'g'ri yoritilgan jihat shuki, ushbu Qur'oni karim tarjimasi faqat o'zbek tilida bo'lib, oyatlarning turk tilidagi tarjimalari bayon etilmagan.
Ho'sh, shunday ekan, mazkur xabarni aniqlashtirmasdan turib, ijtimoiy tarmoqqa atayin qo'yib yuborgan kimsa yolg'onchi, musulmon birodariga ziyon-zahmat etkazgan, uni obro'sizlantirgan bo'lib qolmaydimi?!
Har bir mo'min-musulmon kishi bunday yolg'on-yashiqlarga, asossiz gaplarga uchmasligi darkor. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: «Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko'ringiz, bilmay bir qavmga musibat etkazib qo'yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo'lmangiz» (“Hujurot” surasi, 6-oyat). Hadisi shariflarda esa: “Eshitgan narsasini gapiraverish kishining yolg'onchiligiga kifoya qiladi”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan.
Mufassirlar oyati karimani sharhlab, keltirilgan har qanday xabarga ishonavermaslikni, agar fosiq kishi biror gap olib kelsa, uni yaxshilab tekshirib ko'rish zarurligini ta'kidlashadi.
Hulosa o'rnida aytish joizki, har bir mo'min-musulmon kishi bunday yolg'on-yashiqlarga, haqiqatdan yiroq gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo'lishi darkor. Shuningdek, to'g'ri axborot olish, uni to'g'ri etkaza bilish bugungi kun kishisining shiori bo'lishi kerak.
Alloh taolo hammamizga insofi tavfiq bersin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati