Imom Kisoiy hikoya qiladi:
«Bir ayolni ko'rib qoldim. U o'g'ilchasini ilm halqasiga borishga undardi. Bolakay borishni istamay qochib, yugurib yurardi. Shunda ayol: «O'g'ilcham boraqolgin, bo'lmasa mana bu cho'ponga o'xshab qo'y boqib yuraverasan», deya menga ishora qildi.
Shunda men o'zimga-o'zim dedim: «Qara, seni bilimsizlik va jaholatga misol sifatida, zarbulmasal ko'rsatilyapsan!».
Keyin bo'lsa, Kisoiy qo'ylarini bozorga olib chiqib sotdida, ilm talabida safarga chiqib ketdi. O'sha vaqtda yoshi qirqda edi.
Shoir qanday to'g'ri aytgan:
Ilmda yutuqqa erishgan u bilan hamisha yashashda davom etadi,
Insonlar vafot etsalarda, ilm ahli hayot bo'laveradilar.
Muhammad Hasan Dedu deydi:
«Qachonki iymon qalblarga chuqur o'rnashar ekan, biron bir bashariy quvvatning uning oldida to'sqinlik qila olishi imkonsizdir. Ana, Fir'avnning sehrgarlarining qalblari qachonki iymon sharobi ila qoplanib to'lgach, Fir'avnni daraxtga xochlab osish yoki qatl etish ila ko'rsatgan tahdididan aslo qo'rqmadilar va albatta dedilar: «Bas, nima hukm qilsang, qilaver. Sen faqat hayoti dunyoda hukm chiqarasan, xolos», (Toha surasi, 72-oyat).
Izoh: Fir'avn o'z qarichi bilan o'lchar edi. U tahdid, azob-uqubat, qiynash, chopish-kesish, o'ldirish bilan odamlarni izmimda ushlab turaman, deb xayol qilardi. Ammo insonning qalbiga haqiqiy iymon kirganida, uning bu choralari zarracha ham ta'sir qilmay qolishini anglamasdi. Uning sobiq sehrgarlari qalbiga ana shunday iymon jo bo'lgan edi. Endi ular Fir'avnning hech qanday do'q-po'pisalaridan qo'rqmasdilar. «Ular: «Biz seni zinhor o'zimizga kelgan ochiq-oydin (mo''jiza)lardan va bizni yaratgan zotdan ustun qo'ymaymiz. Bas, nima hukm qilsang, qilaver. Sen faqat hayoti dunyoda hukm chiqarasan, xolos. Albatta, biz Robbimiz xatolarimizni va sen bizni majbur qilgan sehrni mag'firat qilishi uchun iymon keltirdik. Alloh yaxshi va boqiydir», dedilar». (Toha surasi, 72-73 oyatlar) tafsiridan.
Manba: arabicuz
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shukr etilmas qancha ne’matlar,
Baxtsizlik ostida jim kelarlar.
Allohning ne’matlari uchun Unga shukr va ibodat qilib haqqini ado eting. Suvdan ichishingiz va poklanishingiz uchun ishlating, Quyoshning nuri va issiqligidan rohatlaning, Oyning ziyosidan zavqlaning hamda dengizlar va tabiat manzaralaridan rohat oling va gunohlarni kechiruvchi Zotga shukr qiling. Alloh sizga bergan ne’matlardan foydalaning, lekin zinhor kufroni ne’mat qilib noshukrlik qilmang. Alloh taolo aytgan ushbu toifadan bo‘lib qolmang:
﴿يَعْرِفُونَ نِعْمَةَ اللَّهِ ثُمَّ يُنْكِرُونَهَا وَأَكْثَرُهُمُ الْكَافِرُونَ﴾
“Ular Allohning ne’matini tanirlar, keyin esa, inkor qilurlar. Ularning ko‘plari kofirlardir” (Nahl surasi, 83-oyat).
Ne’matlarni inkor etishdan saqlaning. Atrigulning tikonlariga qarashdan oldin uning go‘zalligiga boqing. Quyosh issig‘idan shikoyat etishingizdan oldin uning nuridan foydalanishingizni eslang. Tun zulmatidan nolishingizdan avval uning tinch va osudaligini yodga oling. Ne’matlarga so‘kinib yomon ko‘z bilan qarashning nima keragi bor?! Ularning belgilangan yo‘lini o‘zgartirish bilan nima foyda topasiz?! Sizga berilgan ne’matlarni go‘zal holda qabul qiling va Allohga hamd ayting!
Shu’la: Xato yo‘ldan to‘g‘ri yo‘lga o‘tish uzoq, ammo juda go‘zal sarguzashtdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan